oliy ta’lim muassasasi attestatsiyasi — oliy ta’lim muassasasida kadrlar tayyorlash mazmuni, darajasi va sifatining BKT OT DTS talablariga muvofiqligini aniqlovchi tadbir;
oliy ta’lim muassasasi akkreditatsiyasi — oliy ta’lim muassasasi faoliyati darajasining BKT OT DTS mezon va talablariga javob berishining davlat tomonidan e’tirof etilishi.
3-bob. Oliy ta’limni standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlar turlari
7. Oliy ta’limni standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlar quyidagilardan iborat:
oliy ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan boshqaruv kadrlarini tayyorlash sohasidagi magistraturaning aniq yo‘nalishlari bo‘yicha davlat ta’lim standarti;
oliy ta’lim muassasasi Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan magistratura mutaxassisligining o‘quv rejalari va o‘quv fanlari dasturlari;
oliy ta’lim muassasasi Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan oliy ta’lim muassasasi faoliyatining aniq yo‘nalishlarini tartibga soluvchi normativ hujjatlar.
8. Oliy ta’limning boshqaruv kadrlarini tayyorlash sohasini standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlarini ishlab chiqish mazkur BKT OT DTSga muvofiq amalga oshiriladi.
4-bob. Boshqaruv kadrlarini tayyorlash sohasida magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlari mazmuniga qo‘yiladigan umumiy talablar
1-§. Magistraturaning o‘quv rejalari mazmuni
9. Boshqaruv kadrlarini tayyorlash sohasida magistratura mutaxassisliklarining o‘quv rejalari va fan dasturlari davlat va jamiyatning boshqaruv kadrlariga bo‘lgan ehtiyojidan, fan, madaniyat, texnika, texnologiya yutuqlaridan, boshqaruv kadrlarini tayyorlash nazariyasi, uslubiyati va amaliyoti rivojlanishining jahon tendensiyalaridan, buyurtmachilar ehtiyojlaridan, boshqaruv fani va amaliyoti rivojlanishining asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqib, bitiruvchining davlat, xo‘jalik va jamiyat boshqaruvi sohasidagi kelgusi faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilishi zarur.
10. O‘quv rejalari tinglovchilar tomonidan quyidagi fan bloklarining o‘zlashtirilishini nazarda tutishi zarur:
umummetodologik fanlar;
mutaxassislik fanlari;
ilmiy faoliyat.
11. O‘quv rejalari ushbu fan bloklari bilan birga, tinglovchilar fikrini inobatga olgan holda oliy ta’lim muassasasi huzuridagi kengash (keyingi o‘rinlarda OTM kengashi deb ataladi) qarori bilan har yili belgilanadigan tanlov fanlarini ham o‘z ichiga olishi zarur.
12. O‘quv rejalari va dasturlarini o‘zlashtirishda ixtiyoriy fanlar sifatida rejalashtiriladigan hamda o‘quv fanlarining bir necha masalalari yoki muammolariga qaratilgan tinglovchilarning mustaqil ta’lim olishlari nazarda tutilishi lozim.
13. Magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha boshqaruv kadrlarni tayyorlash jarayoni o‘quv rejalariga muvofiq ravishda yakuniy davlat attestatsiyasi bilan tugallanishi lozim.
14. Bitiruvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasini tashkil etish hamda boshqaruv kadrlarini tayyorlashning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda magistrlik dissertatsiyasini himoya qilish tartibi, qoidalari va jarayoni OTM kengashi tomonidan tasdiqlanadigan nizom bilan tartibga solinadi.
2-§. O‘quv rejaning o‘quv fanlari bloklari mazmuniga qo‘yiladigan umumiy talablar
15. Boshqaruv kadrlarini tayyorlash sohasida magistratura mutaxassisligi o‘quv rejalari va fan dasturlarining mazmuni nazariy va amaliy bilimlar hamda ixtisoslik bo‘yicha kasbiy malakalar, tanqidiy, tahliliy, ilmiy-tadqiqot hamda ijodiy fikrlash, strategik hissiyot va bashorat qobiliyatini o‘zlashtirish zarurati hisobga olingan holda shakllantiriladi.
16. Umummetodologik fanlar bloki quyidagilarni nazarda tutishi lozim:
mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha zamonaviy konsepsiyalar, O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning milliy strategiyasi va konsepsiyasi maqsadi, vazifalari va ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha tasavvurlarni shakllantirish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlarida boshqaruvni huquqiy ta’minlash (tanlangan mutaxassislik xususiyatlarini inobatga olgan holda), davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek tadbirkorlik subyektlari faoliyatining huquqiy asoslari, boshqaruv xodimlarining qarorlar qabul qilishidagi vakolatlari hamda javobgarligi sohasida nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish;
zamonaviy menejment, tashkilotlar va inson resurslarini boshqarish psixologiyasi va sotsiologiyasi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni berish, tanqidiy, tahliliy, tadqiqot olib borish hamda ijodiy fikrlash ko‘nikmasini, zamonaviy liderlik sifatlari va qobiliyatini shakllantirish;
boshqaruvda ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, “Elektron hukumat” tizimi xususiyatlaridan foydalanish, ma’lumotlarni kompyuter texnologiyalari asosida tahlil qilish va boshqaruv qarorlarini qabul qilish bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish;
boshqaruv faoliyati sohasida xorijiy tilda ish yuritishni o‘zlashtirish, xorijiy tilda muzokaralar olib borish hamda amaliy va tadqiqot natijalarini ommaviy tarzda namoyon etish qobiliyatini shakllantirish.
17. Mutaxassislik fanlari bloki quyidagilarni nazarda tutishi lozim:
aniq mutaxassislik bo‘yicha boshqaruv fanining ilg‘or xorijiy tajribasi, nazariyasi, metodologiyasi va amaliyotining rivojlanish yo‘nalishlari to‘g‘risida nazariy va amaliy bilimlarni, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish;
tanlangan mutaxassislik bo‘yicha aqliy salohiyatni mustahkamlanishiga, rahbar kadrning doimiy ravishda o‘z ustida ishlash, o‘zini rivojlantirishiga bo‘lgan tabiiy ehtiyojini shakllantirishga yordam berish;
boshqaruv faoliyati bilan bog‘liq aniq mutaxassislik bo‘yicha bilimlarni shakllantirish, jamlash va ulardan foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirish, boshqaruv qarorlarini qabul qilishda kasbiy salohiyat va kompetensiyasini rivojlanishiga yordam berish;
magistratura mutaxassisligi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishini bajarish bo‘yicha nazariy bilim, amaliy ko‘nikma va malakalarni, kasbiy faoliyatda maqsadli natijalarga erishish uchun mazkur jarayonni modellashtirish va tizimli yondashuvni shakllantirish.
18. Ilmiy faoliyat bloki ilmiy va amaliy tadqiqotlar metodologiyasi o‘zlashtirilishini, tinglovchilar tomonidan tanlangan mutaxassislikka muvofiq ilmiy-tadqiqot muassasalarida ilmiy izlanishlarni olib borishni nazarda tutishi lozim.
Ushbu blok doirasida ilmiy tadqiqotlar olib borish uslubiyati, asoslantirish va raddiya berish, ilmiy va tadqiqot ma’lumotlaridan maqsadli foydalanish, tadqiqot mavzusi bo‘yicha mustaqil tahlil va xulosalarni tayyorlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishni hisobga olish lozim.
19. Ilmiy-tadqiqot ishi:
mustaqil tadqiqot olib borish, boshqaruv faoliyati sohasida aniq amaliy muammolarni ifodalash, ular bo‘yicha tadqiqot olib borish va natijalarga erishish ko‘nikmalarini shakllantirishi;
zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ilmiy tadqiqotlar olib borish, tadqiqot natijalarini tahlil qilish va aks ettirish, ilmiy va tahliliy maqolalar tayyorlash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishi;
tinglovchilarga axborot texnologiyalarining eng yangi va ilg‘or axborot bazalaridan foydalanish, ularni magistrlik dissertatsiyasini bajarishda qo‘llash bo‘yicha ko‘nikmalarni singdirishi lozim.
20. Magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash:
Magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash bitiruvchilar yakuniy davlat attestatsiyasining tarkibiy qismi hisoblanadi va oliy ta’lim muassasasi Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan talab va tartiblarga muvofiq ilmiy rahbar boshchiligida tinglovchilar tomonidan amalga oshiriladi.
21. Boshqaruv kadrlarini tayyorlash xususiyatlaridan kelib chiqqan holda oliy ta’lim muassasasi Kengashi qarori bilan, tinglovchilarning ixtiyoriga ko‘ra magistrlik dissertatsiyasi himoyasi qo‘shimcha ikkita mutaxassislik fani bo‘yicha davlat attestatsiyasiga almashtirilishi mumkin.
22. Malakaviy (boshqaruv) amaliyot o‘quv rejasining tarkibiy qismi hisoblanadi. Malakaviy (boshqaruv) amaliyotni tashkil etish tartibi va qoidalari boshqaruv kadrlarini tayyorlash xususiyatlaridan kelib chiqqan holda OTM kengashi tomonidan tasdiqlanadigan nizom bilan tartibga solinadi.
23. Stajirovka o‘quv jarayoni rejasiga muvofiq amalga oshirilib, boshqaruv ishini tashkil etishning ilg‘or, shu jumladan xorijiy tajribasini, boshqaruv qarorlarini tayyorlashda aniq muammoli vaziyatlarni o‘rganish va hal etishni, asoslantirish va qabul qilishni o‘rganishga qaratilgan.
Stajirovkani tashkil etish tartibi va qoidalari boshqaruv kadrlarini tayyorlash xususiyatlaridan kelib chiqqan holda oliy ta’lim muassasasi Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan Nizom bilan tartibga solinadi.
5-bob. Boshqaruv kadrlarini tayyorlash sohasida magistratura bitiruvchilarining tayyorgarligiga nisbatan qo‘yiladigan umumiy malakaviy talablar
24. Magistratura bitiruvchisi:
tanlangan mutaxassislik bo‘yicha boshqaruv funksiyalarini bajarishga, ilmiy va amaliy tadqiqotlarni amalga oshirishga, shuningdek fan, madaniyat, texnika va texnologiyalar, iqtisodiyot va boshqaruv sohasining zamonaviy yutuqlarini amaliyotga tatbiq etishga yo‘naltirilgan kasbiy tayyorgarlikka ega bo‘lishi;
strategik maqsadlarni shakllantira olishi va maxsus yo‘naltirilgan masalalarni hal qila olishi, mutaxassislikning ilmiy muammolari bo‘yicha qarorlar qabul qila olishi, tayanch bilimlar yaratib, ulardan kasbiy faoliyatda foydalana olishi;
ilmiy tadqiqotlar metodologiyasi va mehnatni tashkil qilishni bilishi; tahlil usullarini qo‘llashi va tadqiqot natijalarini qayta ishlashi, tegishli soha faoliyati bilan bog‘liq ilmiy tadqiqotlar natijalarini qo‘llash bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi va taqdim etishi;
tahliliy va ilmiy-tadqiqot ishlarining mohiyatini xorijiy tillardan birida tushunishi, xorijiy tilda muzokaralar olib borish bo‘yicha tayanch bilimga ega bo‘lishi, amaliy va tadqiqot faoliyati natijalarini xorijiy tilda ommaviy bayon qila olishi;
boshqaruvda ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, zamonaviy “elektron hukumat” tizimi, axborotni tahlil qilish hamda boshqaruv qarorlarni qabul qilishning samarali usullari, kasbiy vazifalarni avtomatlashtirish va modellashtirish bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘lishi;
ilmiy asosda jamoani boshqarishni tashkil eta olishi, tashkilot oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishda ularni yo‘naltira olishi, bozor iqtisodiyoti sharoitida boshqaruv qarorlarini ishlab chiqishi va qabul qilishi;
O‘zbekiston davlatchilik tarixini va milliy qadriyatlarini chuqur bilishi va tushuntirib bera olishi lozim.
6-bob. O‘quv yuklamasining hajmi
25. Boshqaruv kadrlarini tayyorlash — barcha turdagi auditoriya va auditoriyadan tashqari o‘quv ishlarini o‘z ichiga olgan o‘quv yuklamasining eng yuqori hajmi haftasiga 54 soat qilib belgilanadi.
Ishlab chiqarishdan ajralgan holda (kunduzgi ta’lim) o‘qish shakli uchun auditoriya mashg‘ulotlari va ilmiy faoliyatning eng yuqori hajmi haftasiga 36 soat qilib belgilanishi lozim.
O‘qish muddati 2 yil davom etganda o‘quv jarayoni 100 haftani tashkil etishi kerak.
26. O‘quv davrining umumiy hajmi quyidagicha taqsimlanishi lozim:
nazariy va amaliy ta’lim — 30% dan ko‘p emas;
attestatsiya — 14% dan kam emas;
ta’til — 16% dan ko‘p emas;
ilmiy faoliyat (tadqiqot va amaliyot) — 40% dan kam emas.
27. Ilmiy faoliyat magistratura tinglovchisining individual kalendar rejasi asosida tashkil etiladi va quyidagilarga bo‘linadi:
ilmiy-tadqiqot ishi hamda magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash — 50% dan ko‘p emas;
malakaviy (boshqaruv) amaliyoti va stajirovka — 50% kam emas.
28. Nazariy ta’lim hajmi magistratura mutaxassisligidan kelib chiqqan holda fan bloklari bo‘yicha quyidagi shaklda taqsimlanishi lozim:
umummetodologik fanlar — 40% dan yuqori emas;
ixtisoslik fanlari — 60% kam emas.
29. Har bir fan bloki bo‘yicha tanlov fanlari umumiy o‘quv yuklamasining 30% miqdorida belgilanadi.
30. Ayrim oliy ta’lim muassasalarida ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha alohida o‘quv yuklamalari va ular taqsimotining boshqa hajmi belgilanishi mumkin.
7-bob. Boshqaruv kadrlarini tayyorlash sohasida kadrlar tayyorlash sifati va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini baholash
31. Magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha boshqaruv kadrlarini tayyorlash sifatini nazorat qilish quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
ichki nazorat — oliy ta’lim muassasasi tomonidan OTM kengashi tasdiqlaydigan Reyting nazorat tizimi haqidagi nizom asosida amalga oshiriladi;
yakuniy davlat nazorati — o‘quv fanlari bo‘yicha davlat attestatsiyasi va oliy ta’lim muassasalari magistratura mutaxassisliklari o‘quv rejalariga muvofiq magistratura tinglovchilarining magistrlik dissertatsiya himoyasini o‘z ichiga oladi.
32. Boshqaruv kadrlarni tayyorlash xususiyatlarini inobatga olgan holda yakuniy davlat nazoratini tashkil etish tartibi va qoidalari oliy ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organi bilan kelishgan holda OTM kengashi tomonidan tasdiqlanadigan nizom bilan tartibga solinadi.
davlat-jamoatchilik nazorati — oliy ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organi, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqaruv kadrlari buyurtmachilari tomonidan amalga oshiriladi;
tashqi nazorat — belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
33. Oliy ta’lim muassasalarining faoliyatini baholash — oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisligi bo‘yicha boshqaruv kadrlarini tayyorlash faoliyati qonunchilikda belgilangan tartibda davlat attestatsiyasi va akkredatitsiyasi bo‘yicha vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-sentabrdagi 745-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining “Davlat boshqaruvi” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha
DAVLAT TA’LIM STANDARTI
1-bob. Asosiy qoidalar
1. Mazkur davlat ta’lim standarti O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi, “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida” 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-son va “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 8-avgustdagi PF-5139-son farmonlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Uzluksiz ta’lim tizimi uchun davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqish va joriy etish to‘g‘risida” 1998-yil 5-yanvardagi 5-son qarori va “Oliy ta’limning davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida” 2001-yil 16-avgustdagi 343-son qarorlariga muvofiq ishlab chiqilgan.
2. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining “Davlat boshqaruvi” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha davlat ta’lim standarti” (keyingi o‘rinlarda DB MM DTS deb ataladi) tahliliy fikrlash va strategik rejalashtirish, turli masalalarning maqbul yechimini topish, tashabbuskorlik va yetakchilik ko‘nikmalariga ega bo‘lgan davlat, xo‘jalik va nodavlat notijorat tashkilotlarining boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning samaradorligini oshirish, shuningdek 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni inobatga olgan holda davlat va jamiyat boshqaruvini takomillashtirishga qodir kadrlar salohiyatini shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi (keyingi o‘rinlarda Akademiya deb ataladi) tomonidan ishlab chiqilgan.
3. DB MM DTS — boshqaruv kadrlarini tayyorlashning asosiy qoidalarini, ta’limni standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlar toifalari va turlarini, o‘quv rejasi, fanlar dasturlari, malakaviy amaliyot va stajirovka mazmuniga qo‘yiladigan umumiy talablarni, o‘quv reja tuzilmasini, shuningdek kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish tartibi va mexanizmini belgilaydi.
4. DB MM DTS o‘quv jarayonini tartibga soluvchi tegishli normativ hujjatlar (magistratura mutaxassisliklari uchun malaka talablari, o‘quv rejasi, o‘quv fanlari dasturlari, amaliyot va stajirovka dasturlari, akademik qoidalar va boshqalar)ni ishlab chiqish uchun asos hisoblanadi.
5. Mamlakatni rivojlantirish strategiyasining ustuvor vazifalari, jamiyatdagi demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va modernizatsiya qilish, fan-texnika va texnologiya yutuqlari, boshqaruv kadrlarini tayyorlashda zamonaviy usul va vositalarni qo‘llash, xorijiy tajriba boshqaruv kadrlariga qo‘yiladigan talablarni takomillashtirishga asos bo‘lib xizmat qiladi.
6. DB MM DTSini ishlab chiqish quyidagi hujjatlarga asoslanadi:
O’z DSt 1.0:1998. O‘zbekiston Respublikasining standartlashtirish davlat tizimi. Asosiy qoidalar;
O‘zRST 1.8-94. O‘zbekiston Respublikasining standartlashtirish davlat tizimi. Amal qilinadigan hujjatlarni va tavsiyanomalarni ishlab chiqish, kelishish, tasdiqlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi;
O’z DSt 1.9-1995. O‘zbekiston Respublikasining standartlashtirish davlat tizimi. Tarmoq standartlarini ishlab chiqish, kelishish, tasdiqlash va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi.
2-bob. Asosiy tushunchalar
7. Mazkur davlat ta’lim standartida quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |