Qadimgi davrda O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘ida davlat birlashmalarining har xil shakllari mavjud bo‘lgan:
1. Davlat tipi – podsholik. Boshqaruv shakli – mutloq monarxiya.
2. Davlat tipi – konfederativ podsholik. Boshqaruv shakli – cheklangan monarxiya. Ular odatda qabila boshliqlari yoki o‘z tangasini zarb qiluvchi urug‘ boshliqlari tomonidan boshqariladigan bir nechta mustaqil o‘lkalardan iborat bo‘lgan.
3. Davlat tipi – mulkka egalik qilish. Boshqaruv shakli – qabila doxiylari yoki urug‘ boshliqlarining meros qilib qoldiriladigan hokimiyati.
avlatlar paydo bo‘lishining navbatdagi omili – osiyocha ishlab chiqarish usuliga asoslangan «Sharq yo‘li» bo‘lib, unda iqtisodiyotning asosini sug‘orma dehqonchilik tashkil etgan. Ishlab chiqarishning osiyocha usuli mil.avv. V ming yillikdan milodiy I asrgacha daryolar vodiylarida joylashgan Misr, Bobil, Xitoy, Hindiston, O‘rta Osiyo kabi hududlarda yoyilgan. Davlat tuzilmasining «evropacha yo‘li» yevropa hududida mil.avv. V asrdan boshlab milodiy III asrgacha qadimgi yunon polislarida mavjud bo‘lgan. Ularda xususiy mulkchilik shakllanishi tufayli kelib chiqqan jamiyatning ijtimoiy mulkiy tabaqalanishuvi jarayoni (tabaqalar shakllanish jarayoni) asosiy omil bo‘ldi. Milloddan avvalgi IV ming yillik eneolit davridayoq O‘rta Osiyoning janubida sug‘orma dehqonchilik vujudga keldi, anhorlar va ariqlar ochildi, unumdor yerdan keng foydalanib, turli o‘simliklar (arpa, bug‘doy, javdar) ekildi, mevachilik ham rivojlandi. Bronza davrida esa sun'iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilik O‘rta Osiyo xo‘jaligining asosini tashkil etdi. Sug‘orma dehqonchilikning yuqori unumdor shakllari jamiyatda hal qiluvchi o‘zgarishlarga olib keldi. Xususan, dehqonchilik rivoji natijasida qo‘shimcha mahsulot va xususiy mulk ko‘rinishlari paydo bo‘ldi. Tadqiqotchilarning fikrlariga qaraganda, sun'iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilik O‘rta Osiyo xo‘jaligining asosi hisoblanib, bu jarayon janubiy Turkmaniston, Tojikiston va O‘zbekistonning janubida bronza davrida, Toshkent vohasi, Farg‘ona vodiysi hududlarida esa ilk temir davrida shakllanib rivojlandi. O‘rta Osiyoda ilk davlat uyushmalari sun'iy sug‘orish birmuncha qulay bo‘lgan Amudaryo (yuqori, o‘rta, quyi) oqimlari bo‘ylarida, Murg‘ob vohasida, Zarafshon va Qashqadaryo vohalarida shakllanib rivojlanadi. Bunday holatni dunyo tarixidagi dastlabki davlatlar – Misr (Nil) va Mesopotamiya (Dajla va Frot) misolida ham kuzatish mumkin.
Ilk davlatlarning paydo bo‘lishida suniy sug‘orishga asoslangan dehqonchilik xo‘jaligi bilan bir qatorda hunurmandchilik, o‘zaro ayirboshlash, savdo – sotiq va madaniy aloqalarning ham ahamiyati nihoyatda katta bo‘lgan. Dastavval shuni aytish joizki, O‘rta Osiyo hududlarida yashagan aholi qadimgi davrlardan boshlab o‘zaro munosabatlarni rivojlantirib kelganlar. Bronza davriga kelib shimoldagi ko‘chmanchi chorvador qabilalar va janubdagi o‘troq dehqonchilik aholisi o‘rtasida o‘zaro mol ayirboshlash va madaniy aloqalar yanada jadallashadi. Bu o‘rinda o‘sha davrda shakllanib keyinchalik ancha rivojlangan qadimgi yo‘llarning ahamiyati beqiyos bo‘ldi. O‘rta Osiyo qadimgi aholisi mintaqadan tashqari qo‘shni davlatlar bilan ham o‘zaro aloqalarni rivojlantirganlar. Bu o‘rinda shuni ta'kidlash joizki, qimmatbaho Badaxshon (Tojikiston) lojuvard toshlari mil avv. III ming yillikdayoq Mesopotamiya va Misr shaharlarida nihoyatda qadrlangan va bu hududlar bilan o‘zaro mol ayirboshlash munosabatlari o‘rnatilgan. Undan tashqari, Mesopotamiya, Misr, Hindiston, Eron, O‘rta Osiyo yodgorliklaridagi so‘nggi bronza va ilk temir davri topilmalaridagi juda ko‘pgina o‘xshashliklar bu hududlar o‘rtasidagi o‘zaro iqtisodiy va madaniy aloqalardan dalolat beradiki, bu jarayon ham ilk davlatchilikning asosiy omillaridan biri hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |