Joriy yo‘riqnoma. Yo‘riqnomaning bu turi kundalik ruxsatnoma (“naryad- ruxsat”) bilan bajariladigan xavfli ishlar uchun ish boshlashdan oldin o‘tkaziladi. Bu yo‘riqnoma o‘tkazilganligi haqidagi ma’lumot kundalik ruxsatnomaga yozib qo‘yiladi. Ishchilarni bunday ishlarga qo‘yishdan oldin ularning bilimi sinab ko‘riladi va ularga kundalik ruxsatnoma beriladi. Unda ishni boshlash va tugatish vaqti, ishni boshlashdan oldin unga tayyorgarlik ko‘rish tadbirlari yozib qo‘yilgan bo‘ladi. Kundalik ruxsatnomalar bosh injener, bosh mexanik, bosh energetiklar tomonidan beriladi. Bu shaxslar, texnika xavfsizligi bo‘yicha attestatsiyadan o‘tgan bo‘lib, xavfli ishlar bo‘yicha javobgar hisoblanadilar. Ular korxona mam’muriyati tomonidan tayinlanadilar.
Kurs o‘qishlari. Iqtisodiyot obyektlaridagi ishlab chiqarish jarayonlari davrida bajariladigan ishning turiga va xususiyatiga bog‘liq holda ishchilar va texnik xodimlar mehnat muhofazasi bo‘yicha kurs o‘qishlariga yuboriladilar. Kurs o‘qishlari Oliy o‘quv yurtlari qoshidagi malaka oshirish kurslari yoki fakultetlarida hamda ilmiy tekshirish institutlarida ishlab chiqilgan va tasdiqlangan maxsus dasturlar asosida olib boriladi.
Malaka oshirish dasturiga mehnat muhofazasi va MХSТ standartlari bo‘yicha ma’ruzalar kiritiladi. Kurslarni bitirgan hamma ishchi va xodimlar o‘z malakasi bo‘yicha imtihon topshiradilar va mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligidan bilim darajasini ko‘rsatadilar.
Iqtisodiyot obyektlari rahbarlari va mutaxassislari o‘z malakalarini tarmoq institutlari qoshida tashkil etilgan malaka oshirish fakultetlarida, malaka oshirish maktablarida, asosiy mutaxassisligi bo‘yicha 6 yilda bir martadan kam bo‘lmagan holda malaka oshirish kurslarida o‘qiydilar.
Mehnat muhofazasi bo‘yicha o‘qitish har yili maxsus dasturga asosan rahbar xodimlar, mutaxassislar, injener-texnik xodimlar, ishchilar va fermerlar bilan o‘tkaziladi. O‘qitishga xo‘jalik bosh mutaxassislari rahbarlik qiladilar. Darslarni sifatli o‘tkazish maqsadida malakali shifokorlar, davlat nazorat organlari xodimlari, mehnat bo‘yicha texnik-inspektorlar va prokuraturadan mutaxassislar taklif qilinishi mumkin. Ular o‘z sohalari bo‘yicha mehnat muhofazasiga tegishli bilimlarni nazariy va amaliy jihatdan berishadi. Olingan bilimlarning darajasini imtihon tariqasida ichki xo‘jalik komissiyasi baholaydi, o‘qishdan talab darajasida o‘tganlarga guvohnomalar beriladi.
Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tasdiqlagan va Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan kelishilgan “Nizom”ga asosan xo‘jalik rahbarlari, o‘rinbosarlari, yetakchi va katta mutaxassislar, katta injenerlar va injenerlar, ustalar, ish olib boruvchilar (prorablar), mexanik va boshqa injener-texnik xodimlar mehnat muhofazasi bo‘yicha imtihonlarni (ular yuqori lavozimga tayinlanishida) har yili (fevral-mart oylarida) topshiradilar. Qoniqarsiz baho olgan yoki qayta imtihonni ham qoniqarsiz bahoga topshirgan (birinchi imtihondan 3 oydan ko‘p bo‘lmagan vaqt oraliqida) shaxslar egallab turgan lavozimidan bo‘shatiladi va mehnat muhofazasi bo‘yicha bilimlari tekshirilmaydigan (ro‘yxatga kirmaydigan) ishlarga o‘tkaziladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |