Mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomalar turlari, o‘tkazish muddatlari va tartibi
Ishchilarni xavfsiz ishlash usullariga o‘qitish va o‘rgatish yo‘riqnomalar o‘tkazish shaklida olib boriladi. Ishchilar uchun yo‘riqnomalar mazmuni, xususiyati va o‘tkazilish vaqtiga bog‘liq holda “kirish” va “ish joyidagi yo‘riqnoma” turlariga bo‘linadi. O‘z navbatida ish joyidagi yo‘riqnoma “birlamchi”, “davriy”, “navbatdan tashqari” va “joriy” yo‘riqnoma turlariga bo‘linadi [10].
Kirish yo‘riqnomasi. Barcha ishga yangi kirayotganlar, ishlab chiqarish amaliyotiga yoki o‘qishiga kelgan talabalar, o‘quvchilar, mehnat safariga kelgan xodimlar (malakasi va mehnat stajidan qat’i nazar) bilan o‘tkaziladi. Yo‘riqnomani korxona mehnat muhofazasi xizmati xodimi (injeneri) boshqa zarur xizmatlar (yong‘in xavfsizligi, birlamchi tibbiy yordam berish va boshqa) mutaxassislari ishtirokida o‘tkazadi. Yo‘riqnoma korxona kasaba uyushmasi bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan namunaviy dastur asosida, ishchini ishga qabul qilinganligi to‘g‘risida buyruq chiqishidan oldin o‘tkaziladi.
Bu yo‘riqnomaning asosiy maqsadi – ishga kirayotgan odamga mehnatni muhofaza qilish, texnika xavfsizligi, ishlab chiqarish sanitariyasi va gigiyenasi to‘g‘risida ma’lumot berish, uni korxona hududidagi tartib hamda qoidalardan xabardor qilishdir. Kirish yo‘riqnomasi zamonaviy jihozlangan va ko‘rgazmali qurollar o‘rnatilgan mehnatni muhofaza qilish xonasida alohida bitta shaxs bilan
yoki guruhiy ravishda o‘tkaziladi. Bunda guruhdagi odamlar soni 10 tadan oshmasligi kerak.
Yo‘riqnoma vaqtida ishga kirayotgan xodimga quyidagi asosiy masala va holatlar tanishtirilishi va tushuntirilishi kerak: O‘zbekiston Respublikasining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi qonunlari va me’yoriy-texnik hujjatlari tizimi; korxonada o‘rnatilgan ichki tartib va qoidalar, korxona maydonida va bo‘limlarda o‘zini tutish qoidalari; korxonadagi texnika xavfsizligining umumiy talablari; ish joyini to‘g‘ri tashkil qilish, topshirilgan mashina va mexanizmlarni saranjom va ozoda saqlash qoidalari; maxsus ish sharoiti tashkil etilgan bo‘limlar bilan tanishtirish; baxtsiz hodisalarning oldini olish qoidalarini tushuntirish; yengil alangalanuvchi suyuqliklar, siqilgan havo, elektr toki xavfi mavjud bo‘lgan bo‘limlardagi xavfsizlik qoidalari tushuntiriladi.
Mehnatni muhofaza qilish, texnika xavfsizligi va sanitariya-gigiyena me’yorlari, qoida va talablarining buzilishi natijasida vujudga kelgan baxtsiz hodisalar xaqida ma’lumotlar berilishi, baxtsiz hodisa ro‘y berganda o‘zini qanday tutish va baxtsiz hodisaga uchragan odamga birlamchi yordam ko‘rsatish usullari haqida ma’lumotlar beriladi. Alkogolli ichimliklar, narkotik moddalar iste’mol qilinishi baxtsiz hodisaga olib kelishi haqida ogohlantiriladi. Kirish yo‘riqnomasidan o‘tganlik to‘g‘risida ma’lumot kirish yo‘riqnomasini qayd qilish jurnaliga va ishchining shaxsiy varaqchasiga kiritilib hujjatlashtiriladi. Jurnalning belgilangan katakchasiga yo‘riqnomadan o‘tganlar va uni o‘tkazganlar o‘z imzolarini qo‘yishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |