2-§. Kasb standartlarini ishlab chiqish, taqdim etish va tasdiqlash tartibi
136. Kasb standartlarini ishlab chiqish va dolzarbligini ta’minlash vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.
137. Kasb standartlari loyihalarini ishlab chiqish va tasdiqlash O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan metodik tavsiyalarga binoan quyidagicha amalga oshiriladi:
davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari, ta’lim, fan va ilmiy-joriy etish muassasalari — Respublika kengashi tomonidan tasdiqlanadigan reja-jadvalga muvofiq;
vakolatli organ tanlab olgan tashkilotlar — O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘laridan moliyalashtirish hisobidan vakolatli organ buyurtmasiga muvofiq;
tashabbus tartibida — ish beruvchilar birlashmalari, kasaba uyushmalari va boshqa manfaatdor tashkilotlar tomonidan.
138. Kasb standartlari loyihalarini kelishish tomonlarini belgilash, loyihalar bo‘yicha xulosalarni tayyorlash va ko‘rib chiqish Respublika kengashiga yuklatiladi.
139. Kasb standartini ishlab chiquvchi vakolatli organga kasb standarti loyihasini ko‘rib chiqish uchun quyidagilarni taqdim etadi:
tegishli jo‘natish rekvizitlariga ega bo‘lgan yo‘llanma xat;
kasb standarti loyihasi;
kasb standarti loyihasiga tushuntirish xati;
kasb standartini ishlab chiquvchi tashkilot to‘g‘risida ma’lumotlar.
140. Kasb standarti loyihasi, kasb standarti loyihasiga tushuntirish xati va ishlab chiquvchi tashkilot to‘g‘risida ma’lumotlar davlat va rus tillarida rasmiylashtiriladi, har bir varaq raqamlanadi va ishlab chiquvchi tashkilotning vakolatli mansabdor shaxsi tomonidan tasdiqlanadi.
141. Ushbu bandda ko‘rsatilgan hujjatlar buyurtma turidagi pochta jo‘natmasi ko‘rinishida yoki bevosita yo‘naltiriladi. Hujjatlar, shuningdek, elektron shaklda ham taqdim etilishi kerak.
142. Ishchi organ kasb standarti loyihasini quyidagi ketma-ketlikda, muddatlarda va sxemada ushbu Nizomga 10-ilovaga muvofiq ko‘rib chiqishni tashkil etadi:
1-bosqich — hujjatni qabul qilish va ro‘yxatga olish;
2-bosqich — kasb standarti loyihasini belgilangan tartibda muqaddam tasdiqlangan va ro‘yxatdan o‘tkazilgan, o‘xshash kasb standarti bor-yo‘qligi nuqtai nazaridan tekshirish;
3-bosqich — kasb standarti loyihasini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish uchun vakolatli organning rasmiy veb-saytiga joylashtirish;
4-bosqich — kasb standarti loyihasini, jumladan, Respublika kengashining haq to‘lash asosida jalb qilingan ekspertlari tomonidan o‘tkazilgan ekspertiza;
5-bosqich — ijobiy xulosa olinganda — kasb standarti loyihasini ekspert xulosasi bilan birga Respublika kengashiga taqdim etish;
6-bosqich — kasb standarti loyihasi Respublika kengashi tomonidan ma’qullansa — loyihani O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan tasdiqlash;
7-bosqich — kasb standarti tasdiqlangandan keyin Kasb standartlari milliy registrida ushbu Nizomda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish amalga oshiriladi.
143. Agar:
kasb standarti loyihasi ma’qullansa — ishchi organ 3 ish kuni ichida ishlab chiquvchiga tegishli axborotni yo‘llaydi;
ko‘rib chiqishning har qanday bosqichida og‘ish bo‘lsa (loyihani ishlab chiqish tartib-qoidalaridan chetga chiqish) — ishchi organ 10 ish kuni ichida loyihani ishlab chiquvchini, og‘ishning sababini ko‘rsatgan holda, yozma ravishda xabardor qiladi;
kasb standarti loyihasini ko‘rib chiqishda tuzatsa bo‘ladigan kamchiliklar mavjud bo‘lgan hollarda ishchi organ har qanday bosqichda 10 kalendar kun ichida ishlab chiquvchiga qayta ishlash uchun e’tirozlar va tavsiyalarini yo‘llaydi.
144. Kasb standartining qayta ishlangan loyihasi ishlab chiquvchi tomonidan qaytadan taqdim etiladi va vakolatli organ tomonidan yangidan kiritilgan standart sifatida ko‘rib chiqiladi.
145. Kasb standartini tasdiqlash O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan Respublika kengashi xulosasi asosida amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |