www.ziyouz.com kutubxonasi
64
paytlaringizda har bir istagingiz tez amalga oshardi. Siz qaysi qizni xohlasangiz hech kim
yo‘q deyolmas edi. Qizning ko‘ngliga ham qaralmas edi. Ammo hozir...
Humoyun xijolat tortib:
— Rost, men ilgari... ko‘p narsaga oson yetishib yomon o‘rganganmen, — dedi. — Endi
bu odatni tark etmog‘im kerak.
— To‘g‘ri-da, deb Hindol akasining so‘nggi gapini ma’qul ko‘rdi: — Otdan tushgan odam
egardan ham tushmog‘i lozim.
Shu bilan u akasini Hamida bonu bilan qayta uchrashish fikridan qaytarmoqchi edi. Lekin
Humoyun yana Dildor begimga yuzlandi:
— Men avval qizning o‘zi bilan so‘zlashib, ko‘nglini bilay. Shunga ko‘mak bersangiz bas...
— Xo‘p, bunisiga men rozi, — dedi Dildor begim.— Ertaga o‘zingiz boring.
Ertasi kuni peshin namozidan so‘ng Humoyun yana kema bilan daryodan o‘tib, Hindol
mirzoning qarorgohiga bordi va Dildor begim turadigan kattakon qizil chodirni qidirib
topdi. Begim uni chodir ichida yolg‘iz qoldirdi-da, o‘zi Hamida bonuni chaqirib kelishga
ketdi.
Oradan bir soatlar chamasi vaqt o‘tgandan keyin Dildor og‘acha o‘ng‘aysiz bir ahvolda
yolg‘iz qaytib keldi:
— Hamida kelmadi, — dedi.
— Nechun? Sababini aytdimi?
— Ochiq aytmaydir. Allaqachon bo‘yi yetgan. U tengilar er qilib bolalik ham bo‘ldi. «Sen
ham kimgadir mahram bo‘lishing kerak-ku», desam... «Men ilkimni cho‘zsam, bo‘yniga
yetadigan odamga mahram bo‘lish orzusidamen», deydir. Siz uning uchun juda
balandda emishsiz, ilkini cho‘zsa etagingizga ham yetmas emish.
Bunday gaplarni uncha-muncha qiz ayta olmaydi, Hamida bonu chindan ham aqli
rasolardan ekanini Humoyun shu javobidan sezdi. Ammo so‘nggi gapning mag‘zini
chaqolmay, Dildor og‘achadan so‘radi:
— Kamtarlik qilganimi bu? Meni intizor qilib qo‘yib, yana o‘zini buncha past olganida
qanday ma’no borikin?
— Tushunmadingizmi, hazratim? Axir podsholar o‘z haramlariga nisbatan qo‘l yetmas
balandlikda yurgaylar-ku. Biz ham umr bo‘yi xudo rahmatli otangizning diydorlariga zor
bo‘lib yashaganmiz. Doim davlat tashvishi-yu urush-yurishlar bilan band edilar. Ulardan
bo‘shab haramga yo‘llari tushganda bir emas, to‘rt xotin yolg‘iz erni bir-birlaridan qizg‘a-
nishadir. Ana shunday xotinlarning biri bo‘lib yashash ilik cho‘zganda etagiga ham
yetmaydigan odamga mahram bo‘lish degan ma’noni bildirmaydimi, hazratim?
Hamidaning onasi ham «gulday qizimni xotin ustiga bermagaymen», deb oyoq tirab
turibdir.
Humoyunning ovozi alam bilan titrab eshitildi:
— Ammo suymagan haramim bilan turish men uchun jahannam emasmi, begim? Menga
bu haramning ne keragi bor? Hammasidan voz kechgaymen! Hamida ilkini cho‘zsa
yetadigan xokisor yigitga aylanmoq uchun neki zarur bo‘lsa qilay! Men dunyoga kelib sof
muhabbat naqadar ulug‘ ne’mat ekanini endi bilmoqdamen. Hozir dilim nurday yorug‘
tuyg‘ularga to‘lib turibdi. Bu tuyg‘ular pok bo‘lgani uchun sizga ham tortinmay
so‘zlamoqdamen, hazrat begim! Meni tegirmon toshiday ezib yotgan mag‘lubiyat
alamlari, toj-u taxt armonlari — hammasi hozir xayolimdan uzoqlashdi, xuddi kechib
o‘tilgan botqoqlikdek orqada qoldi! Oldinda esa dunyoning barcha quvonchlarini o‘zida
jam etgan bir istiqbol turibdilar. Bu — Hamida bonu. Ne qilib bo‘lsa ham men bu qizni
yana ko‘rmog‘im kerak. Mehrimni rad etsa ham mayli, faqat sababini o‘zi aytsin!
Humoyunning ehtirosga to‘lib aytgan bu so‘zlari Dildor begimga qattiq ta’sir qildi. Begim
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |