MMMK fanining tarkibiy qismlari. MMMK fani o‘z maqsadiga erishish, qo‘yilgan vazifalarni samarali yechish uchun quyidagi uchta qismdan tashkil topgan:
“Mehnat muhofazasi maxsus kursi”ning nazariy asoslari.
“Mehnat muhofazasi maxsus kursi”ning huquqiy va tashkiliy asoslari.
Mehnat xavfsizligi asoslari (texnika xavfsizligi).
MMMK fanining rivojlanishiga hissa qo‘shgan olimlar va ularning ishlari
Insoniyat jamiyati rivojlanishi tarixining eng dastlabki bosqichlaridan boshlab mehnat faoliyatini olib borish sharoitlariga e’tibor qaratilgan, shu jumladan ishlovchilar ish qobiliyatini, sog‘lig‘ini va hayotini saqlash masalalari va muammolari ham o‘rganilgan.
Insoniyat jamiyatining keyingi 150...200 yil davomidagi jadal taraqqiyoti natijasida texnosfera yuzaga keldi va shakllandi. Buning natijasida inson sog‘lig‘ini, hayotini va ish qobiliyatini texnosfera muhitida muhofazalash masalasi ayniqsa katta muammoga aylandi. Bu muammoni mumkin qadar samarali yechish maqsadida insoniyat jamiyatining ilg‘or fikrlovchi olim va mutaxassislari, vrachlari hamda boshqa turli soha vakillari tinimsiz izlanishlar olib borishgan.
Inson faoliyatining turli sohalarida xavfsizlik masalalarini o‘rgangan buyuk shaxslar va olimlar qatorida quyidagilar alohida o‘rinlarni egallaydilar [35]:
bizning eramizdan oldingi 384-322 yillarda yashagan Aristotel va 460-377 yillarda yashagan Gippokrat o‘z asarlarida mehnat sharoitining ishlovchilarga ta’siri va buning natijasida kelib chiqadigan kasallanishlarni o‘rganganlar;
tiklanish davrining buyuk tabibi Paratsels (1493-1541) o‘zining asarlarida tog‘ ishlari bilan bog‘liq bo‘lgan xavflarni o‘rgangan. Quyidagi – “Bor bo‘lgan hamma narsa zahar va bor bo‘lgan hamma narsa doridir. Faqat bitta dozagina moddani zaharga yoki doriga aylantiradi” degan fikr uning qalamiga mansubdir. Zararli omillarni me’yorlash prinsipi yuqoridagi fikrdan kelib chiqqan bo‘lishi kerak degan tasdiq mavjud;
nemis vrachi va metallurgi Agrikola (1494-1555) o‘zining “Тog‘ ishlari to‘g‘risida” deb nomlanuvchi asarida tog‘-kon ishlarida mehnat muhofazasi masalalarini bayon qilgan;
italiyalik vrach Ramatssini (1633-1714) kasbiy gigiyenaga asos solgan, u “Hunarmandlar kasalliklari” deb nomlanuvchi kitobini yozgan;
buyuk tabib Abu Ali ibn Sino insonlarda turli sabablar natijasida kelib chiqadigan kasalliklarni davolashda, buyuk olim Abu Rayhon Beruniy esa atrof-muhit omillarining odamlar sog‘lig‘iga ta’sirini o‘rganishda juda katta amaliy va nazariy ishlar qilgan;
rus olimi M.V. Lomonosov (1711-1765) tog‘ ishlarida mehnat xavfsizligiga asos bo‘luvchi asarlarini yozgan. Lomonosov tomonidan 1742 yilda “Metallurgiya yoki kon ishlarining birlamchi asoslari” nomli asar yozilgan. Bu asarida u konchilarga gruntni mustahkamlash ishlari bo‘yicha, narvonlarda xavfsiz xatti-harakat qilish, ish kiyimlarini to‘g‘ri tanlash bo‘yicha ko‘rsatma va qoidalarni keltiradi. Uning tomonidan yer osti shaxtalarida tabiiy ravishda havo almashtirishning nazariy asoslari ishlab chiqilgan.
XIX asrda sanoatning jadal rivojlanishi bilan xavfsizlik muammolari bilan shug‘ullanuvchi bir qancha ko‘zga ko‘ringan olimlar paydo bo‘ldi. D.L. Kirpichev (1845-1913) 1882 yilda “Тexnik jamiyat”ning katta yig‘ilishida mashinasozlikda mehnat muhofazasi masalasiga bag‘ishlangan “Mashina va uzatmalar bilan muomala qilganda ehtiyotkorlik choralari to‘g‘risida” degan mavzuda katta ma’ruza qilgan. Uning bu ma’ruzasida o‘sha zamondagi mashinasozlikda mehnat muhofazasi bo‘yicha olib borilgan ilmiy izlanishlarning natijasi keltirilgan. I.M. Sechenov mehnat gigiyenasi masalalarini o‘rgangan, ish vaqti davomiyligini belgilashning fiziologik kriteriylarini ishlab chiqqan. 1901 yilda chop etilgan “Odamning ishchi harakatlari ocherki” nomli kitobida u birinchilardan bo‘lib mehnat muhofazasi masalalarini o‘rgangan. Rus olimi va injeneri N.D. Zelenskiy dunyoda birinchi bo‘lib gazniqob konstruksiyasini ishlab chiqqan.
Mehnat muhofazasi fani rivojlanishiga fiziolog olim I.P. Pavlov katta hissa qo‘shgan, u tashqi muhit va odamning oliy asab tizimi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lanishlarni aniqlagan. Buning natijasida tashqi muhit ko‘rsatkichlarining inson organizmiga qanaqa ta’sir qilishi to‘g‘risida tushunchalar yuzaga kelgan. N.Ye. Jukovskiy tomonidan ishlab chiqilgan aerodinamik nazariya asosida ishlab chiqilgan ventilatorlar ishlab chiqarish xonalarida maqbul mikroiqlim ko‘rsatkichlarini yaratishda juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Yuqorida keltirilganlar qatorida A.A. Press (1857-1930), D.P. Nikolskiy (1855-1918), V.A. Levitskiy (1867-1936), A.A. Skochinskiy (1874-1960), S.I. Kaplun (1897-1943), akademik V.A. Legasov va boshqalar ham mehnat muhofazasi va mehnat gigiyenasini rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib borishgan. Keyingi vaqtlarda mehnat va texnika xavfsizligi masalalari va muammolarini o‘rganishga va ularni samarali yechishda O.N. Rusak, S.Ya. Yudin, S.V. Belov, A.V. Lukovnikov, N.D. Zolotnitskiy, P.A. Dolin, V.S. Shkrabak, B.N. Knyazevskiy va boshqalar o‘zlarining katta hissalarini qo‘shishgan.
Vatanimiz olimlaridan O.Q. Qudratov yengil sanoat sohasida, Т.I. Iskanderov mehnat gigiyenasi sohasida, O.R. Yo‘ldoshev va G‘. Yormatov sanoat va qurilish sohasida, H.E. G‘oyipov qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat muhofazasi
va texnika xavfsizligi masala va muammolarini yechishda chuqur nazariy va samarali amaliy ishlar olib borishgan.
Oliy o‘quv yurtlari o‘quv rejasiga 1929 yildan boshlab “Тexnika xavfsizligi va mehnat muhofazasi” o‘quv fani sifatida kiritilgan. Keyinchalik, 1966 yildan boshlab, bu fan “Mehnat muhofazasi” (Oxrana truda) deb nomlana boshlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |