A = a (100 -s ) / 100 / g /
bu yerda: a - 1000 ta o’z namligiga ega bo’lgan urug’larning og’irligi, (g )
s- shu urug’larning namligi, ( % )
Absolyut og’irligiga ko’ra urug’lar og’ir, o’rtacha va engil urug’larga bo’linadi. Masalan, og’ir urug’lar (g) : soya-1000...1200; chigit-110...165; kungaboqar - 45... 100;
O’rtacha og’irlikdagi urug’lar (g): maxsar - 20...50; zig’ir - 3...15
Yengil urug’lar (g): raps - 1,9...5,5; kunjut - 2...5;
Undan tashqari urug’larning «tabiiy og’irligi» bor. Bu bir hajm sochilib solingan urug’larning, namligiga mos og’irlikni ayirib tashlagandagi, grammlarda ifodalangan og’irligidir. Bu kattalikni aniqlaydigan mahsus tarozi bo’lib, uning bir hajm (litr) urug’ massasini to’plashga moslashgan bunkeri va tsilindri bor. Yig’ilgan urug’ massasi tarozida o’lchanadi.
Har bir urug’ yana «nisbiy zichlik» ko’rsatkichi bilan xarakterlanadi. Bu ko’rsatkich urug’ning kimyoviy tarkibi, namligi va to’qimalarining zichligiga bog’liq. To’qimalar g’ovak bo’lsa, ularda havo ko’p bo’ladi. Masalan, kungaboqarda umumiy hajmining 20...35%-ni g’ovaklardagi havo tashkil etadi. Moyli urug’lar bu ko’rsatkichi bo’yicha ikki guruhga bo’linadilar: nisbiy zichligi birdan kichik bo’lganlar (kungaboqar 0,65...0,84) va nisbiy zichligi birdan katta bo’lgan urug’lar (soya 1,15...1,35; zig’ir 1,16).
Urug’larning fizik xossalari - absolyut og’irligi, nisbiy zichligi va geometrik shakli ularning kimyoviy tarkibi bilan bog’lig’dir.Urug’larning absolyut og’irligi va nisbiy zichligi ularning moyliligi bilan to’g’ri proportsional.
Urug’larning aerodinamik xossalari ularning absolyut og’irligi, geometrik shakli, zichligiga bog’liq. Bu xossasi ularni quritish, tozalash, pnevmouzatish vaqtida hisobga olinishi kerak. Havo urug’ massasi orasidan turli tezlikda o’tkazilganda urug’lar qimirlamasligi, turgan yerida harakatlanib aralashishi va havo tezligi oshib kritik darajaga yetganida uchishi mumkin.
Asosiy moyli urug’lar, o’rtacha tukli chigitdan tashqari, sochilgan holatda (uyumda) o’zaro juda kam bog’lanadilar (ilakishadilar). Shuning uchun ular yaxshi sochiluvchanlikka egalar va ularni qiya yuzalardan yuqoridan pastga qarab oson harakatlantirish mumkin. Bunda urug’lar massasi sochiluvchanligiga urug’ shakli, namligi, massa tarkibidagi turli qo’shimchalar turi va holati, urug’ sirpanayotgan yuzaning materiali va holati ta’sir qiladi. Moyli urug’ning shakli qanchalik sharga o’xshash va silliq bo’lsa u shunchalik sochiluvchan bo’ladi. Ayrim urug’lar namligining oshishi (kungaboqar, zig’ir,kanakunjut) ularning temir va yоg’och yuzalar bilan ishqalanish koeffitsientining ortishiga olib keladi. Urug’lar sochiluvchanligi ularni sochilish vaqtida o’z-o’zidan navlanishiga (sortlanish) olib keladi. Uyumlar hosil qilinganda og’ir komponentlar uyum konusining pastki perimetri bo’yicha joylashsa, yengillari konus uchiga yaqin joylashadilar. Bu hodisani urug’larni avtomobilda trasportirovka qilganda ham kuzatish mumkin. Bunda og’ir urug’lar va qo’shimchalar urug’- massasi tubiga tushib qoladi. Urug’ massasidan o’rtacha namuna olganda shu hodisaga ahamiyat berish kerak.
Urug’larning fizik-kimyoviy ko’rsatkichlaridan asosiylari: sorbtsionligi, gigroskopligi va teplofizik xossalaridir. Ularning bu xossalari asosan terimdan keyingi qayta ishlash va saqlash sharoitlarini belgilaydi.
Urug’larning yuqori sorbtsion xususiyatlari ular to’qimalarining xossalariga bog’liq. Ular yuzlarining tez sorbtsiya va desorbtsiya qilishi urug’ to’qimalari xususiyatlariga bog’liq. Urug’lar massalari sorbtsiyalash qobiliyati esa massa ichidagi havo bilan to’lgan bo’shliqlarga bog’liq. Moyli urug’larning havodan namlikni sorbtsiya qilishi gigroskopikligi ko’proq amaliy ahamiyatga ega. Agar havodagi suv parining partsial bosimi urug’ yuzasiga yaqin yerdagidan katta bo’lsa, sorbtsiya jarayoni aksincha bo’lsa desorbtsiya jarayoni boradi. Asosan havo namligini sorbtsiyalash va desorbtsiyalash o’zaro dinamik muvozanatda bo’lib, vaqt birligi ichida sorbtsiyalangan va desorbtsiyalangan suv miqdori bir xildir. Tashqi muhit suv parining partsial bosimi va temperaturasiga ma’lum miqdorda sorbtsiyalanadigan va desorbtsiyalanadigan suv miqdori mos keladi. Havo namligi 100% dan oshsa urug’lar havodan suv parini sorbtsiyalamay, tomchi-suyuklikni singdira boshlaydi. Bu namlik gigroskopik namlik deyiladi.
Urug’larning fiziologik xususiyatlarini nafas olish intensivligi, unib chiquvchanligi va unib chiqish energiyasi kabi ko’rsatkichlar baholaydi.
Urug’ massasi faqat bir turdagi urug’lardangina iborat bo’lmay boshqa urug’lar va qo’shimchalardan tashkil topgan. Bu qo’shimchalar mineral va organik ifloslardan va zaharlangan urug’lardan iborat bo’ladi.
Urug’larning nafas olish intensivligi yuqorida ko’rib chiqqanimizdek saqlash jarayoniga ta’sir qiladi. Bu ko’rsatkichni vaqt birligida ajralib chiqqan CO2 ning miqdoriga qarab aniqlash mumkin. Urug’larning nafas olish intensivligi va unib chiquvchanligi ko’rsatkichlari ko’prok agrotexniklar uchun ahamiyatlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |