www.ziyouz.com kutubxonasi
59
Zarafshon bog‘i chetida Nizom Hamida bonu bilan ilgari uchrashib yurgan joyda hozir
hech kim yo‘q. Lekin undan beridagi chirog‘siz uy ayvonida qandaydir sharpa sezildi.
Hamida bonu chet ko‘zlardan panalab tashlandiq uy ayvoniga kirganmi? Nizom
hayajondan entikib bolalikdan tanish bo‘lgan, faqat hozir huvillab qolgan ayvonga chiqdi.
Shu payt ikki tomondan ikkita bahaybat odam uning ustiga tashlandi. Ulardan biri darhol
Nizomning og‘zini qo‘li bilan bekitdi. Ikkinchisi uning qo‘llarini orqaga qayirib, allakimga:
— Tezroq bog‘la! — deb shipshidi. Bir lahzada uchinchi, to‘rtinchi odam paydo bo‘ldi.
Nizom jonholatda yulqinib, o‘zini u yoq-bu yoqqa tashlab ko‘rdi, ammo biqiniga tushgan
mushtlardan ko‘zi tinib, tanasi bo‘shashdi. Uy ortida usti bekik soyabon arava turgan
edi. Nizomning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, og‘ziga latta tiqib, shu aravaga soldilar. Agradan
janubga — Sekri tomonlarga olib ketdilar. Allaqancha vaqt o‘tgach, yo‘ldan chetga
burilib, o‘siq butalar orasidagi ovloq bir joyda to‘xtadilar-da, Nizomni aravadan
tushirdilar. Kundaday yo‘g‘on o‘rta yashar bir odam:
— Joningdan umiding bo‘lsa, hozir farmon yozursen! — dedi. — Said Xalil janoblarini
darhol zindondan bo‘shattirgaysen!
Nizom gap nimadaligini endi fahmlay boshladi. Boshini «xo‘p!» deganday irg‘adi, og‘zi
bekik bo‘lgani uchun so‘zlay olmadi. Uning og‘zini yechdilar. U o‘qchib yo‘taldi, ko‘zlari
yoshlanib, yerga tupurdi.
— Men... farmon yozishim uchun... qog‘oz-qalam kerak... chiroq...
Soyabon aravadan qorachiroq olib tushib yoqdilar. Uning yorug‘i avval ho‘kiztaxlit
odamning sersoqol yuzini yoritdi. Keyin silliq kiyingan, mo‘ylovi tarashlangan oq sallali
mullanamo yigit Nizomga ro‘para bo‘ldi:
— Ob-bo yalangoyoq saqqo-ey! — dedi bu yigit labini nafrat bilan burib. — Shundoq
buyuk pir sassiq zindonda yotganda, sen jononlar bilan uchrashib aysh-u ishrat
qilmoqchi bo‘ldingmi, a?
Demak, bular Nizomning Hamida bonuga yozgan xatini qo‘lga tushirishgan. Nahotki
Afzalbek uni aldab, bularning tuzog‘iga ilintirib bergan bo‘lsa?
— To‘y tayyorligini ko‘rarmish-a! Mana senga to‘y!..
Oq sallali yigit Nizomning yuziga bir tarsaki urdi. Qo‘li yumshoq, og‘rig‘i uncha bilinmadi.
Ammo Afzalbekka ishonib qanchalik aldanganini, yozgan maktubi Hamida bonuga yetib
bormaganini, boyagi javob xatni qizning nomidan mana shu mullanamo yigit yozganini
birvarakay fahmlagan Nizom tarsakidan ham ko‘ra qilgan xatosidan vujudi qaqshab
o‘kirib yubordi.
Uni tepib, itarib yerga cho‘kkalatdilar, qo‘lini yechib, Said Xalilni zindondan ozod qilish
haqida farmon yozishni buyurdilar. Qattiq bog‘langanidan uvishib, qotib qolgan qo‘llar
anchagacha qalamni tutolmadi.
Sersoqol yo‘g‘on odam mullanamo yigitga qarab:
— Taqsir, o‘zingizning xatingiz yaxshi, — dedi. — Farmonni siz yozing. Shu saqqo imzo
chekib muhrini bossa bo‘ldi.
Mullanamo yigit oq qog‘ozi bor juzdonni tizzasiga qo‘yib, qalamni qo‘liga oldi. Aravani
haydab kelgan ikkinchi yigit unga chiroq tutdi. Ho‘kiztaxlit yo‘g‘on odam esa cho‘kka
tushgan Nizomning ko‘kraklarini paypaslab:
— Muhr bormi? — dedi. — Ha, qo‘ynida nimadir borga o‘xshaydir. Chiqar muhringni!
Endi uni faqat biz istagan farmonga bosursen! Agar aytganimizni qilmasang, o‘liging
mana shu butazorda qolgay! To‘y sen uchun emas, go‘shtingni yeydigan darrandalar
uchun bo‘lgay!
Nizom qo‘ynidagi muhrga xuddi bir chayonni ushlayotganday qo‘rqa-pisa qo‘l urdi. Oltin
qutichadagi podsholik muhri g‘alamislar qo‘lida qancha dahshat-u falokatlarga yo‘l ochib
berishi mumkin! Shu muhr bosilgan qog‘oz bilan bular xazinaga ham tushishadi. Mirzo
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |