www.ziyouz.com kutubxonasi
23
notinch, o‘zaro urushlar, qaroqchilar... Hazar dengizidan Idil* orqali Moskoviya
mamlakatiga yetib borgunimcha uch yil o‘tdi. Qimmatbaho savg‘olardan ayrilib abgor
bo‘ldim. Faqat Bobur hazratlari yozgan maktubni jon o‘rniga asragan edim, alqissa,
Moskoviya podshosiga eltib topshirdim.
Xo‘ja Husayn bir uh tortdi-yu, boshini xam qilib davom etdi:
— Moskoviya taxtiga ulug‘ kiniyaz* Vasiliy Ioannovich degan kishi o‘ltirgan ekan. Mening
xarob ahvolimni ko‘rib Hindiston podshosining elchisi ekanimga uncha inonmadi.
— Maktubni o‘qisa muhridan ham bilishi mumkin edi-ku? — hayron bo‘lib so‘radi
Humoyun.
— Ne til bilan aytay, amirzodam, maktubning muhr bosilgan joyi ham uch yil davomida
hilvirab tanib bo‘lmas ahvolga tushgan edi. Moskoviya podshosi esa Bobur hazratlarining
Hindistonga podsho bo‘lganlaridan mutlaqo bexabar ekan. Ikki oradagi masofalar
shunchalik uzoq, bordi-keldi yo‘q. Hindistondan Moskoviyaga borgan birinchi odam men
ekanman. Shohona sovg‘alarimni yo‘lda qaroqchilarga oldirib qo‘yganim uchun Erondan
mayda-chuyda mol olgan edim. Ular Hindiston moli o‘rniga o‘tmadi. Alqissa, Moskoviya
podshosi aytdiki, ehtimol, sen bir sayyohdirsan, Bobur — podshomi yoki podshoning
xizmatidagi odammi — bizga ma’lum emas, shuning uchun biz unga o‘z elchimizni
yubora olmaymiz, ammo Hindiston bilan Moskoviya orasida sen kabi sayyohlar borib-
kelib tursalar, biz unga tarafdormiz.*
Said Xalil Xo‘ja Husaynning elchilikni eplay olmaganidan quvonganday labini burib:
— Ana xolos! — deb qo‘ydi.
Bu so‘zlardagi istehzoni sezgan Xo‘ja Husayn Humoyundan himoya istab gapirdi:
— Lekin men Moskoviyadan natijasiz qaytganim yo‘q, hazratim! Moskoviya xalqi orasida
bizning ellarni ko‘rgan odamlar ham bor ekan. Ular mening elchi bo‘lib borganimga
ishondilar. Podsholaridan ko‘rmagan izzat-ikromni mana bu Matvey Kalitinga o‘xshash
yaxshi rus kishilaridan ko‘rdim!
Xo‘ja Husayn shunday deb orqasiga o‘girildi va qo‘lqopli o‘ng qo‘liga chiroyli qarchig‘ayni
qo‘ndirib turgan qo‘ng‘irsoqol odamni ko‘rsatdi.
Xo‘ja Husayn shimol sovuqlarida shamollab, elchiligi natija bermaganidan ezilib kasal
bo‘lib yotganda mana shu odam uni so‘roqlab keladi. Savdo karvonlari bilan sayohat
qilishni yaxshi ko‘radigan Matvey Kalitin bundan yuz yillar oldin Hindistonga kelib ketgan
Afanasiy Nikitinning ixlosmandi edi. Uning qo‘lida Afanasiy Nikitinning Hindiston safari
haqidagi kundalik daftaridan ko‘chirilgan qo‘lyozma kitob bor edi. Matvey Semyonovich
bu kitobni qayta-qayta o‘qigan, unda uchraydigan ba’zi turkiycha va forsiy iboralarni
tushunmasa ham, Afanasiy Nikitin qalamga olgan yurtlar tasviriga nihoyatda qiziqib
yurar edi. Karvon bekatida kasal bo‘lib yotgan Xo‘ja Husayn hindistonlik ekanini eshitgan
Matvey uni o‘zining uyiga olib ketadi, unga ayiq o‘tidan tayyorlangan dorilar ichirib
davolaydi. Xo‘ja Husayn Matvey Semyonovich Kalitinning yurti Muromda uch yil qolib
ketadi. U bilan xizmatkoriga muromliklar o‘rmon chetidan yog‘och uy qurib beradilar, uni
«Baburin posol», ya’ni «Boburning elchisi» deb hurmat qiladilar. Bora-bora Xo‘ja Husayn
ruslar orasida Baburin degan familiya bilan taniladi. U xizmatkori bilan o‘rmon chetida
turadigan joyga «Baburinskiy xutor» degan nom beriladi. Matvey Semyonovich bilan
Xo‘ja Husayn bir-birlarining tillarini o‘rganishadi. Daryo yo‘li bilan Novgorod orqali Qozon
xonligiga borib, tijorat qilishadi va Hindiston safari uchun mablag‘ yig‘ishadi. Ko‘p xavf-u
xatarlarni boshdan kechirib, nihoyat, agraga kelishadi.
Humoyun bu gaplarni eshitgandan so‘ng Xo‘ja Husaynning hamrohi bo‘lgan qo‘ng‘irsoqol
barvasta Matvey Semyonovichga qiziqib qaradi. Kalitin charm qo‘lqop kiygan, qo‘lidagi
bo‘z qarchig‘ayning ko‘zlari yupqa charm niqob bilan to‘sib qo‘yilgan. Yon eshikdan
podsho qushchisi ham o‘ng qo‘liga qo‘lqop kiyib chiqdi. U qarchig‘ayni mehmonning
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |