www.ziyouz.com kutubxonasi
17
«Tadbiq etgani shumi?!» degan achchiq e’tirozni Said Xalil hozir navro‘z namoyishida
borayotib o‘z ko‘nglidan o‘tkazdi. Humoyun katta bobosidan ibrat olib tartib bergan o‘n
ikki tabaqani boshqarish juda qiyin bo‘ldi. Shundan so‘ng har uch tabaqani bir sohaga
birlashtirib, to‘rtta vazorat tashkil qildi. Buni ham tabiatdagi to‘rt unsur — olov, havo,
tuproq, suv kabi «anosiri arbaaga monand» deb ta’rifladi. Birinchi vazorat boshlig‘ini
«sarkori otash» deb atadi. Unga barcha to‘p-u to‘pxonalar, qurol-yarog‘ va harbiy ishlar
qaraydi. «Sarkori havoyi» deb atalgan vazir saroy ta’minotiga, oshxona, sayisxona*,
kiyim-kechak ishlariga mutasaddi. «Sarkori obi» — ariq qazish va sug‘orish ishlarini
boshqaradi, sharbat, chog‘ir va boshqa ichimliklar tayyorlaydi. «Sarkori xoki» (ya’ni,
tuproqboshi) — ziroat, dehqonchilik va imoratsozlik kabi sohalarga javobgar.
Humoyunning farmoniga binoan, bu to‘rt vazoratning odamlari kiyinishda ham bir-
birlaridan farq qilishlari lozim, toki bir qarashda ularning qaysi sohadan ekanligini
ajratish mumkin bo‘lsin. Uning o‘zi esa haftaning ma’lum kunida osmondagi biron
sayyoraning rangiga va qiladigan ishining mazmuniga mos kiyinishga harakat qilardi.
Nuri ko‘kish Zuhra yuduziga nisbat berilgan dushanba kunida Humoyunning kiyimida
moviy va yashil ranglar ustun bo‘lardi. Seshanba kuni Humoyun uchun qizg‘ish nurli
Mirrix yulduzining kuni. Seshanbada uning qabuliga amiri g‘azab nomini olgan hibsxona
boshlig‘i va jallodlar sarkori og‘ir jinoyat qilgan aybdorlarni olib kiradi. Humoyun ularning
eng ashaddiylarini qatl ettiradi.
Tabiatga qiyosan joriy etilgan «Qonuni Humoyuniyni» «shoirona did bilan qilingan
kashfiyot» deb maqtab yurganlar oz emas. Ayniqsa, osmon timsolida birinchi o‘ringa
qo‘yilgan ahli davlat vakili Bayramxon yangicha tartibdan juda mamnun. Ammo Said
Xalil kabi ruhoniylarning alami cheksiz. Axir osmon ilohiyot makoni emasmi? Ilohiyot ilmi
bilan shug‘ullanuvchi ulamolar, saidlar osmon ramzi bo‘lgan oliy tabaqaga kirishlari
kerak ediku. Xondamir «oliy kashfiyot!» deb maqtagan «Qonuni Humoyuniy» Said Xalil
boshliq ruhoniylarga shaytoniy bir o‘yinday, quruq xayolparastlikday tuyuladi. Sarkori
havoyi emish! Osmonda tutqich bermay yuradigan havoga kim sarkolik qila oladi? Mirrix
yulduzi qayoqda-yu, podsho kiyadigan kiyimning rangi qayoqda?!
Bu tajang o‘ylar ta’sirida shayxulislom Laxo‘rdagi Komron mirzoni va sharqdagi
Sherxonni iliq bir xayrixohlik bilan esladi. Komron akasi Humoyunni pisand qilmasligi
Said Xalilga ko‘pdan ma’lum. Komron pok musulmonchilikni mahkam tutadi.
Humoyunga o‘xshab, majusiylarga yon bosmaydi. Bayramxon kabi dahriylarni to‘rga
chiqarmaydi. Komronning mana shu xususiyatini bilgan Said Xalil oraga ishonchli
odamlarni qo‘yib, u bilan allaqachon maxfiy aloqa o‘rnatgan. Humoyun uzoq viloyatlarga
ketganda Komron mirzoga shoshilinich xufiya yuborib, Laxo‘rni tezroq egallashga
undagan diniy peshvo — Said Xalil. Komron uning aytganini qildi-yu, Kobulga Panjobni
qo‘shib olib, akasidan zo‘rroq bo‘ldi. Endi agar sharqda Sherxon bosh ko‘targani rost
bo‘lsa, Humoyun otda bir oylik yo‘l bo‘lgan Bixarga qo‘shin tortib ketishi aniq. O‘shanda
Said Xalil Komron mirzoga yana bitta yashirin maktub yozib, «Agrani egallash payti
keldi», deydi. Shunda Komron mirzor Hindiston taxtiga chiqsa, Said Xalildan umrbod
qarzdor bo‘ladi, uning chizgan chizig‘idan chiqmaydi.
«Qonuni Humoyuniy» ham va bugun Said Xalilning alamini keltirayotgan boshqa
narsalar ham bir zarba bilan nest-nobud bo‘ladi.
Fil minib borayotgan podsho odamlarga juda qudratli ko‘rinsa ham, aslida uning
hokimiyati ichdan zil ketib zaiflashib qolganini, Humoyun taxtdan ag‘darilishi
muqarrarligini Said Xalil zimdan sezadi va bu hodisani qo‘lidan kelganicha tezlashtiradi.
___________
* M u n i r — yorug‘ yuz, yorug‘lik.
* S a y i s x o n a — otxona.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |