Iqtisodiy usul. Bu usulda mehnat muhofazasi uchun ajratiladigan
mablag‘lar va materiallarning baxtsiz hodisalarni kamaytirishga kanchalik ta’sir etishi va baxtsiz hodisalarning iqtisodiy oqibatlari o‘rganiladi. Ishlab chiqarishdagi jarohatlanishlardan kelgan iqtisodiy zarar, mehnat xavfsizligi chora-tadbirlariga sarflangan mablag‘larning to‘g‘ri taqsimlanganligi, baxtsiz hodisalarning oldini olishga ketgan xarajatlarning samaradorligi aniqlanadi. Jarohatlanish darajasining korxonaning iqtisodiga ta’sirini baholashda jarohatlanish bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek, xodimlar qo‘nimsizligidan, sifatsiz mahsulotlar va mehnat unumdorligining pasayishidan ko‘rilgan zararlar va boshqa xarajatlar e’tiborga olinadi. Lekin bu usul baxtsiz hodisaning sabablarini aniqlashga imkon bermaydi, shuning uchun bu qo‘shimcha usul hisoblanadi.
Ergonomik usul. Ergonomik usul orqali jarohatlanishlarning sabablarini o‘rganishda asosiy e’tibor “inson-mashina” tizimining ergonomik parametrlariga qaratiladi. Har bir mehnat turining o‘ziga xos xususiyatlari, ergonomik omillarning (operator va mashina o‘rtasidagi ma’lumotiy, biofizik, energetik, fazoviy- antropometrik va texnik-estetik moslashishlar, odamning biologik ritmi va uning o‘zgarishlariga joydagi geofizik omillar ta’siri va boshqa) mehnat xavfsizligini shakllantirish holatiga ta’sir darajasi baholanadi. Chet el olimlari tomonidan bu usulda o‘tkazilgan tahlilda jarohatlanishlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan ergonomik belgiga ega bo‘lgan omillardan 250 tasi 22 ta guruhga bo‘lib o‘rganilgan [35].
Jarohatlanishlar sodir bo‘lishini bashorat qilish
Ishlab chiqarishda jarohatlanishlarning oldini olish bo‘yicha tezkor, salmoqli va samarali tadbirlar ishlab chiqish uchun jarohatlanishlarning joriy yildagi ko‘rsatkichlaridan tashqari qisqa muddatli (4...5 yilgacha) va uzoq muddatli (8...10 yilgacha) kutilayotgan ko‘rsatkichlarini ham bilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ishlab chiqarishdagi jarohatlanishlarni ijtimoiy hodisa sifatida qabul qilgan holda uning ko‘rsatkichlarini qisqa muddatga bashoratlash metodini qarab chiqamiz [35].
Statistik tahlil qilish va ishlab chiqarishdagi jarohatlanishlarni qisqa muddatga bashorat qilish metodikasi mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tomonidan amalda jarohatlanishlarni hisobga olish, tahlil qilish va sababini aniqlashda umumiy jihatdan qabul qilingan ishlab chiqarishlarni klassifikatsiyalashga asoslangan.
Bu klassifikatsiyaga asosan iqtisodiyot obyektlarining ko‘pchiligida baxtsiz hodisalarning asosiy sabablari quyidagilardan iborat: mashina va mexanizmlarning, qurilmalarning, asbob-uskunalarning konstruktiv kamchiliklari; xavfli zonalar to‘siqlarining, blokirovka va saqlash qurilmalarining yo‘qligi; texnologik jarayonning buzilishi yoki noto‘g‘ri bajarilishi; ish o‘rinlarini tashkillashtirishning talabga javob bermasligi; ishlovchilarning o‘qitilmaganligi; ishlovchilarning kasbiy tanlovdan o‘tmaganligi; yo‘riqnomalarning o‘z vaqtida o‘tkazilmaganligi yoki kamchiliklar bilan o‘tkazilishi; maxsus kiyim va saqlovchi vositalarning yo‘qligi; ma’muriy-texnik nazoratning yo‘qligi; texnika xavfsizligi qoidalarining buzilishi va boshqa.
Yuqorida ko‘rdikki, ishlab chiqarishdagi jarohatlanishlarning umumiy qabul qilingan asosiy ko‘rsatkichlariga quyidagilar kiradi: jarohatlanishlarning
takrorlanish koeffitsienti
Kt , jarohatlanishning og‘irlik koeffitsienti
Ko , ish vaqtini
yo‘qotish koeffitsienti
Kv , o‘lim hodisasi sodir bo‘lishini tavsiflovchi koeffitsient
Kh .
Jarohatlanishlarni tahlil qilish va bashoratlash natijasida olingan ma’lumotlar asosida maqsadli oldini olish chora-tadbirlari tizimi ishlab chiqiladi. Bu jarayon ma’lum bir iqtisodiyot obyektiga nisbatan olinadigan bo‘lsa, obyekt tegishli bo‘lgan tarmoq bo‘yicha jarohatlanishlar, sodir bo‘lishi sabablari bo‘yicha differensiatsiya qilingan holda, joriy yilniki va o‘tgan yillarniki (10...12 yil) to‘planadi va tahlil qilinadi. Shu tarzda jarohatlanish tendensiyasi o‘rnatiladi va regressiya tenglamasi aniqlanadi. Aniqlangan regressiya tenglamasi umumiy jarohatlanish darajasini va uning darajalarini sodir bo‘lish sabablari tashkil etuvchilari bo‘yicha, yo‘l qo‘yiladigan xatolik doirasida, qisqa muddatga (4..5 yil) bashoratlash imkoniyatini yaratadi.
Bu bashorat asosida yuqorida keltirilgan vaqt oralig‘ida kutilayotgan
jarohatlanish holati to‘g‘risida taxminiy ma’lumotlar olinadi va ularga tayangan holda shu vaqt oralig‘iga mo‘ljallangan samarali oldini olish tadbirlari ishlab chiqiladi, zarur hollarda boshqaruv tizimi mukammallashtiriladi.
Ishlab chiqarishdagi jarohatlanishlar dinamikasini tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, uning yillar bo‘yicha o‘zgarishi chiziqiy xususiyatga ega. Bu holat ishlab chiqarishdagi jarohatlanishlarni statistik tahlil qilishda va qisqa muddatga bashoratlashda chiziqiy regressiya metodini va u tayanadigan matematik statistika va ehtimollar nazariyasi qoidalarini qo‘llash imkoniyatini yaratadi.
Misol tariqasida, jarohatlanishning umumiy darajasini tahlil qilish va bashoratlashni ishlovchilarning ro‘yxatdagi o‘rtacha soniga nisbatan o‘tkaziladigan metodiga to‘xtalamiz.
Jarohatlanishlarni tahlil qilish birlamchi yilni tanlashdan boshlanadi
Do'stlaringiz bilan baham: |