11-bob. Ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish parametrlarini shakllantirish tartibi
157. Ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish parametrlari (keyingi o‘rinlarda — kasbga o‘qitishga davlat buyurtmasi) mehnat organlari tomonidan shakllantiriladi.
158. Kasbga o‘qitish parametrlarini shakllantirish uchun axborotga:
demografik tahlil va O‘zbekiston Respublikasi demografik rivojlanishining prognozlari;
ishga joylashishga muhtoj ish bilan band bo‘lmagan aholi va ishsizlar sonini hisoblash va aholining ish bilan bandligi va ishga joylashtirish, mehnat resurslari balansi;
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturiga, hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlariga va tarmoqlarni modernizatsiyalash dasturlariga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan kasblar va kasbga o‘qitish yo‘nalishlari tahlili.
159. Kasbga o‘qitish parametrlari:
rivojlanish dasturlariga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish doirasida joriy etiladigan yangi ishlab chiqarish quvvatlari yoki mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish;
xizmat ko‘rsatish va servis sohasida yangi obyektlarni ishga tushirish, yangi uy-joy, ishlab chiqarish, ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obyektlarini qurish;
qishloq xo‘jalik ekinlari maydonlari hajmini oshirish, yangi bog‘lar, uzumzorlarni barpo etish, chorva bosh sonini ko‘paytirish hisobiga qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishi hajmlarini kengaytirish;
axoli tadbirkorlik faoliyatining o‘sishi, yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish, hunarmandchilik, tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga kreditlar ajratish;
investitsiya loyihalari va xususiylashtirilgan korxonalarni rivojlantirish “yo‘l xaritalari”ni amalga oshirish, foylanilmayotgan xonalar va binolarni ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etish uchun “nol” qiymatida investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar olish sharti bilan berish, shuningdek davlat mulki obyektlarini ijaraga berish munosabati bilan zarur ish o‘rinlari sonini aniqlash asosida hisoblanadi.
160. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tuzilmasiga kiruvchi kasb-hunarga o‘qitish markazlarida bitta o‘quvchiga sarflanadigan xarajatlar (keyingi o‘rinlarda — o‘rtacha xarajatlar) Kasbga o‘qitish parametrlarini shakllantirishda haq to‘lash qiymati va moliyalashtirish hajmlarini aniqlash mezoni bo‘lib xizmat qiladi.
161. Keyingi yil uchun kasbga o‘qitish parametrlari ishsiz fuqarolar va band bo‘lmagan aholining, shuningdek, malaka oshirishni yoki yangi kasbga ega bo‘lishni xohlovchi, mehnat bozorida talab qilinayotgan kasblar va mutaxassisliklar bo‘yicha kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirishga muhtoj bo‘lgan shaxslarning prognoz miqdoridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.
162. Kasbga o‘qitishga davlat buyurtmasi quyidagi o‘qitish turlari bo‘yicha amalga oshiriladi:
uzoq muddatli o‘qitish — o‘quv jarayoni 30 — 40 hafta davom etadi;
o‘rta muddatli o‘qitish — o‘quv jarayoni 5 — 25 hafta davom etadi;
qisqa muddatli o‘qitish — o‘quv 4 haftagacha davom etadi;
ish beruvchilarda o‘qitish — o‘quv jarayoni ish beruvchilarda ish faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lib, 25 haftagacha davom etadi;
maqsadli o‘qitish — o‘quv jarayoni 4 haftagacha davom etadi.
163. Kasbga o‘qitishga davlat buyurtmasini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga kasbga o‘qitish turlariga muvofiq quyidagi maqsadlarda va miqdorda amalga oshiriladi:
uzoq muddatli o‘qitish — O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tuzilmasiga kiruvchi kasb-hunarga o‘qitish markazlarini saqlash va moddiy-texnik rivojlantirish, har birining belgilangan quvvatiga muvofiq faoliyat yuritishi xarajatlaridan kelib chiqib;
o‘rta muddatli o‘qitish — kasb-hunarga o‘qitish markazlarida kasbga o‘qitish uchun 1 ta o‘quvchiga grant ajratish hisobiga, uzoq muddatli o‘qitishga o‘rtacha xarajatlarning 75 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda;
qisqa muddatli o‘qitish — kasb-hunarga o‘qitish markazlarida kasbga o‘qitish uchun 1 ta o‘quvchiga grant ajratish, uzoq muddatli o‘qitishga o‘rtacha xarajatlarning 10 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda;
ish beruvchida o‘qitish — keyinchalik ishga joylashtirish sharti bilan ish beruvchida kasbga o‘qitishga 1 o‘quvchiga grant ajratish hisobiga, bazaviy hisoblash miqdorining 4 barobaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda;
maqsadli o‘qitish — kasb-hunarga o‘qitish markazlarida kasbga o‘qitish bo‘yicha to‘liq kursga vakolatli organ tomonidan belgilangan miqdor va hajmlarda haq to‘lash.
164. Mehnat organlari keyingi kalendar yil uchun ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasbga o‘qitishga ehtiyoj prognozini shakllantiradi va har yili, prognoz yilidan oldingi yilning 1-oktabriga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalariga taqdim etadi.
165. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh boshqarmalari har yili, prognoz yilidan oldingi yilning 1-noyabriga qadar keyingi kalendar yil uchun parametrlarning hajmi va yo‘nalishlari bo‘yicha kasbga o‘qitishga ehtiyojni shakllantiradi va vakolatli organga taqdim etadi.
166. Vakolatli organ har yili prognoz yilidan oldingi yilning 1-dekabriga qadar ishsizlar soni, mehnat bozorining joriy holati va rivojlanish istiqbollari va O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining moliyalashtirilish holati tahlili asosida hududlar va kasbga o‘qitish turlari bo‘yicha kasbga o‘qitishning republika bo‘yicha parametrlarini shakllantiradi.
167. Kasbga o‘qitish parametrlari hududlar bo‘yicha kasbga o‘qitishning har bir turi bo‘yicha moliyalashtirishning prognoz hajmlarini ko‘rsatilgan holda O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
168. Kasbga o‘qitish parametrlari vakolatli organning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Kasbga o‘qitish parametrlari vakolatli organning rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan sana, grant asosida o‘qitish tashkil qilinadigan hollarda, ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasbga o‘qitishga tanlov e’lon qilingan sana hisoblanadi.
169. Kasbga o‘qitish parametrlari mehnat organlarida ro‘yxatga olingan va “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslarni kasbga o‘qitish, qayta o‘qitish va malakasini oshirish O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobiga amalga oshiriladi.
Kasbga o‘qitish, qayta o‘qitish va malakasini oshirish davrida ishsiz fuqarolarga qonunchilikka muvofiq stipendiya to‘lanadi.
Mehnat organida ro‘yxatga olingan va “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ishsiz deb e’tirof etilgan shaxs kasbga o‘qitishga grant olishni rad etishi mumkin. Ushbu rad etish ishsizlik nafaqasini to‘lashni to‘xtatish uchun asos bo‘lishi mumkin.
170. Fuqarolarning ishga joylashish va ish beruvchilarning malakali ishchi kuchini jalb etishga bo‘lgan ehtiyojlarini maksimal darajada qondirish maqsadlarida mehnat organlari quyidagi axborotni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bazasini shakllantiradi va doim yangilab boradi:
kasbga o‘qitish parametrlarining tasdiqlangan hajmi, uning kalendar yil davomidagi qoldiqlari;
kasb-hunarga o‘qitish markazlari, ularning o‘qitish yo‘nalishlari, o‘quv guruhlarining shakllanish jadvallari;
zarur malakaga ega shaxslarni ishga qabul qilishni xohlovchi ish beruvchilar;
malaka oshirishni yoki yangi kasbga ega bo‘lishni xohlovchi, mehnat bozorida talab qilinayotgan kasblar va mutaxassisliklar bo‘yicha kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirishga muhtoj bo‘lgan shaxslar;
kalendar yil davomida kasbga o‘qitish parametrlarini bajarishning borishi (moliyalashtirish hajmlari, yuborilganlar soni, amaldagi vaziyat).
Do'stlaringiz bilan baham: |