Mehnatni muhofaza qilish chora-tadbirlarini mablag‘ bilan ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunining 11-moddasi mehnatni muhofaza qilishni moliyaviy ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan. Unda mehnatni muhofaza qilishni moliyaviy ta’minlash davlat tomonidan, shuningdek mulk shaklidan qat’i nazar, jamoat birlashmalari, korxonalarning ixtiyoriy badallari hisobiga amalga oshirilishi ko‘rsatilgan. Mehnatni muhofaza qilish uchun tegishli budjetlardan alohida qayd bilan ajratiladigan budjet mablag‘lari (respublika va mahalliy) boshqaruv hamda nazorat idoralarini saqlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyaviy ta’minlash, mehnatni muhofaza qilishga oid davlatning aniq maqsadga qaratilgan dasturlarini bajarish uchun foydalaniladi.
Har bir korxona mehnatni muhofaza qilish uchun zarur mablag‘larni jamoa shartnomasida belgilanadigan miqdorda ajratadi. Korxonalarning xodimlari ana shu maqsadlar uchun qandaydir qo‘shimcha chiqim qilmaydilar.
Qonunga asosan korxonalar o‘zining xo‘jalik, tijorat, tashqi iqtisodiy va boshqa faoliyatidan keladigan foyda (daromad), shuningdek boshqa manbalar hisobiga mehnatni muhofaza qilishning markazlashtirilgan fondlarini tashkil qilish huquqiga ega.
Korxonalarda mehnatni muhofaza qilish jamg‘armasini tashkil etishning yana bitta huquqiy-me’yoriy asosi mavjud. Bu O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 12 noyabrdagi 245-son qarori bilan tasdiqlangan “Korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda mehnatni muhofaza qilish jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizomdir [12]. Bu nizomda korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, hamda mehnatni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini, maqsadli dasturlarni va xodimlarning mehnat shart-sharoitlarini yaxshilash va muhofaza qilishga yo‘naltirilgan boshqa chora-tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish jamg‘armasini tashkil etishga haqli ekanligi
ko‘rsatilgan. Jamg‘arma mustaqil yuridik shaxs hisoblanmaydi va mablag‘larni jamlash uchun tashkilotning tegishli boshqaruv organining qarori asosida tashkil etiladi.
Jamg‘arma mablag‘lari: tashkilotning soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langandan keyin qoladigan foydasi (daromadi); yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy badallari va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tushumlar hisobiga shakllantiriladi.
Jamg‘arma mablag‘lari qat’iy ravishda:
tashkilotda mehnat shart-sharoitlarini yaxshilash va muhofaza qilish dasturlarini ishlab chiqishga;
ish o‘rinlarini mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi qoidalari va normalari talablariga muvofiq jihozlashga;
mehnatni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishga;
mehnat shart-sharoitlarini yaxshilashga hamda xavfsiz va samarali mehnat qilish sharoitlarini yaratishga, xodimlarni mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘qitishga va malakasini oshirishga;
ishlab chiqarishda baxtsiz hodisalarning oldini olishga;
kasb kasalliklarining oldini olishga;
mehnatni muhofaza qilish xizmatlarini me’yoriy-huquqiy hujjatlar va mehnatni muhofaza qilishni targ‘ib qilish vositalari bilan ta’minlashga;
mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha konferensiyalar, seminarlar, yig‘ilishlar va ko‘rgazmalar o‘tkazishga;
mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha halqaro hamkorlikni tashkil etishga;
mehnat shart-sharoitlarini yaxshilash va mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha faoliyatni rag‘batlantirishga;
tashkilotning ichki me’yoriy hujjatlari bilan belgilanadigan mehnatni muhofaza qilishning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun foydalaniladi.
Mehnatni muhofaza qilish chora-tadbirlari va ushbu chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘lar miqdori jamoa shartnomasida, agar bunday shartnoma tuzilmagan bo‘lsa ish beruvchi bilan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi o‘rtasida tuziladigan bitimda nazarda tutiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |