www.ziyouz.com kutubxonasi
66
uni ham kechiring. Avval shu iltimosimni qabul qilsangiz, keyin maktubni berishga jur’at
etgaymen.
— Iltimosingizni bajonidil qabul qilgaymen!
Shundan keyin Hamida bonu Nizomning maktubini Humoyunga berdi. Maktubda Nizom
Humoyunni «tanti siymo ekanlar» deb maqtagani unga yoqimli tuyulsa ham, ammo
Hamida bonuni «Oftobim» deb muhabbat izhor qilgani, Jamna bo‘yidagi o‘sha sohilda
yana bir uchrashishga chorlagani va to‘ydan gap ochgan joylari to‘satdan rashkini
keltirdi. Humoyun Nizomni avliyo deb yursa, bunaqa shaytonligi ham bor ekan-ku!
Alvardan Hindol mirzoni tezroq chaqirtirgisi kelib sabrsizlangani bejiz emas ekan-da!
Humoyun xatning oxiriga yetgan sari avzoyi o‘zgarib, qoshlari chimirilgani Hamida
bonuni xavotir qildi. Nahotki Humoyun Nizomning taqdiri nima bo‘lganini, bu xat
kimlarning qo‘liga tushib, Hamida bonuga qanday yetib kelganini surishtirib bilmasdan
oldin ikki yoshning orasida bo‘lib o‘tgan bolalarcha musaffo mehrga rashk qilsa?
Humoyun xatni o‘qib bo‘lib boshini ko‘targanda Hamida kuyunib gapirdi:
— Koshki bu xat o‘sha paytda mening ilkimga borib tekkan bo‘lsa! Nobakorlar buni ham
o‘g‘irlagan ekanlar.
— Nechuk? Bu xatni sizga kim berdi?
— Otam...
— A?
Hamida bonu voqeaning tafsilotlarini hikoya qilar ekan, Humoyun Nizomning mana shu
xat tufayli ashaddiy dushmanlari qo‘liga qanday tushib qolganini endi taxmin qila
boshladi. Bu xat Alvarga borgan emas, hamma yovuzlik Agraning o‘zida qilingan.
Hamida bonular Alvardan Agraga qaytgunlaricha Nizom yo‘qolib bo‘lgan. Humoyun uni
bir oy qidirtirib, hech qayerdan topdirolmagach, daryoga cho‘kib ketgan, degan fikrga
kelgan edi. Shungacha Nizomning xatini yashirib yurgan g‘alamislar endi u o‘ldiga
chiqqanidan so‘ng Hamida bonuning ham adabini berib qo‘ygilari keladi. Nizomning
podsholik muhri bosilgan maktubini kechasi qorong‘ida notanish bir kishi Mirbobo
Do‘stning qo‘liga tutqizadi, «qizingni tiyib ol!» deb g‘o‘ldiraydi-yu, g‘oyib bo‘ladi. Mirbobo
Do‘st qo‘ldan qo‘lga o‘tib ezg‘ilangan bu xatni o‘qib, undagi muhabbat izhoridan,
ayniqsa, qizining daryo sohilida begona yigit bilan uchrashganidan darg‘azab bo‘ladi.
Hamida bonuni qiyin-qiynoqlarga soladi. «Dadajon, o‘lib ketgan bo‘lsa arvohini
ranjitmang, menda gunoh yo‘q, u ham bolalarcha, sof muomalada bo‘lgan» deb, Hamida
bonu otasiga yig‘lab izoh beradi. Keyin onasi oraga tushadi. Mirbobo Do‘st xatni yirtib
tashlamoqchi bo‘lganda, xotini, «o‘lgan odamning xotirasi uvol bo‘lmasin, menga
bering!» deb yalinib, xatni undan oladi-yu, sandiq tubiga yashiradi. Aminat yordamida
maktub axiyri Hamidaning qo‘liga tegadi.
Hamida bonu bu voqealarni aytib berar ekan, ko‘zlarida, yosh yiltiradi. Humoyun buni
ko‘rganda boyagi qizg‘anchiq tuyg‘ulari endi o‘ziga ham juda noo‘rin va uyatli tuyuldi.
Nizomning boshiga yomon bir falokat tushganligi, uni Hamida bilan uchrashtirish
bahonasida daryo bo‘yiga olib borib o‘ldirib yuborganlari Humoyunni endi larzaga soldi.
Axir Nizomning taqdiri uchun, avvalo, Humoyun javobgar emasmidi? Tajribasiz yosh
yigitga hokimiyatni bergan u edi-ku? Yaxshilik qilaman deb, uni saroydagi yomon
muhitning qurboniga aylantirganidan qanday bexabar qoldi?
— Ilohim Nizom tirik bo‘lsin, — dedi Humoyun.— U bo‘lmaganda men o‘zim hozir tirik
yurmas edim.
— Balki tirikdir?... Qandoq bilish mumkin? Uning xotirasi siz bilan mening oramda tirik
bir daryodek oqib turibdir. Shuncha kundan beri huzuringizga kelolmaganim — ana shu
daryoni bosib o‘tolmaganim sababli edi, hazratim.
Hamida bonuning qanchalik go‘zal qalbi borligini Humoyun uning mana shu so‘zlaridan
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |