Mustamlakachilik siyosati - XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Rossiya imperiyasi Turkistonla olib borgan siyosat. Bu siyosat Turkiston xalqlarining siyosiy, ijtimoiy – iqtisodiy va madaniy hayotiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu siyosatning mohiyati – boshqaruv sohasida shafqatsizlikka asoslangan nayranglar, o‘lkani ruslashtirish, o‘lkani xom ashyo manbai va rus sanoati mahsulotlari bozoriga aylantirish, milliy hurfikrlikni bug‘ib qo‘yish va yo‘qotish, sanoatni Rossiya manfaatlariga mos ravishda rivojlantirish, milliy-madaniy qadriyatlariga xizmat qiluvchi har qanday jarayonlarga yo‘l bermaslik kabilar edi.
Namoz Pirimqulov – XX asr boshlarida, aniqrog‘i, 1904-1907 yillar Samarqand viloyatida rus mustamlakachilariga qarshi norozilik harakatlariga boshchilik qilgan. Xalq orasida “Namoz botir” nomi bilan tanilgan. Namoz Pirimqulov harakati Samarqand viloyatining Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Jizzax va Xo‘jand tumanlari, Buxoro amirligining chegara hududlarida keng yoyilgan. Harakat qatnashchilari volost boshliqlari, oqsoqollar, chorvador boylarning mol-mulklarini tortib olib kambag‘allarga bo‘lib berganlar. Qasoskorlar chor ma’muriyati vakillari va ularning tarafdorlarini ayovsiz jazolaganlar. Namoz Botir 1905 yil oktyabda sotqinlar tufayli qamoqqa olinib, 1906 yil 2 fevralda turmadan qochishga muvaffaq bo‘ldi. Uning guruhiga qarshi Turkiston jangovar kazak diviziyasi qismilari yuboriladi. Turkiston general-gubernatori «o‘zbek Dubrovskiysi» bo‘lmish Namoz botirni qo‘lga olishni tashkil qilish operatsiyasiga Samarqand viloyati harbiy gubernatorining yordamchisi polkovnik Susaninni shaxsan javobgan qilib tayinlagan. Namoz botir 1907 yil 3 iyunda (yana bir taxminda 1 iyunda) xiyonatkorona o‘ldirildi.
Nizomlar – Rossiya imperiyasi tomonidan Turkiston o‘lkasini boshqarish uchun joriy etilgan qonun loyihalari. Boshqaruv tizimi Rossiya hukumati uchun juda muhim bo‘lib, bosib olingan joylarda mustamlakachilik siyosatini olib borishda asosiy tayanch hisoblangan. Aynan shuning uchun ham 1865-1916 yillar oralig‘ida o‘nta (1865, t1867, 1871, 1873, 1882, 1884, 1886, 1908, 1912, 1916 yillar) Nizom loyihasi ishlab chiqilgan. Ularning moddalaridagi adliya, moliya, harbiy, ichki ishlar va boshqa vazirliklar kiritgan o‘zgarishlar Turkiston ma’muriyati boshqaruvining keskin harbiylashgani bilan ajralib turadi.
Oloy malikasi – Qurbonjon Mamat qizi. «Oloy malikasi» nomi bilan dovrug‘ qozongan bu ayol 1811 yilda O‘sh yaqinidagi Modi qishlog‘ida qirg‘iz cho‘poni oilasida tug‘ilgan. Andijon hokimi Olimbekning rafiqasi bo‘lgan. Qurbonjon Qo‘qon xoni, saroy hayoti, xon amaldorlari bilan yaqindan tanishib, Nodirabegim, Uvaysiy va boshqalar bilan muloqotda bo‘lganligi bois, eri Olimbekka Andijon viloyatini boshqarishda ko‘maklashib turgan. U eri Olimbek kabi ot chopish, o‘q otish, qilichbozlik sohasida ko‘pchilikni hayratda qoldirgan. 1863 yilda Olimbek fitna orqali o‘ldirgach, Qurbonjon ko‘p o‘tmay o‘z yurtiga qaytib keladi va u yerda «Oloy malikasi» degan nom oladi. 1865 yilda Buxoro amiri bilan Qo‘qon xoni tarixda birinchi marta ayol kishiga «Dodxoh» - sarkarda unvonini berdilar. Xudoyorxon bu ayolni butun Oloy vodiysiga hokim etib tayinladi. Rus istilochilarining Qo‘qon xonligini bosib olishiga qarshi kurashda Qurbonjon dodxoh va uning o‘g‘illari ham faol ishtirok etdilar. O‘zaro urushni to‘xtatish haqidagi muzokaralardan so‘ng general Skobelev Qurbonjon dodxoh bilan uchrashib, uning yelkasiga zarbof chopon yopdi. Rus qo‘mondonligi uni general sifatida tan oldi. Qurbonjon dodxoh 31 nevara, 57 chevara, 6 evara ko‘rib, 1907 yilda O‘shda vafot etgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |