www.ziyouz.com kutubxonasi
70
qilib bosib o‘tolmasligini sezadi. Shu bir oy tezroq o‘ta qolsa ekan, deb kun sanaydi-yu,
tashqi olamda bo‘layotgan va o‘zlarining taqdirlariga ta’sir qiladigan voqealarga har
qachongidan ham ortiq bir maroq va iztirob bilan quloq soladi.
Shershoh Panjobni olib, endi janubi g‘arb tomonlarga qo‘shin tortgani, uning lashkari
hozir sakson mingdan ham oshib ketgani Hamida bonuga Hindol mirzoning qarorgohida
bo‘layotgan gap-so‘zlardan ma’lum edi. Humoyunning esa bek-u navkarlaridan anchasi
qochgan, yana bir qismi Komron mirzo tomoniga o‘tib ketgan, hozir Bhakkarda to‘rt
mingga yaqin odami qolgan.
Humoyunning atrofidagi adovat halqasi siqilib kelayotganini, Bhakkardagi Samandar
bog‘i orombaxsh bo‘lsa ham, lekin daryoning o‘rtasida joylashganligi uchun qurshovda
qolishi osonligini Hamida bonu ham sezib xavotirlanardi. Shuning uchun Humoyun o‘z
qarorgohini Bhakkardan janubroqqa — Pothur degan joyga ko‘chirganda Hamidalar ham
Hindol mirzoning odamlari qatorida darhol o‘sha mavzega yo‘l oldilar. Yonidagi qum
sahrosini quruq shabada esib turadigan, sug‘oriladigan yerlarida hurmolardan tashqari
anorlar ham o‘sadigan bu xushhavo mavzeda Humoyun dalv* oyining oxirlarigacha turib
qoldi. Hindol mirzo akasiga yaqin joyga chodir tikkan, Humoyunning balandlikda turgan
xirgoh va borgohlari Hamidalarga yaxshi ko‘rinib turardi.
Filbon La’l Chand qaytishiga va’da qilgan bir oy tugab bormoqda. Kun sanab yurgan
Hamida: «Filbon Bhakkarga kelsa biz yo‘qmiz, topolmay sarson bo‘lib yuribdimi?» deb
iztirob chekadi.
Biroq Pothur La’l Chand o‘tib keladigan Tar sahrosiga Bhakkardan ko‘ra yaqinroq edi. Bu
yerda to‘rt ming odami bilan Humoyun kelib tushganligi atrof qishloqlarda allaqachon
ovoza bo‘lgan. Ana shu ovozalarni yo‘lda kelayotib eshitgan La’l Chand Pothurni tez
topdi. Humoyunning borgohi turgan balandlikka tomon filini qistab haydab o‘tayotganda
Hamida bonu uni ko‘rib qoldi.
Oradan biror soat o‘tar-o‘tmas Humoyunning qarorgohidan Mohim bibi degan o‘ttiz
yoshlardagi juvon Hamida bonuni yo‘qlab keldi. Bu juvonning eri Nadimbek Humoyun
bilan bir onani emgan ko‘kaldosh, og‘a-inidek birga o‘sib eng yaqin mulozimiga
aylangan, Mohim bibi ham shu tufayli podshoga yaqin kelindek bo‘lib qolgan.
— Hazratim iltimos qildilar, hozir biznikiga borar ekansiz.
— Nechun siznikiga? — tushunmadi Hamida bonu.
— U kishining o‘zlari ham biznikiga kelmoqchilar.
Demak, Humoyun inisi Hindolning g‘ashlik qilishini sezib, bu tomonlarga kelmagan.
Hamida onasidan Mohim bibilarnikiga birrov borib kelish uchun ruxsat oldi-da, Mohim
bibi bilan yo‘lga tushdi. Har bir qadamida: «Nizom tirikmikin? Bu yog‘i endi nima
bo‘larkin?» degan savollar xayolidan o‘tib turardi. Mohim bibilarning cho‘g‘day yasatilgan
keng va yorug‘ shomiyonasi to‘rida Humoyun uni kutib o‘tirgan ekan. Hamida bonu
eshikda ko‘rinishi bilan o‘rnidan turdi.
— Qadamingiz qutlug‘ bo‘lsin, Hamida bonu, bu yoqqa marhamat qiling! — deb, o‘ng
tomoniga to‘shalgan zarbof ko‘rpachani ko‘rsatdi.
Hamida bonu tortinib Mohim bibiga o‘girilgan edi, u ham:
— O‘ting, o‘ting — deb, qizni o‘sha zarbof ko‘rpachaga o‘tkazdi-da, — men hozir! — deb,
orqasi bilan yurib chiqib ketdi.
Ikkovlari qolganda Humoyun Hamidaga to‘rt buklangan bir varaq qog‘ozni berdi:
— La’l Chand olib kelgan maktub. O‘zingiz bir o‘qing!
Hamida bonu oyoqlarini taqimi ostiga yig‘ib odob bilan o‘ltirgan kuyicha maktubni titroq
qo‘llar bilan ochdi. Nizomning dastxatini taniganday bo‘ldi.
— Nahotki? — deb avval xatning tagidagi imzoga qaradi. «Nizom» degan imzoni
ko‘rgach, — xayriyat, tirik ekan! — deb entikdi.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |