www.ziyouz.com kutubxonasi
61
og‘ir yo‘qotishlar armoni band qilib turadi.
Lekin inisi Hindol mirzoning qarorgohida Hamida bonu degan qizni ko‘rgandan beri uning
kayfiyatida g‘alati bir o‘zgarish yuz berdi. Humoyun ko‘hlik qizlarni ko‘p ko‘rgan. Biroq
Hamida bonuning chiroyli suratidan tashqari, kishini sehrlab oladigan tengsiz bir siyrati
bor edi. Humoyun buni dastavval qizning ko‘zlaridan sezdi.
Humoyun Hindol mirzoning daryo bo‘yidagi qarorgohiga kelganda uni inisidan tashqari
kelinlari Sultonim va o‘gay ona Dildor og‘acha ham kutib olishdi. Shu ayollarning yonida
turgan Hamida bonu o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yganicha Humoyunga bosh egib salom
berdi. Shu asnoda ko‘z ko‘zga tushdi-yu, qizning nigohidagi latif bir harorat
Humoyunning diliga behad iliq tuyuldi. U qizning yuziga kulimsirab tikildi-yu:
— Men sizni avval qayerdadir ko‘rganmen, — dedi.
— Ehtimol, Agrada... Navro‘z kuni...
— Ha, Jamnada, kema sayrida... Hazrat ammam tanishtirgan edilar!..
Humoyun uzoq o‘tmishga aylangan yorug‘ kunlarni eslab og‘ir tin oldi. O‘shandan beri u
Sherxondan yana ikkinchi marta mag‘lub bo‘lib, xonumonidan ayrildi, quvg‘inga uchrab,
chet o‘lkalarga qochib keldi.
Hamida bonu Humoyunga hamdardlik bildirgan kabi:
— O‘sha mas’ud kunlaringiz yana qaytib kelsin, hazratim! — dedi.
Shu tilak aytilgan paytda Hamidaning ko‘zlaridan tushgan iliq nur yigitning ko‘nglidagi
armon-u alamlar soyasini uloqtirib tashlaganday bo‘ldi. Humoyunning dili birdan
yorishib, qizga o‘tli nazar tashladi:
— Iloho so‘zingizga farishtalar omin desin, singlim!
Hindol mirzo Hamida bonu bilan akasining gapi yana cho‘zilsa me’yor buzilishini sezib
betoqat bo‘ldi:
— Qani, hazratim, — deb Humoyunni to‘rga taklif qildi.
Hamida bonu qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib orqaga tisarildi. Qiz bola erkaklar davrasida
o‘tirolmaydi, hozir ketadi. Humoyun esa u bilan shunday shirin boshlangan gapni yana
davom ettirishni istaydi. Qizdagi hamdardlik, ziyraklik va yana allaqanday sehr-u joziba
Humoyunning dil yaralariga malham bo‘ladigandek tuyulardi.
Biroq iffat pardasi ichida yurgan muslima qiz bilan nomahram erkakning me’yordan ortiq
gaplashishi urf-u odatga xilof ekanini dili sezib turardi. Humoyun to‘rga qarab o‘tganda
Hamida bonu Sultonim begim bilan o‘ngdagi pushtirang movut chodirga kirib ketdi.
Humoyun uni yana ko‘rgisi kelar, ko‘zlari beixtiyor pushtirang chodir tomonga ketib
qolardi. Ammo Hamida bonu chodirdan qaytib chiqmadi. Humoyun inisidan uning otini,
ota-onasining kimligini so‘rab oldi. Poygakroqda o‘ltirgan Xo‘ja Muazzam ismli o‘rta
yashar bek:
— Hamida bonu bizga jiyanlar, — deb izoh berdi.
Humoyunning Xo‘ja Muazzamga hurmati oshgandek bo‘lib, uni yuqoriroqqa — o‘zining
yaqinidagi bo‘sh joyga taklif qildi. Xo‘ja Muazzam Hindol mirzoning beklaridan edi,
shuning uchun o‘z valine’matidan ruxsat oldi-yu, keyin Humoyun ko‘rsatgan joyga o‘tdi.
Hindol mirzo bilan Humoyun orasidagi eski kelishmovchiliklar hozir bartaraf bo‘lgan,
chunki endi talashadigan toj-u taxt yo‘q. Hindol mirzo Amir Bahlulni bekor qatl
ettirganini keyin bilgan, yoshlik xatolari uchun akasidan uzr so‘ragan, Humoyun ham uni
kechirgan edi. Bultur Sherxon shimoli sharq tomonda Agraga tahdid solib qo‘shin tortib
kelganda Komron mirzo yana Humoyunga qo‘shilgisi kelmay, o‘n besh ming qo‘shin bilan
Panjobga qaytib ketdi. Hindol mirzo esa Humoyunning yonida qolib, Kanauj degan joyda
Sherxon bilan bo‘lgan urushda qatnashdi. Bu gal Sherxon ortiqcha hiyla ishlatmasdan
yuzma-yuz, dadil olishdi-yu, Humoyunni yana tor-mor qildi, Bayramxon Sherxonga asir
tushdi. Hindol mirzo akasining mag‘lubiyatiga o‘zini sherik hisoblab, og‘ir quvg‘in
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |