www.ziyouz.com kutubxonasi
21
mamlakatning bir o‘lkasini ikkinchisiga qarshi urushtirish harakatidalar. Biz ular
sotayotgan qurollar bilan bir-birimizni qirib tashlasak, keyin Hindiston ularning
tasarrufiga o‘tishi oson bo‘lg‘ay! Ammo bunday shum niyat bilan qurol sotgan farangilar
bilsinlarki, ular olib kelgan to‘fanglar axiyri o‘zlariga qarshi otilg‘usidir!
Alvaro Pakavira bu gaplardan talvasaga tushib, qora shlyapasini yana bir marta pastga
sermaganicha ta’zim bajo keltirdi:
— Hazrati oliylari, farangilar orasida shum niyatlilalir ham yo‘q emas, siz buni
donolarcha payqabdursiz. Ammo biz siz tomoningizda turib ana o‘sha shum niyatlilar
bilan jang qilishga tayyormiz! Chunki sizning payg‘ambaringiz Muhammad alayhissalom
Qur’oni sharifda bizning muqaddas kitobimiz Injilni ehtirom bilan tilga olmishdir. buni
davlatingizning diniy peshvolaridan Said Xalil janoblari ham tasdiqlashlari mumkin.
Pakavira Said Xalil tomonga olazarak bo‘lib qarab qo‘ydi. Saidning qo‘li uzun yengi
ichidan ko‘rinmas, ammo barmoqlari bilan tasbeh o‘girib o‘ltirgani yeng uchidan chiqib
turgan yirik marvarid donalarining sekin siljiyotganidan bilinar edi. Bu marvarid tasbeh
uch kun burun Said Xalilga Pakavira tomonidan in’om etilganini Humoyun xufiyalarning
kechagi ax-borotida o‘qigan, «taqsirimning qimmatbaho javohirlarga o‘chligini farangilar
ham bilib qolibdir-da», deb o‘zicha ajablangan edi. Hozir esa Humoyun Said Xalilga
Pakavira tushunmaydigan turkiy tilda savol berdi:
— Taqsir, g‘ayridinlar ilkidan olingan in’om sizdek tabarruk zotga joizmikin?
Humoyun Said Xalilning qo‘lidagi marvarid tasbehga ma’noli qilib qaradi. Said Xalil siri
fosh bo‘lishidan cho‘chib, tasbehni darhol yeng ichiga yashirdi-yu, tomoq qirib:
— Hazratim, nasoralar* g‘ayridin bo‘lsalar ham, bir holda, bizga majusiylardan ko‘ra
yaqinroqdir, — dedi.
— Sabab?
— Sababki, majusiylar o‘nlab xudolarning haykallarini yasab, ularning hammasiga
sig‘ingaylar. Qaysi ulusning xudosi ko‘p bo‘lsa, unday ulusda yakdillik bo‘lmagay,
mamlakat hamisha parokandalikdan azob tortqay. Ammo nasoralar ham biz kabi bir
xudoga sajda qilurlar. Iso alayhissalomga sig‘inurlar. Muhammad alayhissalom o‘z
ummatlariga murojaat etib deydilarki, «Iso va Muso payg‘ambarlardan ajralmanglar,
imonda doim birga bo‘linglar».
Pakavira forsiy tilda bu gaplarni eshitganda qaddini tiklab, ko‘krak kerib, atrofiga
g‘olibona nazar tashlay boshladi. U eng mo‘tabar elchilar qatorida shohnishinga yaqin
o‘ng tomondan joy ko‘rsatilishini va bugungi daryo sayriga podsho bilan bir kemaga
chiqishni mo‘ljallab turibdi.
— Taqsirim, — dedi Humoyun shayxulislomga. — Mehmon imon jihatdan samimiy
bo‘lsa, bizdan ham samimiy ehtirom ko‘rgay. Nek niyat bilan kelgan bo‘lsa, biz ham
unga yaxshilik qilaylik. Janob Turdibek, farangistonlik mehmonga kimxob to‘n in’om
etilsin.
— Bosh ustiga, hazratim!
Kimxob to‘n Pakaviraning yelkasiga tashlangach, Humoyun so‘zida davom etdi:
— Bog‘da xizmat qiluvchi mulozimlarga buyuring, tillakori tolorda janob Pakavira uchun
maxsus dasturxon yozib, navro‘z ne’matlaridan ziyofat bersinlar!
Alvaro Pakavira yelkasidagi kimxob to‘ndan terga botib ko‘shkdan tashqariga chiqar
ekan, daryoda chayqalib turgan kemalarga endi alamli nazar tashladi. Uning bu yerga
kelishdan maqsadi — bir amallab Humoyunning pinjiga kirish, podsho kemasida eng
nufuzli a’yonlar bilan birga sayr qilish, ulardan tanishlar orttirib, poraga uchadiganlarini
qo‘lga olish edi. Lekin Humoyun unga mana bu og‘ir to‘nni kiydirdi-yu, ruxsat berib
yubordi. Endi Pakavira huvillagan bog‘da bir o‘zi kema sayriga munosib ko‘rilmagan
uchinchi darajali mulozimlar orasida yeydigan ziyofati tomog‘idan o‘tadimi? Humoyun
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |