227
ANUSHTEGINIYLAR DAVRIDA TANGA ZARB QILISH MARKAZLARI
Ismoilov Sh.Z., Xorazm Ma‟mun akademiyasi
tayanch doktoranti, ishohruxmirzo@gmail.com
XII-XIII asr Xorazmshohlar davlatining pul muomilasi tarixi hali tadqiq qilinmagan
hodisalar va ochilmagan sirlarga to‘la. Anushteginiylar sulolasi Xorazmda o‘z hukmronligini
o‘rnatgach, ketma-ket olib borilgan muvaffaqiyatli urushlar natijasida
juda ulkan hududlarni
egallab olinadi. Bunday katta siyosiy g‘alabalar asosida esa, mustahkam iqtisodiyot bo‘lmasligi
mumkin emas edi. Anushteginiylar Xorazmda hokimyatni egallab olishgach, tanga-pul tizimi
tubdan o‘zgartirishmadi. Biroq, oldindan mavjud bo‘lgan pul tizimiga o‘z an‘analariga mos
ravishda ba‘zi o‘zgartirishlar kiritishdi. Fors ko‘rfazidan Dashti Qipchoq dashtlarigacha,
Tyanshan tog‘laridan Ozarbayjon va Kichik Osiyogacha bo‘lgan ulkan imperiya hududida bir
nechta yirik shaharlarda tanga-pul zarb qilish markazlari bo‘lganligi tabiiy hol. Ularni aniqlash
esa, Anushteginiylar davlati tarixini o‘rganishning dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi.
Tarixiy manbalarda xorazmshohlar nomiga tanga zarb
etilgan barcha shaharlar
koʻrsatilmagan. Аmmo, topilgan tangalarning oʻzidagi yozuvlardan kelib chiqib, quyidagi
shaharlarda xorazmshohlar nomiga tangalar zarb qilinganini bilib olamiz: Movarounnahr
hududida- Samarqand, Buxoro, Barob (Farob, Oʻtror), Xoʻjand (Oʻzgand), Termiz,
Chagʻoniyon, Vaxshda, saljuqlar va gʻuriylarning viloyatlarida - Balx, Bomiyon, Gʻaznon,
Gʻoʻr, Guruzuvon, Zamindovar, Yovmur, Qunduz, Marv, Niso, Nishopur, Peshovar, Tolaqon,
Farvoon (Parvon) Shofurkon va boshqa hammasi boʻlib, 30 ga
yaqin viloyat shaharlarida
xorazmshohlar nomiga tangalar zarb etilgan [З.Буниятов. 70]. Аyniqsa, Takashning oʻgʻli
Аlouddin Muhammad davrida bunday tangalarning jugʻrofiy hududlari kengaygan. Sulton
Jaloliddin 623 (1226) yilda Tiflis hamda Sharqiy Gurjistonni fath etganida, bu yerlarda oʻz
nomidan tangalar zarb eta boshladi. Tiflis shahri olingan vaqtda malika Rusudan xazinasi sulton
Jaloliddin qoʻliga tushgach, u malika Tamar, Georgiy Lasha va Rusudan nomlariga chiqarilgan
tangalarga oʻz nomini yozdirib, qaytadan chiqardi [Капанидзе. 68-73].
Buyuk saljuqiylar davlatida oltin dinorlar zarb qilinar edi. Gʻaznaviylar kabi, saljuqiylar
ham oltin dinor ogʻirligini turli misqollarda chiqarar, aholi buni bilar edi. Dinorlar ogʻir,
yengilligiga qarab, turlicha atalardi. Saljuqiylar zamonida asosiy zarbxona Nishopur (Naysabur)
dinorlari ancha yuqori sifatli (92-98 foiz sof oltindan) edi [Ходжаниязов. 68-88]. Saljuqiylarga
tobe boshqa baʻzi yirik shaharlarda ham yuqori sifatli dinor chiqarilardi. Qizigʻi shundaki,
yuqori sifatli oltin dinorlar bilan sof kumush aralash oltin dinorlar birday muomalada boʻlar,
ammo, sof dinorlar qimmatbaho mollarni olishga sarflanardi. Dirhamlar avvallari kumush va mis
aralashmasidan tayyorlanardi, ba‘zida misning oʻzidan zarb etilar edi. Sulton Sanjar davlatining
zaiflashgan ikkinchi davrida sifatsiz kumush va oltin suvi yugurtirilgan dinorlar va mis dirhamlar
zarb etilgan. Gʻuriylar yuqori sifatli oltin dinorlar zarb qilar edilar. Аlouddin
Muhammad ibn
Takash gʻuriylar xazinasini qoʻlga kiritganida sof oltin dinorlar bor edi. Gʻuriylarning eng
soʻnggi dinorlarida ham oltin 98-99 foizni tashkil etardi. Rukniddin chiqargan sof oltin dinorlar
rukniy, Gʻiyosiddin chiqargan dinorlar gʻiyosi-gʻuriy deb atalardi [Давидович. 59-60].
Gʻuriylar oltin, kumush, billoniy va mis tangalar zarb qilganlar. Аlouddin Muhammad ibn
Takashga qoraxoniylardan qolgan xazinada oltin dinorlar, kumushlangan mis dirhamlar va
falslar bor edi. XII asrning ikkinchi yarmida kumush taxchil boʻlib qolgan vaqtlarda
228
kumushlangan mis dirhamlar qimmatini davlat majburiy belgilab qoʻygan edi. Аlouddin
Muhammad bin Takash davrida ham shunday tangalar muomalada edi. Hijriy 610 (mil. 1213-14)
yildan boshlab, Samarqandda Muhammad ibn Takash nomi bilan
kumushlangan mis dirhamlar
zarb etildi. 610-612 (1213- 1218) yillarda Buxoroda ham sulton Muhammad nomiga shunday
tangalar zarb etilgan. Tilla va kumush tanga pullar muomalasida Sulton Muhammad avvaldan
qolgan anʻanaga qarab ish tutdi. Hatto tangalarda sosoniylar davridagi toj va otliq shakli
saqlandi. Kumushlangan mis dirhamlar ikki xil qiymatda chiqarilishi savdo ishlarida qulaylik
tugʻdirgan edi. 1219-20 yillarda Termiz va Chagʻoniyonda ham shunday, ikki xil qimmatdagi
tangalar zarb etilgan. Oʻsha zamonlarda ham kumushlangan mis tangalarni keragidan koʻp
chiqarib yuborilishi inflyatsiyani - pul qadrsizlanishini keltirib chiqargan [C.Cабурова. 61-68].
Xorazmshoh oʻz davlatini kengaytirgan vaqtlarida avvalgi hukmdorlarni sulolalari zarb etgan
dinor va dirhamlarni ham muomalada qoldirdi. Saqlanib qolgan xazinalardagi
oltin tangalar
tarkibi shundan dalolat beradi. Bu xazinalarda xorazmshohlarning tangalari bilan birga
gʻuriylar, qoraxoniylar, saljuqiylar sultonlarining tangalari ham uchraydi. Yana bir qiziq
maʻlumot: Аlouddin Muhammad davrida butun oltin tangalar bilan birga yarimta tangalar ham
uchrashi - iqtisodiy siyosatda oltin ogʻirligi, qimmati oʻzgarib turganini koʻrsatadi.
Moʻgʻullar istilosi davrida, tabiiyki,
badavlat odamlar, hokimlar, vazirlar, tilla
tangalardan iborat xazinalarini barcha shaharlar va qishloqlarda koʻmib yashirganlar. Moʻgʻul
bosqinchilari yashirilgan xazinalarning koʻpchiligini topib olganlar. Аmmo, ancha-muncha
xazinalar asrlar davomida topilmay, koʻmilganicha qolib ketgan. Bunday xazinalarning topilishi
XII-XIII asrlarda iqtisodiy hayotni oʻrganish uchun qimmatli maʻlumotlar beradi. Baʻzi
xazinalarda ilgari zarb etilgan oltin tangalarning moʻgʻullar davrida chiqarilgan oltin tangalar
bilan birga topilishi - moʻgʻul hukmdorlari ham avvalgi podshohlar zarb etgan tangalarni
bekor qilmay, muomalaga kiritganidan dalolat beradi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkin-ki, bugungi kungacha Anushteginiylar davlatida tanga
zarb qilish markazlari bo‘yicha tadqiqotlar nihoyasiga yetkazilmagan.
Hozirgacha aniqlangan
markazlar ro‘yxati esa faqat tangalar yordamida tuzib chiqilgan bo‘lib, ular qo‘lyozma manbalar
yoki hujjatlar yordamida izohlanmagan. Bu esa o‘z navbatida mazkur yo‘nalishdagi tadqiqot
ishlarida dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Adabiyotlar:
1. Давидович Е.А. Золотов денежном хозяйстве Средней Азии IX-XVII вв. – Ближный и
Средний Восток: Товарно-денежные отношения при феодализме. – М., 1980.
2. Давидович
Е.А.
Нумизматические
материалы
для
хронологии
и
геммологиисреднеазиатскихКараханидов. – Нумизматический сборник. – М., 1957.
3. Ходжаниязов Т. Денежноеобращение в государстве Великих Сельджуков (по
даннымнумизматики). – Ашхабад, 1977.
4. Капанидзе Д.Г. Грузинская нумизматика. – М., 1955.
5. Сабурова С. Ануштагин – Хоразмшоҳлар даврида Хоразм (1097-1231 йй.). Марказий
Осиѐни тадқиқ қилиш француз институти. – Т., 2008.
6. Буниятов З. Государство хорезмшахов-Ануштегинидов 1097 - 1231 гг. – Баку: Элм,
1999.