E-ha, gap bu yoqda ekan: bugun uchinchi marta sevib qolgan boʻlsa, ayriliqdan boʻzlashlari kamida
ikkita muhabbat bilan bogʻliq chiqadi, eʼtirozda sal oshirib yuboribman-da, esiz! Hali bu taassufim
rostmana anglanib ulgurmasdan oxirgi banddagi mana bu satrlarni oʻqib, eʼtirozimga umuman oʻrin
yoʻq ekan-ku, deb oʻyladim:
Ahad yasholmaydi sevgisiz, kuysiz,
Yoshlik – beboshlik-da, nima ham deysiz,
Qizlar chiroyli-da, koʻrib qaraysiz…
Toʻgʻri-da, sevgisiz yashay olmasa, yoshlik – beboshlik boʻlsa, chiroyli qizlar tugamasa – ayriliqdan
boʻzlovchi yana qancha sheʼrga material kerak oʻzi!
Jiddiy aytsam, “misli koʻrilmagan buyuk” deb
oʻylaganim muhabbat parchalanib, uqalanib ketdi. Bunaqa ushoq muhabbat bilan bogʻliq ayriliq
ham asl sheʼriyatning obʼyekti boʻlolmaydi, sababini “eshagiga yarasha tushovi” naqlidan orttirib
izohlash mushkul. Ushoqligi bois bunday muhabbat qalbni tozartirishu yuksaltirishga ojiz, shundan
u nafratu alamzadalikka osongina taslim boʻladi:
Oʻzganing bagʻrida sen baxtdan kulsang,
Men esa yurakda nafrat sanayman.
Beixtiyor savol tugʻiladi: taqdir ayirganidan soʻng shunday nafratga sazovor yor chindanam
sevilganmi? Lirik qahramon dilidagi tuygʻu chindanam muhabbat edimi? Sheʼr oxiridagi mana bu
misralarni oʻqiganda, bu shubhalar yanada kuchayadi:
Azizim, aslida dardim yoʻq meni,
Sevgi dunyosida baxtim koʻp meni,
Sevasanmi, yoʻqmi Ahadga farqsiz –
Oshiqlar ichida qadrim koʻp meni.
Mazkur misralarni oʻqiganda lirik qahramon yoridan koʻra koʻproq oʻzini sevadigandek tuyuldi.
Qarang, “aslida dardim yoʻq” degan daʼvosiyu “sevgi dunyosida baxti koʻp”ligidan faxr etishi bilan
yoriga “koʻrib qoʻy, sensiz ham oʻlib qolmadim” deyayotgandek koʻrinmayaptimi?! Keyingi ikki
misrada esa alamzadalik yanada ochiqroq ifodasini topgan. Oʻziga muhabbati balandligidan lirik
qahramon eng avval yorini aybdor hisoblaydi – shunday oshiqni qadrlay olmagan-da! Yaʼni u
muhabbatidan ayrilganiga emas, koʻproq oʻzining nafsoniyati ogʻringaniga kuyadi, alami kuchidan
“oʻlganning ustiga tepgan” qabilida yorga iddaolar qiladi. Holatni shu yoʻsin mulohaza qilarkan,
tabiiy bir ishtiboh tugʻiladi: lirik qahramon qalbida yoriga nisbatan muhabbat boʻlganmi oʻzi?!
Ishtibohimiz bejiz emasligiga “Kimdir bugun, kimdir erta” sheʼrini oʻqiganda yana bir karra amin
boʻlamiz. Sheʼrning dastlabki ikki bandida yorning ilgarigi holati bilan buguni qarshi qoʻyilgan:
“Shahzodalar eshik qoqqan saroy eding, Sohibdillar ichra sohibchiroy eding… – Saroyingdan
shahzodalar koʻchib ketdi, Sohibchiroy husning qayga uchib ketdi…” Koʻryapmizki, bu oʻrinda
hayotning beshafqat qonuni aks etgan: yoshlik, husn, umr… – dunyoda neki bor oʻtkinchi. Yoʻq, lirik
qahramon buni qonuniyat sifatida emas, Xudoning bevafo yorga bergan jazosi oʻlaroq talqin qiladi:
Nolalarim Xudoyimga yetdimi yo,
Ayt, sevgilim, ishq uvoli tutdimi yo,
Kechagina yarim koʻnglim xor etganding,
Menga Xudo oʻzi rahm etdimi yo.
Sheʼr yakunidagi “Malikalar eshik qoqqan saroy boʻldim, Sohibdillar ichra sohibchiroy boʻldim”
misralari qoniqishning ogʻringan nafsoniyat bilan bogʻliqligini ochiq koʻrsatib turibdi. Holbuki, milliy
badiiy tafakkurda “oshiqlik – oʻzdan kechmoq” deb, nafs esa ishq tabiatiga tamoman yot
tushuncha oʻlaroq talqin qilinadi, bu ming yillar davomida mumtoz asarlar orqali ruhimizga
singgan. Toʻgʻri, har bir avlod badiiy tafakkurga oʻzidan bir nima qoʻshish, uni yangilashi, yuqoriroq
koʻtarishga harakat qilishi tabiiy. Biroq, yuqorida kuzatilganlarni badiiy tafakkur va didni parokanda
qiluvchi deb bilgan toʻgʻriroq boʻladi.
Baʼzan ogʻringan lirik qahramon ochiqchasiga “soʻkish”ga oʻtib qoʻyaqoladi:
Do'stlaringiz bilan baham: