Rossiyada o‘tkazilgan yer islohotlari – 1861 yilda o‘tkazilgan bu islohotga qadar rus dehqonlari davlatga, dvoryan va pomeshiklarga qaram bo‘lgan krepostnoylar edilar. Islohotdan keyin dehqonlarga erkinlik berilib, qishloq xo‘jaligidan bo‘shagan aholining katta qismi shaharlarga ko‘chib keta boshladilar. Ammo, Rossiya shaharlari sanoat sohasida tajribasiz bo‘lgan sobiq dehqonlarni ish bilan ta’minlashga qodir emas edi. Natijada, rus ma’murlari «ortiqcha» notinch aholini ko‘chirish siyosatini olib bordilar.
Rus qishloqlari – Rossiya imperiyasining ko‘chirish siyosati tufayli paydo bo‘lgan, rus aholisi yashaydigan qishloqlar. Birinchi rus qishlog‘i 1875 yilda Avliyo ota tumanida paydo bo‘lib, o‘sha yili ularning soni Avliyo otada 8taga yetdi. Mahalliy aholining minglab gektar yeralri hisobiga ko‘chib kelganlarning yangi qishloq, posyolkalari bunyod etildi. 1875 yildan 1890 yilgacha o‘lkaga 1300ta oila ko‘chib kelib, 19ta rus qishlog‘i paydo bo‘lgan. 1891-1892 yillarda Rossiyadagi ocharchilik tufayli bu qishloqlar soni 25taga yetgan. 1910 yilga kelib Sirdaryo, Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida 124 ta rus qishlog‘i mavjud bo‘lib, ularda 70mingga yaqin rus aholisi yashardi. 1906-1913 yillar davomida esa Turkiston o‘lkasida 116 ta rus posyolkasi barpo etilgan.
Rus mujiklari – Rossiya imperiyasining ko‘chirish siyosati natijasida XIX asrning so‘nggi choragidan boshlab Turkistonga kelgan rus aholisi qatlami. Imperiya ma’muriyati har qanday qilib bo‘lsa ham unumdor yerlarni rus mujiklariga ajratib berishga harakat qilgan. Rus mujiklarining aksariyat qismi hozirgi Qozog‘iston va Qirg‘iston hududlariga joylashtirilib, ularga katta imtiyoz va imkoniyatlar berilgan. Mahalliy aholining ko‘plab qo‘zg‘olonlarini bostirishda harbiy kuchlardan tashqari ko‘chib kelgan rus mujiklari ham ishtirok etganligi manbalardan ma’lum. Aynan shuning uchun ham 1898 yilgi Andijon qo‘zg‘olonidan so‘ng rus mujiklari ko‘plab miqdorda miltiq va o‘q-dori bilan qurollantirib turilgan.
Ruslashtirish – Rossiyaning Turkistondagi mustamlaka siyosatida asosiy e’tiborda bo‘lgan jarayon. Bu jarayonning asosiy mohiyati – mahalliy aholini milliy-madaniy qadriyatlarini unutishga majbur etish, rus-tuzem maktablari orqali mahalliy aholi orasidan rus ma’murlariga sodiq xizmat qiluvchi kadrlarni tayyorlash, rus aholisini o‘lkaga ko‘chirib ularga turli-tuman imtiyozlar berish, ko‘chiruvchilik tadbirlari orqali o‘lkada rusiyzabon aholini ko‘paytirish va ularning iqtisodiy mavqeini kuchaytirish, mahalliy aholini istagancha xo‘rlash hamda kamsitishdan iborat edi. Bu jarayon esa, buyuk rus shovinizmining ijtimoiy-iqtisodiy zaminini yaratdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |