Shikastlanganlarga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatish uslublari
Ishlab chiqarishda sodir bo‘ladigan baxtsiz hodisalar natijasida ishlovchilar turli darajadagi shikastlanishlar oladilar. Buning oqibatida ishlovchilar hayoti va sog‘lig‘i katta xavf ostida qoladi. Bu xavfni shikastlanganlarga birlamchi (dastlabki yoki tibbiyot xodimlaridan oldingi) yordam ko‘rsatish bilan to‘la bartaraf qilish yoki darajasini kamaytirish mumkin. Shu sababli nafaqat ishlab chiqarishda, balki inson faoliyatining barcha sohalarida, shikastlanganlarga birlamchi yordam berish usullarini bilish va amalda qo‘llay olish juda katta amaliy ahamiyatga ega.
Umuman odamlar bilan sodir bo‘ladigan shikastlanishlarni (jarohatlanishlarni) ma’lum bir ko‘rsatkichlari bo‘yicha quyidagi beshta turga bo‘lish mumkin [27, 40]:
Shikastlanish sodir bo‘lgan faoliyat sohasi bo‘yicha: ishlab chiqarishdagi; transportdagi; sportdagi; maishiy hayotdagi va boshqa.
Shikastlovchi omilning turi bo‘yicha: mexanik; termik; kimyoviy; ionlashtiruvchi nurlanishlar; elektr toki, aralash va boshqa.
Organizm shikastlanishining xarakteri bo‘yicha: yopiq; ochiq; oddiy; murakkab va boshqa.
Shikastlantiruvchi omilning ta’sir qilish xususiyati bo‘yicha: bevosita; bilvosita.
Тa’sir vaqti bo‘yicha: o‘tkir; surunkali.
Ishlab chiqarishda sodir bo‘ladigan baxtsiz hodisalar (ishlovchilarning xushdan ketishi, qo‘l-oyog`i sinishi, yuqoridan qulashi, elektr toki ta’siriga tushishi, termik yoki kimyoviy kuyishlar, zaharlanishlar va h.k.) aksariyat hollarda to‘satdan yuz beradi. Shuning uchun shikastlanganga zudlik bilan dastlabki yordam ko‘rsatish juda muhimdir. Buning uchun birlamchi yordamni ko‘rsatayotgan shaxs harakatlari aniq va tez, hamda to‘g‘ri o‘ylab amalga oshirilishi kerak.
Shikastlanishlarda birlamchi yordam ko‘rsatish. Shikastlanganlarga dastlabki yordam quyidagilarni o‘z ichiga oladi [40]:
shikastlanish manbasini, omilini aniqlash, uning ta’sirini to‘xtatish;
birlamchi yordam beruvchilarning xavfsizligini ta’minlash;
shikastlangan odamni noqulay xavfli sharoitdan muhofazalash;
shikastlangan odamning ahvolini aniqlash;
sharoitdan kelib chiqqan holda samarali birlamchi yordam ko‘rsatish;
shikastlanganni eng yaqin davolash maskaniga olib borishni tashkil qilish.
Shikastlanishlar oqibatida inson organizmi turli holatlarga tushib qolishi mumkin. Og‘ir holatlarda nafas olishning va (yoki) yurak faoliyatining to‘xtashi kuzatiladi, ya’ni odam organizmi klinik o‘lim holatiga tushadi. Nafas olishning to‘xtashi tovush boylamlarining spazmi, nafas yo‘llariga begona narsalarning tiqilib qolishi, tilning halqumga ketib qolishi va shu kabilar oqibatida o‘pkaga havo kirishi qiyinlashuvdan to‘xtashi mumkin.
Klinik o‘lim holatida organizmda hayot hali so‘nmagan va hayotiy faoliyatni to‘la tiklash imkoniyati mavjud bo‘ladi. Biror muddatdan keyin (normal sharoitda 5-6 minut, noqulay sharoitda 2-3 minut, organizm to‘la sovutilganda 15-20 minut yoki undan ko‘proq vaqtda) klinik o‘lim biologik o‘limga o‘tishi mumkin (3.4 – rasm).
Organizmda biologik o‘lim boshlangandan keyin odamni hayotga qaytarib bo‘lmaydi. Demak, shikastlanish natijasida klinik o‘lim holatiga tushgan odamga zudlik bilan yordam berish lozim. Birinchi navbatda bu holatda nafas olishning va yurak urishining to‘xtagan yoki to‘xtamaganligi aniqlanadi (3.5 va 3.6 – rasmlar).
Yordam berishga (tiriltirishga) vaqt juda chegaralanganligi, hamda bu jarayon murakkab va hal qiluvchi bo‘lganligi sababli, bu jarayonni amalga oshiruvchi odamdan ma’lum bir tajriba, tez va samarali harakat qilish talab qilinadi.
Klinik o‘lim holatidagi odamning nafas olishi va yurak urishini tiklash bilan uni qayta hayotga qaytarish mumkin. Bunga shikastlangan odamga sun’iy nafas oldirish va yurakni tashqi massaj qilish bilan erishiladi.
3.4 – rasm. Shikastlangan odamning yuraki ishlashdan to‘xtagandan keyingi vaqtda kechadigan jarayonlar.
3.5 – rasm. Odamning nafas olishi to‘xtaganini ko‘rsatuvchi belgilar.
|
3.6 – rasm. Odamning yurak urishi to‘xtaganini ko‘rsatuvchi belgilar.
|
Do'stlaringiz bilan baham: |