O‘z darsini o‘zi tahlil qilish
Dars yoki mashg‘ulotlar faqat o‘zgalar tomonidan tahlil qilinibgina qolmay, uni o‘tkazgan o‘qituvchining o‘zi tomonidan ham tahlil qilinishi mumkin. Shu o‘rinda aytish joizki, o‘z darsi yoki mashg‘ulotini tanqidiy tahlil qilib borishga o‘rgangan har bir o‘qituvchi ta’limda sifat va samaradorlikka erishadi. O‘z xatolarini ko‘ra bilgan o‘qituvchi rivojlana oladigan o‘qituvchi demakdir.
Kamchiliklarni tuzatish, o‘z darsini qayta ko‘rish maqsadida o‘qituvchi darsdan chiqqach, dars jarayonini to‘la eslashga harakat kiladi. Har bir dars bosqichida bajarilgan ishlar, qo‘llanilgan usullarni tahlil kiladi, ularni nimalar bilan to‘ldirish, to‘g‘irlash lozimligini aniqlaydi.
O‘z darsini o‘zi tahlil qilish, erishilgan yutuqlarini yaqqol ko‘rish va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etishga o‘rganish uchun o‘qituvchi ilg‘or tajribali o‘qituvchilarning darslariga kirib, o‘z darslari bilan taqqoslashi lozim.
O‘qituvchining o‘z darsini o‘zi tahlili - bu juda murakkab ichki jarayon bo‘lib, fikran amalga oshiriladi. O‘qituvchi o‘z-o‘zini tahlil qilganda, fikran o‘z darsini qismlarga bo‘lib, o‘z mushohada taqrizidan o‘tkazadi. Bunday usulda ishlashdan maqsad o‘tkazilgan darsni zamonaviy pedagogika, psixologiya, uslubiy va ilg‘or pedagogik tajribalar talabiga javob berishini aniqlash va shu jihatdan o‘z darsiga baho berishdan iboratdir. Shu yo‘l bilan o‘qituvchi o‘z darsining yutuq va kamchiliklarini aniqlab, pedagogik mahoratini takomillashtirish rejasini tuzishi lozim.
O‘z-o‘zini tahlil qilish uchun o‘qituvchi quyidagi savollarga
javob topishi kerak:
Darsni rejalashtirganda o‘quvchilarning o‘rganish natijalari va ularning o‘quv imkoniyatlari, o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olinganmi?
Hozirgi o‘tilgan mavzu o‘tgan mavzu bilan bog‘langanmi, kelasi dars uchun zamin tayyorlaydimi? O‘tilgan darsning boshqa darslar turkumida tutgan o‘rni qanday?
Darsni (ta’limiy, tarbiyaviy, rivojlantiruvchi) maqsadlari amalga oshirildimi? Ularning yaxlitligiga erishildimi?
Eshitish va aqliy qobiliyati, umumiy nutq rivojlantirish yuzasidan ishlarga e’tibor berildimi? (o‘quv fannning xususiyatidan kelib chiqqan holda)
Darsning tuzilishi o‘quv materialining mazmuniga, hal etiluvchi o‘quv topshiriqlarining tavsifiga mos keladimi? Darsning bir bosqichidan ikkinchisiga o‘tish to‘g‘ri amalga oshirildimi? Darsga ajratilgan vaqtdan unumli foydalaniladimi?
Darsninig asosiy mohiyati, belgilovchi g‘oyalari ta’kidlandimi?
Dars uchun tanlangan usul, vosita, tamoyillar yangi o‘quv materialining mazmuniga to‘g‘ri keladimi? O‘qitishning hozirgi zamon vositalaridan unumli foydalanildimi?
Darsda o‘quvchilarga yakka va tabaqalashtirilgan holda yondashildimi?
O‘quvchining darsda bilim, ko‘nikma, malakalarni egallashlarini nazorat qilish qanday tashkil etiddi? Ularga ko‘yilgan baholar tarbiyalovchi xarakterga ega bo‘lib, o‘qish faoliyatini rag‘batlantirdimi?
Darsda o‘quvchining bilish faoliyatini o‘stirishga va unda o‘qishga istakni shakllantirishga e’tibor berildimi?
Darsda ko‘rgazmali qurollar, o‘quv va texnik vositalardan foydalanish qay tarzda amalga oshirildi?
Darsdagi ruhiy muhit, o‘quvchilar va o‘qituvchining o‘zaro munosabatlari qanday?
Uy topshiriqlarini tekshirish metodikasi kay tarzda amalga oshirildi?
Darsda qanday qiyinchilikka duch kelindi, ularning sabablari nima va qaysi yo‘llar bilan bartaraf qilish mumkin?
Mazkur dars maqsadi va vazifasini amalga oshirish uchun o‘qituvchining bilim malakasi yetarlimi? O‘z bilimini qaysi yo‘nalishda yanada chuqurlashtirish zarur?
Do'stlaringiz bilan baham: |