Qoʻymadingiz, qoʻymadingiz-da.
Lirik qahramonning “faqat seni deyman” deya ont ichishi bilan maʼshuqaning oshigʻi koʻzidan
“muhabbat izlashi” bir-birini inkor qiladi. Bu oshiq koʻzida muhabbatdan asar yoʻq, degan maʼnoni
beradi! Maʼshuqaning oshiqni hol-joniga qoʻymay ortidan “sharpadek kezishi”, “oʻzimdan qolmang”
deya oʻtinishi ham birinchi band mazmunini inkor qiladi. Eʼtibor bering, ikkinchi bandni oʻqigach
ham lirik kechinmani yuzaga keltirgan holatni tasavvur qilish imkoni haminqadar. Eng yomoni,
maromga solib oʻqish asnosida aksariyat oʻquvchilar bu tomonga eʼtibor ham bermaydi, xuddi
radiodan taralayotgan zamonaviy qoʻshiqni qoʻshilib hirgoyi qilgan kabi, ohang mazmunni bosib
ketadi.
Keyingi band mantiqni tamom parokanda etadi:
Xohlang yigʻlab, xohlang kulaman,
Siz istagan oshiq boʻlaman,
Sevish kerak boʻlsa sevaman,
Qoʻymadingiz, qoʻymadingiz-da.
Ikkinchi bandda maʼshuqa oshiq ortidan elanib yurgan edi, endi navbat oshiqning oʻziga keldi.
Dastlabki ikki misra mantiqan “endi faqat sizni deyman” ontini sharhlab, yaʼni shoir goʻyoki tangani
chaqaga maydalab beryapti, xolos. Biroq, siri bilan turgan, maʼshuqa bechorani izidan “sharpadek
kezdirgan” lirik qahramon nechuk bu qadar keskin oʻzgardi? Sheʼrdan bunga biror asos, turtki
boʻlgan detal topilmaydi. Oʻzi shusiz ham kechinma yuzaga kelgan holatni tasavvur qilib
boʻlmayotgan edi, endi buning imkoni tamom kesildi-qoldi. Shuncha ontu iltijolardan soʻng birdan
“sevish kerak boʻlsa sevaman” deyilishi oʻquvchini shoshirib qoʻyadi: yaʼni, shu paytgacha sevgan
emas, kerak boʻlsa, endi “marhamat koʻrsatib” sevib ham qoʻyaveradilar. Bungacha sevmagan
boʻlsa, gap oʻzi nima haqida borayotgandi?
Oʻquvchi shoshib qolganiga hayron qolmasa ham boʻladi, zero, gap qanday tuygʻu-kechinma
haqida ketayotganini lirik qahramonning oʻzi ham bilmaydi:
Farqi yoʻqdir, hazilmi, chinmi,
Endi tanlab boʻldim men sizni,
Olay endi bir koʻnglingizni,
Qoʻymadingiz, qoʻymadingiz-da.
Xoʻp, lirik qahramon qizga munosabati hazilmi yo chinligini bilmasin, hayotda shunday holatlar
ham boʻlishini aslo inkor qilmaymiz. Biroq, “farqi yoʻq” degan qatʼiy hukmini qanday tushunish
kerak? Axir, oʻzing sevgidan soʻzlab turgan boʻlsang-u, yana bu gaplaring “hazilmi yo chin”ligining
farqi yoʻq desang? Holatga, ayni damdagi ruhiyatga mos emas-ku! Shu gaplarini eshitib turgan,
yana uning izidan “sharpadek kezishga” hozir maʼshuqaga ham xayf! Ehtimol, shoʻrlik til-zabonsiz
bir maxluqdir. “Bir koʻnglingni olay” chorlovidan kishida andisha tugʻiladi. Diliga ingan andishani
“Qoʻymadingiz, qoʻymadingiz-da” satriga urishtirgan oʻquvchi “bir koʻnglini olmaslikka
qoʻymaydigan” maʼshuqani qay qiyofada tasavvur qilsin?!
Oʻngu ters gaplaridan maʼshuqasi xavotirga tushishini tuyqus fahmlab qoladimi, lirik qahramon uni
xotirjam qilishga shoshadi:
Boʻldi yetar xavotir olmang,
Qalbingizni shubhaga solmang,
Sizga ruxsat ortimdan qolmang,
Qoʻymadingiz, qoʻymadingiz-da.
“Qalbingizni shubhaga solmang” kalimasi murojaat qilinayotgan odamga “oʻzingizni
shubhalantirmang” degan daʼvatni anglatadiki, ayni holat mantiqiga muvofiq emas. Bu oʻrinda lirik
qahramonning “gap-soʻzlarim, xatti-harakatim dilingizga shubha solmasin” deyishi mantiqan toʻgʻri
boʻlardi. Koʻramizki, oʻzbek tilining uslubiy xususiyatlariga eʼtiborsizlik orqasida yana mantiqqa
xilof holat yuzaga kelayotir. Siz qancha chamaladingiz, bilmadim-u, mening nazdimda
maʼshuqaning oshiq qoshidagi maqomiyu qadri xush qarasang suykalib, “chip” desang badar
ketadigan kuchukchadan ortiq koʻrinmadi… Shu bois, boʻlsa kerak, keyingi misralar kaminaga “kir
koʻylakka jun joʻyak” naqlini eslatdi:
Do'stlaringiz bilan baham: