o‘quv fanlari bloki — o‘quv rejasining kadrlar tayyorlash jarayonida aniq maqsad va vazifalarga erishish uchun davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi bilim, ko‘nikma va malakalarning o‘zlashtirilishini ta’minlaydigan o‘quv fanlarini birlashtiruvchi tarkibiy qismi;
o‘quv fani dasturi — ta’lim mazmuni, uning magistrlar tomonidan o‘zlashtirilishining eng maqbul usullari, axborot manbalari ko‘rsatilgan normativ hujjat;
yakuniy davlat attestatsiyasi — magistr darajasiga qo‘yiladigan malaka talablariga muvofiq holda, ma’lum talab va tartibotlar vositasida (fanlar bo‘yicha davlat attestatsiyasi va magistrlik dissertatsiyasi himoyasi) magistr tomonidan oliy ta’lim o‘quv rejasi va dasturlarining bajarilishi sifatini baholash.
3-bob. Ta’limni standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlar toifasi va turlari
8. DB MM DTS quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
zarvaraq (titul);
mundarija;
boshqaruv kadrlarini tayyorlashning normativ havolalari va asosiy tushunchalari;
ta’limni standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlar toifalari va turlari;
o‘quv rejasi va fanlar dasturlari mazmuniga qo‘yiladigan umumiy talablar;
malakaviy amaliyot va stajirovka mazmuniga qo‘yiladigan umumiy talablar;
o‘quv reja tuzilmasi;
kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish.
9. Magistratura mutaxassisligining davlat ta’lim standarti, o‘quv reja va fanlar dasturlari ta’lim jarayonini tashkil etuvchi normativ hujjatlar hisoblanadi.
4-bob. O‘quv reja va fanlar dasturlari mazmuniga qo‘yiladigan umumiy talablar
10. Akademiyada magistratura mutaxassisligining o‘quv rejasi va fanlar dasturlari mazmuni tahliliy fikrlash va strategik rejalashtirish, turli masalalarning maqbul yechimini topish, tashabbuskorlik va yetakchilik ko‘nikmalariga ega bo‘lgan boshqaruv kadrlarini tayyorlashning samaradorligini oshirish, shuningdek 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni inobatga olgan holda davlat va jamiyat boshqaruvini takomillashtirishga qodir salohiyatli kadrlarni tayyorlashga qaratilgan chuqur nazariy va amaliy bilimlar berishni nazarda tutgan holda shakllantiriladi.
11. Magistratura mutaxassisligi o‘quv rejasi tinglovchi tomonidan quyidagi majburiy bloklar (umummetodologik va mutaxassislik fanlari) o‘zlashtirilishini nazarda tutadi:
davlat boshqaruvining tayanch fanlari;
boshqaruvda mutaxassislik fanlar;
ixtisoslik fanlari (har bir ixtisoslik bo‘yicha alohida);
fakultativ kurslar.
O‘quv fanlari bloki doirasida joylardagi amaliy mashg‘ulotlar ham nazarda tutilishi mumkin.
O‘quv rejasida magistrlarning asosiy ish joyidagi boshqaruv faoliyati bilan uyg‘unlashgan tashkilotlarda malakaviy amaliyotni o‘tashi, asosiy ish joyida yoki taklif etilayotgan lavozim bo‘yicha stajirovka o‘tashi belgilanadi.
O‘quv rejasidagi fanlar dasturlarida o‘quv fanlarining dolzarb masalalari va muammolari bo‘yicha magistrning mustaqil ta’lim olishi nazarda tutiladi.
O‘quv reja va fanlar dasturlari respublika va hududlarning iqtisodiyoti, ijtimoiy tarmoqlari hamda boshqa sohalarida davlat va jamiyat boshqaruvi uchun muhim bo‘lgan nazariy va amaliy bilimlarni zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalari bo‘yicha chuqur bilim, amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga qaratilishi lozim.
O‘quv reja va fanlar dasturlari fan, texnika, iqtisodiy va ijtimoiy soha, davlat va xo‘jalik boshqaruvi sohasidagi islohotlarni hisobga olgan holda muntazam ravishda yangilab turilishi lozim.
O‘quv reja va fanlar dasturlari boshqaruv kadrlarini tayyorlashda zarur bo‘lgan tizimli yondashuvni amalga oshirish, o‘quv jarayoni mashg‘ulotlarini tashkil etishda faol va interfaol (aniqlik va noaniqlik sharoitida boshqaruv qarorlarini qabul qilish, o‘yinlar nazariyasi, turli vaziyatli masalalarni ko‘rib chiqish va h.k.) usullarni qo‘llash, tinglovchilarda boshqaruv ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish maqsadida auditoriyadan tashqari sayyor darslarni tashkil etish, fan dasturida ko‘zda tutilgan mavzularni chuqur o‘rganish maqsadida joylarda mashg‘ulotlar olib borishni nazarda tutishi lozim.
Magistrlarda bilim, ko‘nikma va malakalarni to‘liq shakllantirish uchun o‘quv reja va fanlar dasturlaridagi o‘quv fanlari ma’ruza, seminar, amaliy mashg‘ulot, suhbat va ilmiy munozaralar shaklida tashkil etilishi nazarda tutiladi.
12. O‘quv rejadagi fanlar bloklari mazmuniga qo‘yiladigan umumiy talablar:
a) Davlat boshqaruvining tayanch fanlari:
2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha bilimlar berilishi;
mamlakatda makroiqtisodiy siyosatni amalga oshirish zaruriyati, iqtisodiyotni tartibga solishning zamonaviy mexanizmlari, makroiqtisodiy darajada monetar, fiskal va boshqa usullardan tashabbuskorlik hamda yetakchilikda foydalanish to‘g‘risidagi tasavvurlarni shakllantirishi;
davlat, xo‘jalik va jamiyat boshqaruvining tashkiliy-huquqiy asoslari bo‘yicha bilimlarni shakllantirishi;
xorijiy mamlakatlar davlat boshqaruvining xususiyatlari va ijobiy tajribasi bo‘yicha bilimlarni shakllantirish;
boshqaruv qarorlarini qabul qilish va ularning ijrosini ta’minlashda adolat, qonuniylik va intizomni qaror toptirish bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirishi;
boshqaruvning zamonaviy usullariga, strategik rejalashtirish, tahliliy fikrlash va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha menejment hamda iqtisodiyotga doir bilimlarni ta’minlashi;
davlat boshqaruvida axborot texnologiyalardan foydalanish va “elektron hukumat” tizimini joriy etish natijasida davlat, jamiyat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbar kadrlarida zamonaviy dasturiy vositalardan foydalanish bo‘yicha bilimlarni shakllantirishi;
boshqaruv kadrlarida etika, liderlik va nutq madaniyati asoslari bo‘yicha bilimlarni egallash orqali notiqlik san’ati rivojlantirilishini ta’minlashi;
boshqaruv kadrlarining xalqaro muzokaralar va rahbarlik muloqotlarida xorijiy tilni qo‘llash bo‘yicha kerakli bilimlarni ta’minlashi lozim.
b) Boshqaruvda mutaxassislik fanlari:
tegishli soha davlat boshqaruvi mutaxassisligi uchun zarur bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish;
boshqaruv faoliyatida tahliliy fikrlash va strategik rejalashtirish, tashabbuskorlik va yetakchilik ko‘nikmalariga ega bo‘lishni ta’minlashi;
mamlakatda bandlik siyosatini amalga oshirishda ijtimoiy loyihalarni boshqarish va moliyalashtirish yo‘nalishlarida maqbul yechimlarni topish yuzasidan ko‘nikmalarni shakllantirish;
boshqaruv faoliyatida foydalaniladigan bilimlar bazasini yaratish, jamlash va ularni rahbarlik lavozimlarida qo‘llash bo‘yicha ko‘nikmalarni rivojlantirishi;
davlat moliyasini boshqarish va budjet hisobini yuritish jarayonlarini aks ettiruvchi dasturiy mahsulotlarni egallash bo‘yicha zarur ko‘nikmalarni shakllantirishi;
jamoat tashkilotlarini boshqarish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirishi;
boshqaruv sohasida tadqiqot ishlarini bajarish, rahbarlik faoliyatida boshqaruv qarorlarini qabul qilishda tizimli yondashish borasidagi bilimlar, amaliy mahoratlarni oshirishni nazarda tutishi lozim.
v) Ixtisoslik fanlari:
ixtisoslik fanlarining tarkibi va ularning mazmuniga qo‘yiladigan talablar davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi islohotlar, fan, texnika va texnologiyalarning zamonaviy yutuqlari, shuningdek, kadrlar buyurtmachilari hisoblangan davlat, jamiyat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda Akademiya Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
g) Fakultativ kurslar:
mamlakatda turli sohalarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar mazmun-mohiyati bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan fakultativ kurslar va ularning mazmuniga qo‘yiladigan talablar Akademiya Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
5-bob. Malakaviy amaliyot va stajirovka mazmuniga qo‘yiladigan umumiy talablar
13. Akademiya tinglovchilarining malakaviy amaliyoti va stajirovkasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi magistraturasi tinglovchilarining malakaviy amaliyot va stajirovkani o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom asosida tashkil etiladi.
14. Malakaviy amaliyot:
boshqaruv sohasidagi nazariy bilimlar asosida boshqaruv ko‘nikma va malakalarini shakllantirishni;
individual izlanish va tahliliy xulosalar asosida boshqaruv qarorlarini qabul qilishga, mustaqil ishlashga o‘rganishni;
o‘quv reja va fan dasturlarini amaliy o‘zlashtirish hamda rahbarlik ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida magistrning boshqaruv faoliyati bilan uyg‘unlashgan turli darajadagi tashkilot va korxonalarda rahbarga yordamchi sifatida faoliyat yuritishni;
magistrlik dissertatsiyasi mavzusi bo‘yicha zarur ma’lumotlar yig‘ishni ta’minlashi lozim.
15. Stajirovka:
magistrlik dissertatsiyasini yakunlash uchun ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish, nazariy va amaliy bilimlarni chuqurlashtirishni;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida boshqaruv sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirishni;
stajirovka obyektida mutaxassisligi doirasida tizimli izlanish va nostandart vaziyatlarda boshqaruv qarorlarini qabul qilish malakasini, amaliy kasbiy va ilmiy-tadqiqot kompetensiyalarni shakllantirishni;
o‘quv reja va fan dasturlarini amaliy o‘zlashtirish hamda rahbarlik ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida tinglovchining asosiy ish joyida yoki taklif etilayotgan lavozim bo‘yicha rahbarga referent-maslahatchi sifatida faoliyat yuritishni ta’minlashi lozim.
6-bob. O‘quv yuklamasining tuzilmasi
16. Barcha turdagi auditoriya va auditoriyadan tashqari o‘quv ishlarini o‘z ichiga olgan o‘quv yuklamasining eng yuqori hajmi haftasiga 54 soat qilib belgilanadi. Ishlab chiqarishdan ajralgan holda (kunduzgi) o‘qish shakli auditoriya mashg‘ulotlarining eng yuqori hajmi haftasiga — 36 soat qilib belgilanishi mumkin. Qolgan soatlar hajmi mustaqil ta’lim uchun ajratiladi.
17. Joriy, oraliq va yakuniy attestatsiyalarni hisobga olgan holda o‘quv reja va fan dasturining umumiy hajmi 2 yillik o‘quv davri uchun haftalik o‘quv yuklamalardan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Faol va interfaol shakllarda o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarning ulushi dasturning asosiy maqsadi, tinglovchilar kontingenti xususiyatlari va muayyan fan mazmuni bilan aniqlanadi. Tinglovchilarning akademik guruhlari (potok) uchun ma’ruza soatlari auditoriy vaqtining 40 foizidan oshmasligi zarur. Fan mavzularining kamida 25 foizi (umumiy yuklama hajmiga nisbatan) mustaqil ta’lim tarzida o‘zlashtirilishi lozim.
O‘qish muddati 2 yil bo‘lganda o‘quv jarayoni 92 haftani tashkil etadi.
Ta’lim dasturini o‘zlashtirish jarayonida kurslarning ayrim muammo va masalalari bo‘yicha tinglovchilarning mustaqil ishlari ko‘zda tutilishi lozim.
Ta’lim dasturini o‘zlashtirishda ayrim mustaqil ta’lim usullari ham ko‘zda tutiladi.
18. Nazariy ta’lim hajmi magistratura mutaxassisligi yo‘nalishlariga qarab quyidagi tarzda fanlar bloklari bo‘yicha taqsimlanadi:
Davlat boshqaruvining tayanch fanlari — 33 — 38 % gacha;
Boshqaruvda mutaxassislik fanlar — 33 — 38 % gacha;