VIII
Ajratib ko‘rsatuvchi tafovut
– Bergan suving chanqog‘imni bosma yapti, –
dedi tashnalikdan sillasi qurigan jin.
– Axir bu butun Diyorbakirdagi eng sovuq
quduq-ku.
Pelliko.
Bir kuni Jyulen Sena sohilida joylashgan ajoyib Villeke amlokiga
qilgan safaridan qaytib keldi. Janob de lya Mol bu amlokka alohida
e’tibor berardi, zero bu uning yer-mulklar orasida bir vaqtlar mash-
hur Bonifatsiy de lya Molga qarashli bo‘lgan yagona joy edi. Yigit
uyda hozirgina Giyer orollaridan qaytib kelgan markiza bilan uning
qizini ko‘rdi.
Jyulen endi haqiqiy dendiga aylangandi va Parijda yashash san’ati-
ni yaxshigina egallab olgandi. U m-l de lya Molga nisbatan sovuq bir
nazokat bilan muomala qilardi. Qiz uning otdan qanday yiqilganini
so‘rab mazax qilgan uzoq o‘tmishni u butunlay xotirasidan o‘chirib
tashlagandek tuyulardi.
M-l de lya Molga Jyulen ancha ulg‘ayib, rangi oqargandek ko‘rindi.
Uning qomatida, o‘zini tutishida provinsiallikdan asar ham qolma-
gan edi; lekin gapirish odatida hali ham nimadir yetishmasdi: uning
nutqida hamon me’yoridan ortiq jiddiylik va ijobiylik ko‘zga tashla-
nardi. Shunisi ham borki, ana shu oqilona xislatlari va mag‘rurligiga
qaramay, yigitning nutqidan tobelik taassuroti tug‘ilmasdi, faqat
uning hali ham ko‘p narsalarga e’tibor berishi sezilib turardi. Biroq
uning so‘zidan qaytmaydigan odamlar toifasidan ekanligi yaqqol
ko‘zga tashlanardi.
– Unga aql emas, erkinlik yetishmaydi, – dedi bir kuni m-l de lya
Mol otasiga, u Jyulenga olib bergan orden xususida hazil qilar ekan. –
Lekin akam sizdan bu ordenni bir yarim yildan buyon so‘rab kelardi.
Axir u de lya Mol-ku!..
– Ha, lekin Jyulen kutilmaganda o‘zini ko‘rsatib qolishi mumkin.
Siz aytgan de lya Mol esa hech qachon bunday qila olmagan.
Gersog de Retsning kelgani haqida xabar qilishdi.
314
Matildani birdan qattiq esnoq tutdi, qiz uni ko‘rgan zahoti ko‘z
oldida zarhal yugurtirilgan o‘sha ko‘hna mebellar, otasining meh-
monxonasiga kanda qilmay kelib turuvchi o‘sha mehmonlar gavdala-
nardi. Shundan so‘ng u o‘zi uchun Parijda yana boshlanajak o‘lguday
zerikarli hayotni tasavvur qildi. Bo‘lmasam Giyer orollarida u Parijni
sog‘ingan edi-ya!
«Axir endigina o‘n to‘qqiz yoshga kirdim! – deya o‘ylardi u. – Zarhal
jildli manovi eski-tuski fikrlar majmuasida aytilganidek, eng baxtli
palla bu». Qiz Provansga sayohatga ketgan payti mehmonxonaning
marmar tokchasida yig‘ilib qolgan yap-yangi sakson tom she’rlar
to‘plamiga nigoh tashladi. Baxtga qarshi, qiz barcha bu de Kruaz-
nua, de Kaylyus, de Lyuz kabi janoblar va boshqa do‘stlaridan ancha
aqlliroq edi. U do‘stlari unga Provansning lojuvard osmoni, poeziya,
jannatmakon janub va hokazo, va hokazolar haqda aytadigan barcha
gaplarni juda yaxshi tasavvur qilardi.
Uning behad zerikish va bundan ham battarrog‘i, quvonchliroq
biror narsa topishdan butunlay umidsizlik aks etgan shahlo ko‘zlari
Jyulenga qadaldi. Bu yigit har qalay boshqalardan xiyol farq qilib
turardi.
– Janob Sorel, – dedi u bo‘g‘iqroq tovush bilan betoqat ohangda
(odatda kiborlar jamiyatiga mansub yosh ayollar shunday ohangda
gapirishadi va bunda ayollik latofatidan asar ham bo‘lmaydi). – Janob
Sorel, siz bugun kechqurun janob de Retsnikida bo‘ladigan balga
borasizmi?
– Mademuazel, men janob gersog bilan tanishish sharafiga muyas-
sar bo‘lmaganman (bu so‘zlar va bu unvon provinsiyalik bu takabbur
yigitning og‘zini yirtayotgandek tuyulardi).
– U akamga sizni balga olib borishni topshirgan. Gap shundaki,
agar siz balga borsangiz, Villekedagi o‘sha amlokimiz haqida menga
batafsil gapirib bergan bo‘lardingiz: biz, bahorda u yerga borsak-
mikin, deb o‘ylab yuribmiz. Men o‘sha qasr yashash uchun yaroqli
yoki yaroqli emasligini bilmoqchiman. Keyin uning atroflarini juda
xushmanzara deyishadi, shu gap rostmi? Axir ko‘pincha o‘rinsiz ham
maqtashadi-ku.
Jyulen javob bermadi.
– Akam bilan balga boring, – deya qo‘shimcha qildi qiz sovuqqina
ohangda.
315
Jyulen ehtirom bilan ta’zim qildi. «Demak, hatto balda ham
men bu oilaning barcha a’zolariga hisobot berib turmog‘im lozim
ekan. Biroq menga ularning ishlarini boshqarishim uchun ham haq
to‘lashadi». Jahl ustida u yana shularni o‘yladi: «Xudo bilsin, ehtimol
qiziga otasi, akasi va onasining rejalariga to‘g‘ri kelmaydigan biror
gap aytib, qovun tushirib qo‘yarman. Axir mustabid hokimning
saroyi-ku bu yer. Bu yerda mutlaqo hech narsaga arzimaydigan
odam bo‘lishlik, shu bilan birga, birovning shikoyat qilishiga o‘rin
qoldirmaslik kerak».
«Baland bo‘yli bu oyimcha menga sira yoqmadi-yoqmadi-da, –
deya xayolidan o‘tkazdi u onasi qandaydir dugonalariga tanishtirmoq-
chi bo‘lib chaqirib qolgan m-l de lya Molning ortidan qarab qolar ekan.
– Har qanday modani orqada qoldirib ketishga urinishini aytmay-
sizmi: ko‘ylagi yelkasidan sirg‘alib tushay deydi... Rangi bo‘lsa sayo-
hatdan so‘ng yanada oqarib ketibdi... Sochini aytmaysizmi, oqligidan
shu qadar rangsizki... shaffof deyish mumkin... Salomlashayotganida
nigohlaridagi dimog‘-firog‘iga o‘laymi, shohona xatti-harakatlaridan
o‘rgildim bu oyimtillaning!» M-l de lya Mol mehmonxonadan chiqib
ketayotgan akasini yoniga chaqirdi.
Shundan so‘ng graf Norber Jyulenning yoniga keldi.
– Azizim Sorel, – dedi u yigitga, – janob de Retsnikidagi balga birga
bormoq uchun sizni yarim kechada qayerdan topsam bo‘ladi? U sizni
albatta olib kelishni menga topshirdi.
– Bunday buyuk iltifot uchun kimdan minnatdor bo‘lmoq lozimli-
gini juda yaxshi bilaman, – deya javob qildi Jyulen boshi yerga tek-
kudek bukilib ta’zim qilar ekan.
Norberning muloyim va, hatto, mehribonlik bilan aytgan bu gapi
kayfiyati buzilib turgan Jyulenga aybsitish uchun o‘rin qoldirmadi,
shu boisdan u samimiyat bilan aytilgan bu taklifga o‘zining bergan
javobidan zardasi qaynadi. Unga o‘z javobida qandaydir pastkashlik
bordek tuyuldi.
Kechqurun balga borgach, yigit de Rets saroyining favqulodda
serhashamligiga qoyil qoldi. Ekipajlar kirib kelayotgan hovli o‘tovga
o‘xshardi; uning tepasiga zarhal gulli ulkan qirmizi chodir tortilgandi;
bu juda ajoyib edi. Chodir ostidagi butun hovli esa apelsin daraxtlari va
gullab turgan tolguldan iborat haqiqiy o‘rmonga aylantirilgan edi. Bu
daraxtlar o‘sgan katta tuvaklar juda chuqur ko‘milganidan daraxtlar
316
xuddi yerdan o‘sib chiqqandek ko‘rinardi. Ekipajlar kirib kelayotgan
yo‘lga esa qum sepib qo‘yilgan edi.
Bularning bari bizning qahramonimizga chindan ham juda ajoyib
ko‘rindi. Yigit bunday hashamatni yetti uxlab tushida ham ko‘rmagan
edi. Hang-mang bo‘lganidan butunlay ochilib ketdi. Ular balga kelishar
ekan, karetada Norber ochilib-sochilib o‘tirardi, Jyulenning esa ichiga
chiroq yoqsa yorishmasdi, biroq hovliga kirib kelishlari bilanoq, ular
o‘rin almashgandek bo‘lishdi.
Norberning e’tiborini asosan bu hashamat ichra yo‘l qo‘yilgan
qandaydir nuqsonlar o‘ziga tortmoqda edi. U har bir itining bahosini
o‘zicha chamalab ko‘rar va umumiy yakun oshib borgan sayin dilini
hasadga o‘xshash bir tuyg‘u kemirib, zardasini qaynatayotganini
Jyulen ko‘rib turar edi.
Maftun bo‘lgan, qoyil qolgan va bu kuchli taassurotlardan xiyol
dovdiragan Jyulen bu orada mehmonlar raqs boshlab yuborgan
birinchi zalga kirdi. Barcha ikkinchi zal eshigi tomon intilayotgan
bo‘lib, u yerda shu qadar ko‘p odam to‘planib qolganidan ichkari
kirib bo‘lmasdi. Bu ikkinchi zal Algambra Grenadskaya uslubida
yasatilgan edi.
– Balning malikasi! Bunga sira ham shubha qilmasa bo‘ladi, – dedi
yelkasi Jyulenning ko‘kragiga ancha qattiq tiralib turgan qandaydir
mo‘ylovdor yigit.
– Butun qish davomida eng sohibjamol qiz hisoblanib kelgan
mademuazel Furmon, – deya javob qildi unga qo‘shnisi, – ikkinchi
o‘ringa o‘tib qolayotganini sezyapti shekilli. Qaragin-a, ko‘rinishi
juda g‘alati.
– Hammaga yoqish uchun harakat qilyapti. Kadrilga tushayot-
ganidagi manovi tabassumning go‘zalligini qara. Azbaroyi Xudo,
bunaqasi bo‘lmagan.
– Mademuazel de lya Mol esa o‘zi juda yaxshi payqab turgan bu
g‘alabadan xursandligini sezdirmaydi ham. Xuddi suhbatdoshiga
yoqib qolishidan cho‘chiyapti, deysiz.
– Ajoyib! Chinakam maftun qilish bu.
Jyulen o‘sha sohibjamolni ko‘raman, deb behuda ovora bo‘ldi.
Undan bo‘yi ancha balandroq bo‘lgan yetti-sakkizta erkak yigitdan
qizni to‘sib turishardi.
– Bu olijanob sipolikda ham o‘ziga xos noz-u karashma bor, – deya
gap qotdi mo‘ylovdor yigit.
317
– Manovi shahlo ko‘zlarni aytmaysizmi, mana hozir dilidagini
bildirib qo‘yadi, deb turgan paytda sekingina pastga qarab olyapti, –
deb gapni ilib ketdi uning yonidagi yigit. – Yo‘q, azbaroyi Xudo, bunaqa
ishvani tasavvur ham qilolmaysiz.
– Ofatijon Matildaga kim munosib bo‘larkin? – dedi birinchi yigit. –
Agar kelishgan, xushro‘y, aqlli, urushda qahramonlik ko‘rsatgan va, shu
bilan birga, yoshi yigirmadan oshmagan bironta shahzoda munosib
bo‘lmasa, boshqa odamning teng kelishi qiyin.
– Rus imperatorining nikohsiz xotindan tug‘ilgan o‘g‘li chiqib
qolar. Uni bunday nikohga munosib qilmoq uchun esa shavkatli
knyaz darajasiga ko‘tarishsa ham ajab emas. Yoki, ehtimol... anavi
graf Taler munosib bo‘lar, to‘g‘ri, u yaxshi kiyinib olgan mujikka
o‘xshab ketadi...
Eshik oldi biroz bo‘shab, Jyulen ichkari kirishga muvaffaq bo‘ldi.
«Agar u manovi oliftalarga shu qadar go‘zal ko‘ringan ekan, u
holda erinmay, unga yaxshilab razm solmoq kerak, – deya xayolidan
o‘tkazdi u. – Hech bo‘lmaganda, bu odamlar uchun bekam-u ko‘st
go‘zallik nimadan iboratligini bilib olaman-ku».
U qizni izlab atrofga ko‘z yugurta boshlagan edi, shu tobda
Matildaning o‘ziga qarab turganini sezib qoldi. «Vazifalarim meni
chorlayapti», – dedi o‘ziga Jyulen; u garchi shunday degan bo‘lsa-da,
lekin dilida sira ham o‘kinch his etmadi. Sinchkovlik uni mamnuniyat
bilan oldinga intilishga undardi, Matildaning ochiq yelkalari esa bir
zumda uni battar quvontirib yubordiki, ochig‘ini aytganda, bu hol
uning nafsoniyatiga birmuncha qattiq tegardi.
«Uning husni, – deya xayolidan o‘tkazdi yigit, – bu – yoshlikning
go‘zalligi». Besh-olti yigit u bilan qizning o‘rtasida g‘ov bo‘lib turi-
shardi. Jyulen bu yigitlar orasida hozirgina eshik oldida suhbatlashib
turgan anavi oliftalarni ham ko‘rdi.
– Siz, taqsir, butun qishni shu yerda o‘tkazgansiz, – dedi qiz unga,
– butun mavsum davomidagi eng ajoyib bal bugun bo‘lyapti, shunday
emasmi?
Jyulen javob qilmay turaverdi.
– Kulonning manovi kadrili, menimcha, g‘oyat ajoyib chiqibdi,
xonimlarimiz ham bu musiqaga juda chiroyli raqs tushishyapti.
Anavi yigitlar Matilda zo‘r berib gapga solayotgan baxtiyor
odamning kimligini bilmoqchi bo‘lib u tomon o‘girilib qarashdi. Biroq
Jyulenning bergan javobi birmuncha betakalluf edi.
318
– Bu sohada hakamlik qilishim qiyin bo‘lsa kerak, mademuazel.
Men umrimni yozuv stoli yonida o‘tkazaman. Bunday ajoyib balda
birinchi marta bo‘lishim.
Mo‘ylovli yigitlar ochiqdan-ochiq ajablanib qolishgandi.
– Siz donishmandsiz, janob Sorel, – deya javob qildi qiz birmuncha
jonlangan tovush bilan. – Siz barcha bu ballar, barcha bu bayramlarga
faylasuf nazari bilan, Jan-Jak Russo ko‘zi bilan qaraysiz. Bu tentakliklar
sizni hayratga soladi, lekin aslo o‘ziga maftun etmaydi.
Bu jumladagi bitta so‘z birdan Jyulenning ruhini so‘ndirib,
uning dilidagi barcha shirin xayollarni quvib yubordi. Uning labla-
rida nafratomuz tabassum jilvalandiki, ehtimol, u ataylab shunday
qilgandir.
– Jan-Jak Russo, – deya javob qildi u, – menimcha, kiborlar jamiyati
haqida fikr yuritganda, shunchaki bir tentak edi. U kiborlar jamiya-
tini tushunmasdi va amal tegib qolgan malay kabi shu jamiyat sari
intilardi.
– U «Jamoat mushohadasi»ni yozgan axir, – dedi Matilda alohida
bir ixlos bilan.
– Respublikani targ‘ib qilib, mustabidlarni taxtdan qulatishni
yoqlar ekan, bu odam bironta gersog tushlikdan so‘ng sayr qilishdan
voz kechib, uning do‘stlaridan birontasini kuzatib qo‘ysa, xursand
bo‘lganidan boshi osmonga yetardi.
– Ha, tushundim: siz Monmoransida Kuende ismli bir janobni Parij
yo‘liga qadar kuzatib qo‘ygan gersog Lyuksemburgskiyni nazarda
tutyapsiz... – deya gapni ilib ketdi m-l de lya Mol o‘zini shunday allo-
ma ko‘rsatish imkoniyati tug‘ilganidan yuragi zavqqa to‘lib. U, qirol
Feretriyning mavjud bo‘lganini ixtiro qilgan akademik yanglig‘ o‘z
bilimlaridan behad huzur qilmoqda edi. Jyulen hamon qizga sovuq
bir nazar bilan qarab turardi. Matilda chinakamiga ilhomlanib ket-
di: suhbatdoshining bunday iltifotsizligidan u mutlaqo esankirab
qolgan edi. Uni eng hayratga solgan narsa shu bo‘ldiki, odatda shu
paytga qadar odamlarda uning o‘zi shunday taassurot qoldirardi. Bu
orada markiz de Kruaznua tirband bo‘lib turgan odamlar orasidan
shosha-pisha m-l de lya Mol tomon o‘tib kelmoqda edi. U qizga uch
qadam qolganida odamlar orasidan o‘ta olmay to‘xtab qoldi. Markiz
shunday tiqilinchga tushib qolganidan kulganicha qizga qarab turar-
di. Uning yonida Matildaning xolavachchasi – yoshgina markiza de
Ruvre paydo bo‘ldi. U bundan bor-yo‘g‘i ikki hafta burun turmushga
319
chiqqan bo‘lib, hozir erining qo‘liga tayanib turardi. Hali yoshgina
yigit bo‘lmish markiz de Ruvre o‘z xotiniga oshiqi beqaror ediki, odat-
da notariuslar bilan kelishilgan va reja bilan, pishiq-puxta o‘ylanib
tuzilgan nikohdan so‘ng, kutilmaganda xotini siymosida ajoyib bir
mahbubani ko‘rgan odam shunday ahvolga tushadi. Janob de Ruvre
juda munkillab qolgan amakisining o‘limidan so‘ng gersoglik unvoniga
ega bo‘lmog‘i lozim edi.
Markiz de Kruaznua tiqilinchdan uning yoniga o‘tolmay, Matildaga
jilmayib qarab turar ekan, qiz o‘zining osmon singari moviy shahlo
ko‘zlarini markiz bilan uning yonidagi odamlarga tikdi. «Dunyoda
shu yig‘indan ham bema’niroq narsa bormikan o‘zi! Mana menga
uylanmoqchi bo‘lib yurgan Kruaznuani olaylik: u muloyim, boadab
yigit, o‘zini anavi janob de Ruvrega o‘xshab juda yaxshi tutadi. Agar
ularning butun afti angoridan ufurib turgan manovi ziqlikni aytma-
sangiz, juda dilkash odamlar bo‘lardi bu janoblar barchasi. Keyin
ham men bilan shunday ballarga boradi va o‘shanda ham o‘ziga
shunday bino qo‘ygan bo‘ladi. To‘ydan so‘ng bir yil o‘tgach, mening
otlarim, mening sarpolarim, Parijdan sakson-to‘qson chaqirim na-
ridagi mening qasrim – bularning hammasi shu qadar bekam-ko‘st
bo‘ladiki, armoning qolmaydi, grafinya de Ruavilga o‘xshash bironta
amal tegib qolgan tagi past esa bularni ko‘rib, hasaddan yorilib o‘lay
deydi! Xo‘sh, keyin-chi...»
Matilda shularni o‘ylab hozirning o‘zidanoq siqila boshlardi.
Markiz de Kruaznua, nihoyat, bir amallab odamlar orasidan o‘tdi-da,
uning oldiga kelib, allanima haqida gapira boshladi, biroq qiz o‘z xayoli
bilan bo‘lib, uning gapiga quloq solmasdi. Markizning so‘zlari balning
g‘ala-g‘ovuriga qo‘shilib, uning qulog‘iga kirmasdi. Qiz hurmat bilan
ta’zim qilganicha, lekin mag‘rur va norozi bir qiyofada undan uzoq-
lashib borayotgan Jyulenni beixtiyor kuzatib turardi. Zalning narigi
burchagida, uyoqdan-buyoqqa yurayotgan odamlardan bir chetda u
graf Altamirani ko‘rib qoldiki, bu odam o‘z vatanida o‘limga hukm
qilingan edi, – kitobxon uni taniydi. Lyudovik XIV hukmronlik qilgan
paytda uning qarindoshlaridan biri shahzoda Kontining xotini bo‘lgan
ekan, bu hol ma’lum darajada uni iezuitlarning maxfiy politsiyasidan
muhofaza qilib turardi.
«Chamasi, faqat o‘lim jazosigina insonni ajratib ko‘rsatarkan, –
deya xayolidan o‘tkazdi Matilda. – Sotib olmoq mumkin bo‘lmagan
yagona narsa shu bo‘lsa kerak».
320
«Bu gapni yaxshi o‘ylab topdim! Afsus, bu fikr suhbat chog‘i,
odamlarni qoyil qoldirishim mumkin bo‘lgan paytda xayolimga
kelmadi-da». Matildaning didi yuksak edi: ilgaridan o‘ylab qo‘yil-
gan o‘tkir so‘zni aytmoq uning hatto xayoliga ham kelmasdi. Lekin
u anchagina shuhratparast edi, shu boisdan ham hozir o‘ziga-o‘zi
qoyil qoldi. Uning yuzi quvonchdan yorishib, chehrasidagi zerikish
ifodasi g‘oyib bo‘ldi. Boyadan beri tinmay gapirayotgan markiz de
Kruaznua muvaffaqiyatdan boshi osmonga yetib, suxandonlikka
yana ham zo‘r berdi.
«Tirnoq orasidan kir qidiruvchi bironta odam bu fikrimga qar-
shi nimayam ayta olardi? – deya mulohaza yuritardi Matilda. – men
o‘sha tanqidchiga shunday degan bo‘lardim: baronlik unvonini ham,
vikontlik unvonini ham sotib olish mumkin, ordenlar esa shunday
ham berilaveradi, akam kechagina orden oldi, lekin nima karomat
ko‘rsatdi u? Mansabga erishish ham qiyin emas – garnizonda o‘n yil
xizmat qilinsa yoki harbiy ministrga qarindosh bo‘linsa bas, qarabsiz-
ki, Norberga o‘xshab eskadron komandiri bo‘lib turibsiz. Katta davlat
deysizmi? Bunisi endi qiyinroq, demak faxrliroq bo‘lsa kerak. Juda
qiziq bo‘ldi-ku, kitoblarda aytilganining naq teskarisi bo‘lib chiqyapti.
Lekin, oxir-oqibatda, odam boylikka erishmoq uchun Rotshildning
qiziga uylanishi mumkin».
«Yo‘q, chindan ham bu fikrimda jon bor. O‘lim hukmi, bu – hozircha
odamlar intilmaydigan yagona narsa».
– Siz graf Altamirani taniysizmi? – deya so‘radi u janob de Kruaz-
nuadan.
Qizning yuzidan uning hozirgina hushiga kelgani sezilib turar
va bergan savoli boyaqish markiz besh daqiqadan beri jon kuydirib
hikoya qilayotgan narsalarga shu qadar mos tushmas ediki, janob de
Kruaznua birmuncha esankirab qoldi. Shu tobda uning nazokati ham
yordam bermadi. Bo‘lmasam u o‘tkir aqli bilan shuhrat qozongan
juda topqir odam edi.
«Matilda – g‘alati qiz, – deya xayolidan o‘tkazdi u, – bu ancha
noqulay, albatta, lekin unga uylangan odam jamiyatda juda katta
obro‘ qozonadi! Markiz de lya Mol bunga qanday erishayotganini
bilmayman-u, ammo u har bir partiyadagi eng munosib va nufuzli
kishilar bilan bog‘liq, bu odam doim hammaning diqqat markazida
bo‘ladi. Lekin, ehtimol, bu g‘alatilik tufayli Matilda tabiati o‘zgacha
qiz sifatida shuhrat qozonar. Odam nasl-nasabi yuksak va badavlat
321
bo‘lganida esa originallik kulgili bo‘lmay qoladi, ana shunda u ajoyib
ayol bo‘ladi! Agar o‘zi istasa bas, aql, xarakter va o‘ta topqirlikning bu
birikmasi unga beqiyos dilbarlik baxsh etishi mumkin...» Bir vaqtning
o‘zida ikki ishni yaxshi bajarish ancha mushkul narsa bo‘lgani tufayli,
markiz Matildaga parishon tikilar ekan, xuddi yodlab olgan darsni
javob bergandek qilib dedi:
– Bechora Altamirani kim ham tanimaydi deysiz? – So‘ngra u mu-
vaffaqiyatsizlikka uchragan o‘sha kulgili va bema’ni fitnaning tarixini
hikoya qila boshladi.
– Chindanam juda bema’ni bo‘lgan ekan! – deya xuddi o‘zi bilan
o‘zi so‘zlashgandek javob qildi Matilda. – Lekin u nimadir qilgan
ekan-ku. Men haqiqiy insonni ko‘rmoqchiman, uni bu yoqqa chaqirib
keling, – dedi u qattiq ranjigan markizga qarab.
Graf Altamira takabbur va birmuncha shiddatli m-l de lya Molning
ochiqdan-ochiq muxlislaridan biri edi: qizni u Parij go‘zallarining
oldi deb hisoblardi.
– U toj-u taxtga juda yarashgan bo‘lardi-da! – dedi u markiz de
Kruaznuaga, uning ortidan bajonidil yurar ekan.
Kiborlar jamiyatiga mansub ko‘pgina odamlar XIX asrda fitna,
bu – o‘ta axloqsizlik deb hisoblaydilar, bundan yakobinchilikning
isi kelar ekan. Muvaffaqiyatsizlikka uchragan yakobinchidan ham
jirkanchliroq kimsa bormikin o‘zi?
Matilda janob de Kruaznuaga qarab-qarab qo‘yganicha Altami-
raning liberalligidan kulayotgan bo‘lsa-da, biroq uning gaplariga
bajonidil kuloq solmoqda edi.
«Baldagi fitnachi – qanday ajoyib kontrast», deya o‘ylardi qiz,
qop-qora mo‘ylovlari dikkayib turgan Altamira unga dam olayot-
gan sherni eslatardi; biroq tez orada qiz uning fikr-xayoli faqat bir
narsada: foyda hamda foydali narsalarni ko‘kka ko‘tarishda ekanini
payqab qoldi.
Yosh graf dunyoda uning mamlakatiga ikki palatali hukumat
tizimi o‘rnatishga nafi tegadigan ishlardan bo‘lak hech nimani tan
olmasdi. U zalga kirib kelayotgan perulik generalni ko‘rgan zahoti
baldagi eng go‘zal qiz bo‘lmish Matildani bajonidil tark etdi. Met-
ternix o‘z tartibini o‘rnatgan Yevropadan umidini uzgach, bechora
Altamira, Janubiy Amerika mamlakatlari kuchga kirib, qudratga ega
bo‘lishgach, Mirabo ularga bergan ozodlikni Yevropaga qaytaradigan
kelajakka umid bog‘lab, o‘ziga-o‘zi tasalli berishga majbur bo‘lgan edi.
322
Matildani mo‘ylov qo‘ygan yigitlar o‘rab olishdi. Qiz Altamirani
o‘ziga rom qila olmaganini juda yaxshi tushunar va uning ketib qol-
ganidan afsuslanardi. Matilda u perulik general bilan suhbatlasha
boshlagach, qop-qora ko‘zlari qanday yonib ketganini yaqqol ko‘rdi.
M-l de lya Mol yosh fransuzlarni shu qadar bir jiddiylik bilan ko‘zdan
kechirardiki, bunday qarash uning raqibalaridan birontasining ham
qo‘lidan kelmasdi. «Xo‘sh, bu yigitlardan qaysi biri, – deya o‘ylardi
u, – hatto eng qulay vaziyat yuzaga kelgan taqdirda ham o‘lim jazo-
siga erisha olarkin?»
Uning g‘alati nigohi tentaklarga yoqimli bo‘lib tuyular, lekin
ko‘pchilik qizning bu qarashidan allanechuk bo‘lib ketardi. Ular Matil-
daning hozir biror qochiriq gap aytib qolishidan va bunga o‘zlarining
nima deb javob berishni bilmay qolishlaridan cho‘chishardi.
«Oliynasab insonga ming xil fazilatlar ato etadikim, agar shular
bo‘lmaganida nafsoniyatim tinimsiz aziyat chekib yurgan bo‘lar-
di – men buni Jyulenning timsolida ko‘ryapman, – deya o‘ylardi
Matilda, – biroq u insonda o‘lim jazosiga mahkum qiluvchi xis-
latlarni yo‘q qilib yuborar ekan». Shu payt uning ortida allakim
qiziq bir gap aytdi: «Axir bu graf Altamira shahzoda San-Naza-
ro Pimentalning ikkinchi o‘g‘li bo‘ladi. Uning ajdodi Pimental
1268-yilda boshi tanidan judo qilingan. Konradinni qutqarmoq-
chi bo‘lgan. Bu Neapoldagi eng qadimiy asilzoda oilalardan biri
bo‘ladi».
«Mana, – deya xayolidan o‘tkazdi Matilda, – nazariyamning ajoyib
isboti: oliynasab kishining irodasini zaiflashtirib qo‘yadi, busiz esa
inson o‘lim jazosiga munosib ish qila olmaydi!.. Yo‘q, chamasi, bu-
gun men faqat bema’ni gaplar aytishga qodirman shekilli. Shunday
qilib, hamma qatori oddiy bir ayol ekanman, nimayam qilardim,
raqs tushishga to‘g‘ri keladi». Shundan so‘ng u bir soatdan beri uni
galopga taklif qilayotgan markiz de Kruaznuaning iltimosini qondir-
di. Faylasuflik qilishga urinishi muvaffaqiyatsiz chiqqanini unutmoq
uchun Matilda jozibador bo‘lishga qaror qildi. Janob de Kruaznuaning
boshi osmonda edi.
Biroq raqslar ham, saroydagi eng chiroyli yigitlardan birini o‘ziga
maftun etish istagi ham – xullas, hech nima Matildaning ko‘nglini
xush eta olmadi. U barchani o‘ziga qaratib qo‘ygandi. U bal malikasi
edi, buni o‘zi ham yaxshi tushunardi, biroq bunga butunlay befarq
qarardi.
323
«Manovi Kruaznua kabi odam bilan hayotim naqadar bema’ni
kechadi, – derdi qiz o‘ziga bir soatdan so‘ng, markiz uni kreslo tomon
boshlab borar ekan. – Agar olti oy qishloqda yashagandan keyin
ham, – deya ma’yuslik bilan o‘yladi qiz. – Parijdagi barcha ayollar
hasad bilan orzu qiladigan shu baldaki quvona olmasam, u holda men
uchun quvonchning o‘zi nimadan iborat? Axir bu saralangan jamiyat
orasida juda katta muvaffaqiyatga erishdim, bilaman, bundan yaxshi-
roq jamiyatni tasavvur qilishning o‘zi qiyin. Burjualardan bu yerda,
ehtimol, bir necha per va Jyulenga o‘xshagan bitta-ikkita odam bor,
xolos. Buni qarangki, – deya endi butunlay ma’yus holda qo‘shimcha
qildi qiz, – taqdir menga hamma narsani – shuhrat, davlat, yoshlikni
in’om qilgan-u, lekin baxt bermagan.
Mening barcha fazilatlarim ichida, chamasi, eng shubhalilari
bugun kuni bilan menga ta’kidlashayotganlari bo‘lsa kerak. Ma-
salan, aqlim bobida shubhalanmasam ham bo‘ladi, zero bu xislatim
barchani vahimaga solyapti. Bironta jiddiyroq mavzuga til tegizsam
bormi, besh daqiqa o‘tmasdanoq ularning tinkalari quriydi va xuddi
buyuk bir kashfiyot qilgan odamdek, men bir yildan beri gapirayot-
gan gapni takrorlay boshlashadi. Men chiroyliman – shunday husnga
ega bo‘lmoq uchun de Stal xonim hech nimani ayamagan bo‘lardi,
lekin zerikkanimdan yuragim tars yorilay deyapti. Xo‘sh, markiza de
Kruaz nua bo‘lib olganimdan keyin xiyol bo‘lsa-da kamroq zerikaman,
deyishga menda biror asos bormi?»
«Lekin, yo Parvardigor! – deya qo‘shimcha qildi u yig‘lagudek
bo‘lib. – Axir u ajoyib yigit-ku. Bizning asrimizda uni boadablik tim-
soli desa bo‘ladi! Sizga ko‘zi tushishi bilanoq albatta bironta shirin
gap aytadi. O‘zi ham ancha farosatli. Jasurligini aytmaysizmi... Lekin
anavi Sorel buncha g‘alati bo‘lmasa, – deya xayolidan o‘tkazdi qiz va
yuzidagi zerikish ifodasi g‘azab bilan almashindi. – Siz bilan gaplash-
moqchiman, deb aytgan edim-ku unga, u bo‘lsa qorasini ham ko‘rsat-
maydi!»
324
Do'stlaringiz bilan baham: |