Mardikorlikka olish – 1916 yil 25 iyunda rus podshosi Nikolay IIning «Imperiyadagi rus bo‘lmagan erkak aholini harakatdagi armiya rayonlarida mudofaa inshootlari va harbiy aloqa yo‘llari qurish uchun zarur bo‘lgan boshqa har qanday ishlarga jalb qilish” haqida e’lon qilgan farmonining mahalliy xalq ichidagi atamasi. Ushbu farmonga ko‘ra, Sibir, O‘rta Osiyo, Qozog‘iston va Kavkazorti xalqlaridan 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan 400 ming kishi safar qilinishi rejalashtirilgan. Jumladan 50 ming nafar Farg‘ona viloyatidan, 87 ming nafar Sirdaryo viloyatidan, 88 ming nafar Samarqand viloyatidan mardikor olish e’lon qilindi. Natijada 1916 yil 4 iyuldan boshlab mardikorlikka olishga qarshi mahalliy aholining ommaviy harakatlari boshlandi.
Mang‘itlar – XVII asrning ikkinchi yarmidan Buxoro davlatida hokimiyat tepasiga kelgan sulola. Bu sulolaning asoschisi Rahim biy ibn Hakimbiy ibn Xudoyorxon bo‘lib, u 1756 yilda sayyidlar, xo‘jalar va ruhoniylar tomonidan Buxoroda xon qilib ko‘tarilgan bo‘lsa-da, o‘zini “noib ul-hukumat” (hokim o‘rinbosari) deb atagan. 1875 yilda Shohmurod «amir (ul-mo‘minin)» unvoni bilan Buxoro taxtiga o‘tirgan. Amur Shohmuroddan so‘ng Buxoro taxtini amir Haydar, amir Husayn, amir Umar, amir Nasrulloh, amir Muzaffar, amir Abdulahad, amir Olimxonlar boshqarganlar. Amir Muzaffar davrida Buxoro amirligi Rossiyaning vassaliga (1868 y.) aylandi. Oxirgi hukmdor amir Olimxon 1920 yilda bolsheviklar tomonidan taxtdan tushirildi. Olimxon 1944 yil 29 aprelda Afg‘onistonning Qobul shahrida vafot etgan va o‘sha yerda dafn etilgan.
Milliy ozodlik harakatlari – zamonaviy adabiyotlarda Rossiya imperiyasi bosqini va zulmiga qarshi olib borilgan kurashlarning umumiy atamasi. Rossiya imperiyasi o‘lkani bosib olgan dastlabki davrdan boshlab to 1917 yilga qadar ko‘pdan-ko‘p milliy ozodlik harakatlari bo‘lib o‘tgan. Ularning eng yiriklari, chor hukumatini ham larzaga solganlari quyidagilar: 1878 yil Andijondagi Yetimxon qo‘zlag‘oni, 1873-1876 yillar Qo‘qon xonligidagi Po‘latxon qo‘zg‘oloni, 1885-1890 yillar Andijonning Qo‘rg‘ontepa uyezdidagi Darveshxon to‘ra harakatlari, 1892 yil Toshkentdagi “Vabo isyoni”, 1898 yil Andijondagi “Dukchi Eshon” qo‘zlag‘oni, 1904-1907 yillar Samarqand viloyatidagi “Namoz botir” harakatlari, 1916 yilgi “Jizzax qo‘zlag‘oni” nomini olgan butun o‘lkada yoyilgan harakatlar. Ushbu milliy-ozodlik harakatlari mahalliy xalqlarning iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotidagi tengsizlik va adolatsizlikka qarshi stixiyali (o‘z-o‘zidan) noroziligi sifatida shakllanib borgan bo‘lsa, keyinroq bu harakatlar imperiya mustamlakachiligiga butunlay barham berish, yangi mustaqil Turkiston davlatini barpo etish g‘oyalari bilan bog‘lanadiki, bunday g‘oyalarning shakllanishi va yoyilishida jadidlar alohida jonbozlik ko‘rsatgan edilar.
Minglar - XVIII asrning boshlarida ashtarxoniylardan mustaqil Qo‘qon xonligini tashkil etgan sulola. Sulola asoschisi Shohruhbiy ibn Ashur Muhammad (1709-1710 yy.) Chodak xo‘jalari qo‘lida bo‘lgan siyosiy hokimiyatni kuch bilan tortib olib, 1709/1710 yilda Farg‘ona vodiysidagi minglar sulolasiga asos soldi. Shohruhbiydan keyingi hukmdorlar Abdurahimbiy, Abdukarimbiy, Norbo‘tabiylar davrida oliy hukmdor «biy» va “bek” unvonlari bilan atalgan bo‘lsa, Olimxon davridan (1805 y.) hukmdorlar rasman “xon” deb yuritila boshlandi. Minglar sulolasining kuchaygan davri Umarxon (1810-1822 yy.) davriga to‘g‘ri keladi. XIX asrning o‘rtalariga kelib Qo‘qon xonligidagi siyosiy jarayonlar va ichki nizolar og‘irlashib, buning ustiga Rossiya istilosi boshlandi. 1876 yil 19 fevralda 150 yildan ko‘proq hukm surgan Qo‘qon xonligidagi minglar sulolasi tugatilib, uning o‘rniga Turkiston general-gubernatorligining Farg‘ona viloyati tashkil topdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |