Agrar siyosat – Rossiya imperiyasi Turkistonni bosib olgach yer-suv masalalariga doir olib borilgan siyosat. Turkistonni paxta xom ashyosi yetishtiradigan mutsamlakaga aylantirish, Turkiston hisobiga paxta mustaqilligiga erishish Rossiya agrar siyosatining bosh maqsadi qilib belgilangan. Rossiya imperiyasining Turkistonda yuritgan agrar siyosatida Rossiyadagi “ortiqcha aholini” ko‘chirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Chor hukumati olib borgan agrar siyosat tufayli, tez orada o‘lkaning barcha hosildor yerlari Rossiya imperiyasining ulkan daromad manbaiga aylandi.
Amerika paxtasi – XIX asrning birinchi yarmida Rossiya sanoatini ta’minlab turgan paxta navi. 1861-1864 yillarda AQShdagi fuqarolar urushi tufayli Rossiyaga paxta yetkazish keskin kamayib ketdi. Chor ma’muriyati sanoatchilari Turkistondagi AQShga nisbatan arzon paxta yetishtirishni ko‘paytirish bilan birga o‘lkada Amerika navini joriy etish chora-tadbirlarini ham ko‘rdilar. Bu paxta navi 1875 yilda Toshkent yaqinida, Buxoro xonligida, 1878 yilda Andijon, Namangan, Qo‘qon va Marg‘ilonda ekilgan. Rossiya to‘qimachilik korxonalaridagi sinovdan yaxshi o‘tgan bo‘lsada, bu nav kam hosillik bo‘lgani uchun, XIX asrning 80-yillaridan ko‘p hosilli va sifatli Amerika paxtasining «Upland» navi mahalliy sharoitga moslashtirildi.
Amirilashkar Alimquli – Vatan ozodligi va erki yo‘lida jonini tikkan, uning har bir qarich yerini maqaddas bilib, dushman qo‘lida qoldirmaslik uchun fidokorona kurash olib borgan davlat arbobi. 1862 yilda Qo‘qon xoni Shohmurdbek Alimquliga Amirilashkar oliy unvonini bergan. Alimquli 1865 yilda ruslar bilan Toshkent uchun bo‘lgan jangda og‘ir yaralanib, haloq bo‘lgan.
Bekovich-Cherkasskiy ekspeditsiyasi – 1817 yilda rus imperatori Pyotr I tomonidan Xiva xonligiga yuborilgan harbiy qo‘shin. Bu ekspeditsiyaga asli vatani Qabarda (Kavkazda) bo‘lgan Iskandarbek, keyinchalik nasroniy dinini qabul qilib Aleksandr Bekovich-Cherkasskiy nomini olgan Preobrajensk polki poruchigi rahbarlik qilgan. Bekovichga Pyotr I tomonidan maxfiy yo‘riqnoma berilgan bo‘lib, unda Amudaryoning Kaspiyga quyilgan eski o‘zanida istehkom qurish, Xiva xonligini Rossiya tobeligiga o‘tkazish, Kaspiy dengizi orqali Hindistonga boradigan yo‘llarni aniqlash, Xiva va Buxoro davlatlari haqida ma’lumotlar to‘plash alohida ta’kidlangan edi. Bekovich 1817 yil may oyida 6 000 kishilik qo‘shin bilan Guryevga yetib keladi va bu yeradan 3000 kishilik qo‘shin bilan Xiva tomonga yuradi. Xiva xoni Sherg‘ozixon Cherkasskiy bilan muzokaralar olib borib uni qo‘shinni besh qismga ajratishga ko‘ndiragan va bo‘lingan qo‘shinlarni qirib tashlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |