Ozlik olmoshi. Aniq yakka shaxsni ajratib ko`rsatish uchun ishlatiladigan o`z so`zi o`zlik olmoshi deyiladi. Bu olmosh kishilik olmoshlari (men -o`zim , sen -o`zing) o`rnida, shuningdek ot o`rnida ( To`lqin -o`zing) qo`llanib, egalik qo`shimchasini oladi va har uchala shaxsni ko`rsatadi: o`zim , o`zing, o`zi kabi. O`zlik olmoshi kelishik qo`shimchalarini oladi: o`zining, o`zini, o`zida, o`zidan .
O`zlik olmoshi gapda ega, aniqlovchi, to`ldiruvchi va kesim vazifasida keladi. O`zlari ham yoshliklarida chavgon o`ynaganlar.(P.Q.) Bu dunyoda adolat o`zi yo`q! -dedi. (P.Q.) Domla Murodxo`ja o`zining yurishi bilangina emas, boshqa yana bir muncha sifatlari bilan ham o`rdakka o`xshardi.( A.Q.)
So`roq olmoshlari. Predmet, belgi, miqdor haqidagi so`roqni bildiradigan olmoshlar so`roq olmoshlari deyiladi. So`roq olmoshlari kim, nima, (predmet haqida), qanday, qanaqa (belgi haqida), necha , qancha (miqdor haqida), qachon, qaerda ( o`rin-payt haqida), so`roqlarni anglatadi. So`roq olmoshlari yordamida so`roq gaplar tuziladi. Lekin bu sandiqlarni kimga yasatadi? Oltin va javohirlarni qanday sarf qiladi ? Bu nodir xazinani qaerda yashiradi? (O.Yo.) Kim, nima, olmoshlari kelishik va egalik qo`shimchalarini oladi: kimning, kimim, nimam.
Kim, nima so`roq olmoshlari gapda ega , kesim aniglovchi, to`ldiruvchi vazifalarida keladi. Kim senga joy beradi? (S.A.) Belgi bildiruvchi qanday, qanaqa, olmoshlari aniqlovchi vazifasini bajaradi. Hamidalar qanday chaqqon o`ynashini hazrat bir ko`rsinlar. (P. Q.) O`rin va payt bildiruvchi qaer, qachon olmoshlari hol vazifasini bajaradi. U Hamidani g`alaba bilan muborakbod qilgandan keyin, kimning qizi ekanini va Agarda qaerdan kelganini so`roy boshladi. (P.Q.)
O`zing qachon kelding, og`a, -dedi, hayron bo`lib Ikromjon. (S.A.)
Belgilash olmoshlari. Predmet yoki shaxsning belgisini, ya`ni biror xususiyatini jamlab yoki ajratib ko`rsatish uchun ishlatiladigan olmoshlar belgilash olmoshlari deyiladi.
Shunga ko`ra belgilash olmoshlari jamlovchi va ajratuvchi belgilash olmoshlari kabi guruhlarga bo`linadi . Ajratuvchi belgilash olmoshlari so`roq olmoshlaridan oldin har so`zini keltirish bilan hosil bo`ladi: har kim, har nima, har qanday, har qancha, har qaysi kabi.
Bu olmoshlar umumiylikni yakka orqali ko`rsatish uchun ishlatiladi.
Predmet yoki belgini butun holda jamlab, umumlashtirib ko`rsatadigan olmoshlar jamlovchi olmoshlardir: hamma, barcha, bari, butun, kabi. Bu olmoshlar otlashganda egalik, kelishik qo`shimchalarini oladi: barchaning, barchamiz, kabi. Jamlovchi belgilash olmoshlarida jamlik ma`nosi mujassam bo`lganligi uchun ular umumlashtiruvchi so`z vazifasida keladi: Qirq yil saltanat tebratib, orttirgan boyligim, rasadxona va kulubxonam, bitilgan va hali nihoyasiga etmagan risola-yu, kitoblarim -barchasi sening qo`lingdadir.(O. O.)
Belgilash olmoshlari o`ziga xos sintaktik xususiyatlarga ega:
1. Bosh kelishik shaklida, gapda ega vazifasida keladi. Hamma qayrilib qaradi.(A.Q.)
2. Ot oldidan sifatlovchi aniqlovchi vazifasida keladi. Hayhot, barcha hunarmandlar, boyonlar g`irt omi.(O.)
3. To`ldiruvchi vazifasida keladi. Vujudi mo`jizaga har bir so`zi harakati hayotga chaqirib turgan shu qizga hamdard bo`lish uchun u hamma narsaga tayyor edi.(A.Q.)
Belgilash olmoshlari orasida ba`zi olmoshi xarakterli. Bu olmosh jamlovchi olmoshlar sirasiga mansub bo`lib jamlikning ma`lum qismini bildirishi bilan xarakterlanadi. Masalan, Suratlardan bazilarini Saidiyga ko`rgani berar, bazilarini esa aynima suratday yashirar, hatto stol ustiga ham qo`ymas edi.(A.Q.)
Bazi olmoshi ko`plik, egalik, kelishik ma`nolarini ifodalaydi: ba`zilar, ba`zilardan kabi.
Bo`lishsizlik olmoshlari. Mutlaqo mavjud bo`lmagan predmet, miqdorni ifodalash uchun ishlatiladigan olmoshlar bo`lishsizlik olmoshlari deyiladi. Bo`lishsizlik olmoshlari so`roq olmoshlaridan oldin , hech so`zini keltirish bilan hosil bo`ladi: hech kim, hech nima, hech qanday, hech qancha, hech qachon. Bo`lishsizlik olmoshlaridan hech kim, hech nima, mavjud bo`lmagan shaxsni, predmetni; hech qachon, hech vaqt mavjud bo`lmagan paytni; hech qanday, hech qaysi belgini; hech qancha mavjud bo`lmagan miqdorni, hech qayoqqa yo`nalishini bildiradi va o`rni bilan ega, to`ldiruvchi, aniqlovchi, hol vazifalarida keladi. Masalan, Hech kim va hech narsa unitilmaydi. U ishlatkan, hech narsani o`ylamasdi. (S.A.) U yoki, bu yoqqa qarab hech kimni ko`rmagandan keyin shoshib qamishlar orasiga kirib ketdi. (S.A.) Ammo u hech qachon Saidiyni kutib turganiga iqror bo`lmas edi.(A.Q.)
Bo`lishsizlik olmoshlari egalik va kelishik qo`shimchalarini olgan holda ishlatiladi: hech kimning, hech kimdan, hech kimim kabi. Bo`lishsizlik olmoshlari inkor ma`nosini bildiradi. Hech so`zi bir va narsa so`zlaridan oldin keltirilganda ham mavjud bo`lmagan narsa ifodalanadi va bo`lishsizlik olmoshi hosil bo`ladi: hech narsa kabi. Qalandar esa, garchand madrasani tark etgan bo`lsa ham, ko`nglida Mirzo Ulug`bek hazratlariga hech bir gina - qudrati yo`q. (O.Yo.)
Do'stlaringiz bilan baham: |