420
pirovard mahsulotga aylantiriladi. Masalan, qishloq xo‘jalik
mahsulotlarining ko‘pgina qismi (paxta, g‘alla, pilla, sut va shu
kabilar) sanoatning tegishli tarmoqlarida qayta ishlanib, pirovard
mahsulotga aylantiriladi va iste’mol tovarlari bozoriga chiqariladi.
O‘z navbatida sanoatda yaratilgan ishlab chiqarish vositalari
iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari qishloq xo‘jaligi, qurilish va shu
kabilarda unumli iste’mol qilinadi. Tarmoqlararo mutanosibliklarga
sanoat bilan qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari
o‘rtasidagi mutanosibliklar misol bo‘ladi.
3. Tarmoq ichidagi mutanosibliklar. Tarmoqlararo mutanosiblik
ular ichidagi tarkibiy qismlar mutanosiblik orqali ta’minlanadi.
Tarmoqlar ichidagi mutanosiblik alohida olingan tarmoq
tarkibidagi soha va ishlab chiqarishlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni ifoda-
laydi. Masalan, sanoatning ishlab chiqarish vositalari va iste’mol
buyumlari ishlab chiqaradigan sohalari, qishloq xo‘jaligining
dehqonchilik va chorvachilik sohalari o‘rtasidagi mutanosiblik va
boshqalar. Shu bilan birga ta’kidlab o‘tilgan sohalarning ichidagi
tarkibiy tuzilmalar o‘rtasida ham bog‘liqlik bo‘lishi zarur. Masalan,
sanoatning qazib olish va qayta ishlash tarmoqlari, chorvachilikda
sut va go‘sht ishlab chiqarish sohalari o‘rtasidagi va boshqalar
4. Hududiy mutanosibliklar. Iqtisodiy rivojlanish mamlakat
ayrim hududlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni ham taqozo qiladi. Yuzaki
qaraganda hududlar o‘rtasidagi mutanosibliklarning mamlakat
iqtisodiy rivojidagi roli to‘liq namoyon bo‘lmaydi. Lekin alohida
hududiy bo‘linmalar (viloyat, tuman, shahar va boshqa hududiy
birliklar) ning bir-biriga iqtisodiy va tashkiliy jihatdan bog‘liqligi,
ixtisoslashish, ishlab chiqarish kooperatsiyasi va kommunikatsiya
nuqtayi nazaridan qaralsa, bu bog‘liqlikning ahamiyati yaqqol
ko‘rinadi.
5. Davlatlararo mutanosibliklar. Bu mutanosiblikni ikki holat
taqozo qiladi. Birinchidan, dunyoning ko‘pchilik mamlakatlari
xalqaro mehnat taqsimoti orqali bir-biri bilan bog‘langan,
ikkinchidan, shu bog‘liqlik orqali milliy ishlab chiqarish natijalari
bir qismi chet elliklar tomonidan xarid qilinadi yoki milliy ishlab
chiqaruvchilar o‘z iste’molining bir qismini chetdan keltirilgan
mahsulotlar hisobiga qondiradi. Bu bog‘liqlik qanchalik katta
421
bo‘lsa, sof eksport hajmi orqali makroiqtisodiy muvozanatlikka
shunchalik kuchli ta’sir ko‘rsatadi.
Qarab chiqilgan mutanosibliklarga erishish orqali milliy ishlab
chiqarishning muvozanatli rivojini ta’minlab borishdan quyidagilar
ko‘zda tutiladi:
Mamlakatda mavjud bo‘lgan iqtisodiy resurslardan samarali
foydalangan holda jamiyatning ehtiyojlarini to‘laroq qondirib
borish;
To‘liq bandlilikka erishish, ya’ni mehnat qilishga layoqatli
bo‘lgan va ishlashni xohlaganlarni to‘liq va samarali ish bilan
ta’minlash;
Narxning nisbiy barqarorligiga erishish va uni inflatsiya
ta’siridan xoli qilish;
Iqtisodiyotning bir maromda o‘sib borishini yetarli darajada
investitsiya bilan ta’minlash va muomaladagi pul massasiga bog‘lab
borish;
Eksport va importni muvofiqlashtirish asosida ijobiy tashqi
savdo balansiga erishish.
Bu maqsadlar faqatgina ularga intilish bo‘lib, bunga erishish
muqarrar ekanligini bildirmaydi. Chunki mutlaq muvozanatga
erishish mumkin emas, u buzilib va qaytadan tiklanib turishi orqali
iqtisodiy rivojlanish sikli ro‘y beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: