www.ziyouz.com kutubxonasi
77
hamkorlikka chaqirish uchun elchilar yubordilar. Hazrati Ali qurolsiz yuzma-yuz turib,
haqiqiy niyatlarini nima ekanligiii bilib olishlari uchun ular bilan uchrashishlikni ixtiyor
etdilar. Basraliklar qo‘shini oldida hazrati Zubayr urush qilmoqqa moyil ekanliklarini
bildirib, qurollangan hodda adl qomat-la turardilar. Hazrati Ali Zubayr tomonga qarab
qilich ham taqmay, sovut ham kiymay, oddiy kiymda yurdilar. Borib qarasalar, Talxa
hazratlari ham mukammal qurollangan hollarida tayyor turibdilar. Har ikkalalarining
oldilariga borib ularga qarab: «Umrimga qasamki, sizlar otlarni, odamlarni jangga tayyor
holga keltirib qo‘yibsizlar. Biroq qiyomat kuni Olloh subhona oldiga borganingizda unga
aytadigan uzrlaringizni ham tayyorlab qo‘ydingizmi? Ollohdan qo‘rqinglar, bunday
bema’ni urushga bel bog‘lashdan tiyilinglar. Sizlar o‘zi avvalda mahkam etgan
arqonni o‘zi chuvab tashlaydigan kimsa kabi bo‘lmanglar. Zero, mana shu buyuk
Islom jamiyatini barpo etishda o‘zingizning benihoya xizmatlaringiz singgan. Endilikda
esa uni parchalab tashlovchi kishilardan bo‘lib qolmanglar. Sizlarni tutayotgan ushbu
ishlaringiz Islom jamiyatini qismatga qadar birlasha olmaslik fitnasiga giriftor etmasun,
o‘zimizdagi ichki adovatga barham bermasak, tezda bizni tashqi dushmanlar mag‘lub
etajak. Mana shunday mag‘lubiyat amaliga uchramasligimiz darkor. Aks holda biz ichki
tortishuvni bir yoqlik qilmay o‘zaro birodarkushlik olovini yoqib yuborsak, kelajak
avlodlarimiz uchun g‘oyatda katta xiyonat qilgan bo‘lamiz. Kuch faqat birlikdadur. Qaysi
millat birligini yo‘qotsa, o‘sha millat kelajagi uchun qayg‘urmagan bo‘ladi. O’ziga
halokatni lozim etib olgan bo‘ladi. O’rtadagi kelishmovchiliklari-mizni o‘zaro kelishib
Ollohning ulug‘ kitobiga hamda Ollohning muborak payg‘ambarining ko‘rsatgan yo‘llariga
amal qilgan holda bartaraf etmog‘imiz darkor», dedilar.
Hazrati Alining gaplarini tinglab turgan hazrati Talxa Aliga qarab: «Siz Usmonga
qarshilar tomondasiz, Usmon qotillariga la’nat bo‘lsun!» — dedilar. Keyin hazrati Ali
Talxaga qarab: «Menga bay’at etgan edingiz-ku?» — dedilar. Bunga javoban Talxa:
«Men majburan bay’at etgan edim»,— dedilar. Hazrati Ali Zubayr qalblarini
yumshatadigan narsalarni eslatib shunday dedilar: «Bir kuni Rasululloh hazratlari bilan
bani G’anam mahallasidan birga o‘tib ketayotganimizda Rasululloh menga tabassum
qildilar. Shunda men ham u zotga qarab tabassum etdim. Keyin siz u janobga «Abu
Tolibning o‘g‘li gerdayishni tashlamaydi-ya», dedingiz. Rasululloh hazratlari so‘zingizni
tinglab turib sizga, u aslo gerdaygan emas, albatta siz unga zolim bo‘lmagan holda qitol
urush etasiz» deganlari esingizdami? Zubayr Alining gaplaridan keyin qalblari yumshab
ahdlaridan qaytdilar. U kishi, men Aliga qarshi urishmoqchi emasman, deb qasamyod
etardilar. Xususan, Ammor ibni Yosir hazrati Ali bilan birga ekanliklarini bilganliklaridan
so‘ng butunlay shahdlaridan qaytdilar. Chunki Rasululloh hazratlari Ammorga qarab
«Sizni zolim guruhlar o‘ldiradi» degandilar. Hazrati Zubayr bu xabardan ogoh edilar.
Zubayr xato qilganliklarini sezgandek bo‘ldilar. Zero, u kishi Olloh uchungina amal
qiladilar. Har vaqt Olloh uchun qilingan amal haqiqatga qaytuvchiroq, to‘g‘ri yo‘lni
topguvchiroq bo‘ladi. Shundan keyin hammalari bir-birlarini tushungan holda o‘z
qavmlarini oldiga qaytib ketdilar. Barchalari endi albatta, sulhga kelinadi degan ishonch
bilan tarqalishdilar. Lekin Alining dushmanlari fursatni g‘animat bilib tunda xoinona ish
yuritishga, qanday bo‘lmasun ikki toifa o‘rtasiga nifoq solib urushtirib yubormoqlik
harakatini boshladilar. Bunda asosiy ishni «Yamanlik yahudiy ibni Sabo’ bajardi. Tunda
bir necha kishilarga xoinona nayza sanchib o‘ldirildi. Birdan to‘s-to‘polon ko‘tirilib ketdi.
Hech kim jangni kim boshlagani va nayza qaerdan kelib sanchilayotganini ham
bilolmasdi. Tundagi to‘polonda ikki toifa bir-biriga aralashib ketishganidan kim-kimni
o‘ldirayotgani, dushmanimi yoki birodarini — bilolmasdi.
Hazrati Ali shovqin-suronni eshitib olishuv bo‘layotgan joyga bordilar va odamlarga
qarab: «Ey odamlar, tinchlaninglar, tinchlaninglar!» deb qattiq ovozda qichqirdilar.
Xulafoi roshidiyn. Rizouddin ibn Faxriddin
Do'stlaringiz bilan baham: |