132-modda. Kelishuv bitimining shakli va mazmuni Kelishuv bitimi yozma shaklda tuziladi va kelishuv bitimini tuzgan shaxslar yoki ularning vakillari tomonidan imzolanadi.
Kelishuv bitimida taraflar tomonidan kelishilgan majburiyatlarni bajarish shartlari va muddatlari haqidagi qoidalar ko‘rsatilishi kerak.
Taraflar tomonidan kelishuv bitimi shartlari bo‘yicha qabul qilingan majburiyatlarning bajarilishi taraflarni bir-biriga yoki boshqa voqealarga (harakatlarga) bog‘liq qilib qo‘yishi mumkin emas.
Kelishuv bitimida javobgar tomonidan majburiyatlarni kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib ijro etish to‘g‘risidagi, talab qilish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish haqidagi, qarzdan to‘liq yoki qisman voz kechish yoxud qarzni tan olish to‘g‘risidagi, sud xarajatlarini taqsimlash haqidagi shartlar va qonunga zid bo‘lmagan boshqa shartlar ko‘rsatilishi mumkin.
Agar kelishuv bitimida sud xarajatlarini taqsimlash haqidagi shart mavjud bo‘lmasa, sud bu masalani kelishuv bitimini tasdiqlash chog‘ida, ushbu Kodeksda belgilangan umumiy tartibda hal etadi.
Kelishuv bitimi uni tuzgan shaxslar sonidan bitta ortiq nusxada tuziladi va imzolanadi. Ushbu nusxalardan biri ish materiallariga qo‘shib qo‘yiladi.
LexUZ sharhi Qarang: Mazkur Kodeksning 130, 131, 133, 134-moddalari. LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 18.12.2009-yildagi 204-sonli “Iqtisodiy sudlar tomonidan kelishuv bitimini tasdiqlashda protsessual qonun normalarining qo‘llanilishiga oid ayrim masalalar to‘g‘risida”gi qarorining 9 — 11-bandlari. 133-modda. Kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish Kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala qaysi sudning ish yurituvida bo‘lsa, o‘sha sud tomonidan sud majlisida ko‘riladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud majlisining vaqti va joyi haqida ushbu Kodeksning 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinadi.
Sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi kelishuv bitimini tasdiqlash haqidagi masalani ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmaydi.
Sud kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risida ajrim chiqaradi, unda ish yuritish tugatilganligi ko‘rsatiladi.
Kelishuv bitimi sud hujjatini ijro etish bosqichida tuzilgan taqdirda, bitim ishni ko‘rgan birinchi instansiya sudiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
Ijro bosqichida tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlash masalasi kelishuv bitimi sudga taqdim etilgan kundan e’tiboran o‘n besh kunlik muddatda, ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha ko‘riladi.
Kelishuv bitimini tasdiqlash haqidagi ajrimning xulosa qismida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
1) kelishuv bitimining shartlari;
2) kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi xulosa;
3) sud xarajatlarini taqsimlash;
4) ish yuritishni tugatish haqidagi ma’lumot.
Oldingi tahrirga qarang. Apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining kelishuv bitimini tasdiqlash haqidagi qarorining xulosa qismida ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan ma’lumotlardan tashqari, ish bo‘yicha avval qabul qilingan barcha sud hujjatlarini bekor qilish haqidagi ko‘rsatma bo‘lishi kerak.
(133-moddaning yettinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi O‘RQ-663-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/663/0013-son) Sudning ijro bosqichida tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi ajrimining xulosa qismida kelishuv bitimining shartlari va kelishuv bitimini tasdiqlash haqidagi xulosa bo‘lishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang. Kelishuv bitimini tasdiqlash haqidagi sud hujjati ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
(133-moddaning to‘qqizinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi O‘RQ-663-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/663/0013-son) Kelishuv bitimini tuzgan shaxslar uni ushbu bitimda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda ixtiyoriy ravishda bajaradi.
Sud tomonidan tasdiqlangan, kelishuv bitimida nazarda tutilgan muddatlarda ixtiyoriy ijro etilmagan kelishuv bitimi uni tuzgan shaxsning iltimosnomasi bo‘yicha sud tomonidan beriladigan ijro varaqasi asosida, bitimning ushbu Kodeks V bo‘limi qoidalariga binoan, sud xarajatlarini undirishga taalluqli qismi esa sudning tashabbusi bilan majburiy ijro etilishi lozim.
LexUZ sharhi Qarang: Mazkur Kodeksning 130 — 132, 134-moddalari. LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 18.12.2009-yildagi 204-sonli “Iqtisodiy sudlar tomonidan kelishuv bitimini tasdiqlashda protsessual qonun normalarining qo‘llanilishiga oid ayrim masalalar to‘g‘risida”gi qarorining 12, 14 — 18-bandlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 15.06.2012-yildagi “Iqtisodiy sudlar tomonidan hakamlik muhokamasi bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishda qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 238-sonli Qarorining 24-bandi.