3.9. Nazorat savollari
1. GMS-50 universal gidravlik mashinaning ishlash prinsipi qanday?
2. Richagli tenzometrning ishlash prinsipi qanday?
3.Nega Puasson koeffitsiyentini aniqlashda ko‘ndalang deformatsiyasi ning nisbiy bo‘ylama deformatsiya ga nisbatining absolyut qiymati olinadi?
4.Nega tajribada 2 ta tenzometrdan foydalaniladi va ular qanday o’rnatiladi?
5. Puasson koeffitsiyenti qaysi oraliqda bo‘lishi kerak?
4-laboratoriya ishi
Turli xil materiallar – po’lat, cho’yan va yog’ochni siqilishga sinash
4.1. Ishdan maqsad
1. Plastik va mo‘rt izotrop va anizotrop materiallarni siqilishga sinab, ularning xossalarini taqqoslab o‘rganish.
2. Sinaladigan materiallarning siqilishda mustahkamlik chegaralarini aniqlash.
4.2. Ish bo‘yicha asosiy tushunchalar
Turli markali po‘latlar, mis, bronza va alyuminiy plastik material hisoblanadi. Ulardan yasalgan namuna siqilishga sinalganda katta qoldiq deformatsiya hosil bo‘ladi. Namuna deyarli yemirilmasdan juda yalpoqlanib ketadi. Siqilishda plastik materiallar uchun faqat proporsionallik chegarasini aniqlash mumkin. Vaqtli qarshilikka (mustahkamlik chegarasiga) mos keluvchi kuchni aniqlab bo‘lmaydi, chunki namuna yalpoqlanib, ko‘ndalang kesim yuzi ortgan sari, uning deformatsiyasini yana oshirish uchun ko‘proq yuk qo‘yishga to‘g‘ri keladi. Plastik materiallarning siqilish diagrammasi 4.1-jadvalda keltirilgan.
Cho‘yan, beton, tosh va g‘isht mo‘rt material hisoblanadi. Bunday materiallardan yasalgan namuna siqilishga sinalganda qoldiq deformatsiyaga ega bo‘lib, to‘satdan yemiriladi. Namunada darzlar hosil bo‘lib, material uchun mustahkamlik chegarasini aniqlash mumkin bo‘ladi. Buning uchun namunaga qo‘yilgan yemiruvchi yukni namunaning ko‘ndalang kesim yuziga bo‘lish kerak. Cho‘yan uchun chizilgan siqilish diagrammasi 4.1-jadvalda ko‘rsatilgan.
Po‘lat, cho‘yan, mis, bronza, beton va toshlar izotrop materialdir. Ularning mexanik xarakteristikalari yuk materialga qanday yo‘nalishda qo‘yilayotganiga bog‘liq bo‘lmaydi.
Anizotrop materiallar tolali tuzilishga ega bo‘lib (yog‘och, ba’zi plastmassalar), ularning mexanik xarakteristikalari qo‘yilgan yuk yo‘nalishiga bog‘liq. Masalan, yog‘ochdan kub rasmida namuna tayyorlab, unga tolalariga tik va bo‘ylama yo‘nalishlarda yuk qo‘yib sinalsa har xil mexanik xarakteristikalar olinadi. Tolalari yo‘nalishida yuk qo‘yilgan yog‘och namuna siqilishga yaxshi qarshilik ko‘rsatadi. U mo‘rt materialga o‘xshash kam qoldiq deformatsiya hosil qilib yemiriladi.
Agar yog‘och namuna tolalariga perpendikulyar yo‘nalishda yuk qo‘yib siqilishga sinalsa, u plastik material kabi deformatsiyalanadi. Yuk ta’sirida namunada katta qoldiq deformatsiya hosil bo‘lsa ham material yemirilishining aniq belgilari deyarli bo‘lmaydi. Yog‘och tolalari bo‘yicha va tolalariga perpendikulyar yo‘nalishda yuk qo‘yilganda olingan siqilish diagrammalari 4.1-jadvalda ko‘rsatilgan.
Umuman materiallarni plastik va mo‘rt materiallarga ajratilishi ma’lum darajada shartlidir. Bir xil material yuklanish tezligi va kuchlanish holatlariga hamda yuklangan vaqtdagi temperaturaga qarab plastik yoki mo‘rt material xossalariga ega bo‘ladi. Masalan, po‘lat past temperaturada mo‘rtlik xossalariga, cho‘yan esa yuqori temperaturada plastiklik xossalariga ega bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |