Mashina va mexanizmlar konstruksiyasiga kiruvchi va alohida konstruksiyaga ega bo‘lgan xavfsizlikni ta’minlash texnik
vositalariga bo‘lgan xavfsizlik talablari
Zamonaviy qishloq va suv xo‘jaligi korxonalari sexlarida turli-tuman mashina va mexanizmlar, dastgohlar, yuk ko‘tarish kranlari, ish bajarish konveyerlari va boshqa qurilmalar mavjudki, bularning hammasi shu yerda ishlayotganlar uchun ma’lum bir xavf tug‘dirishi, agarda ehtiyot chora-tadbirlari belgilanmasa va amalga oshirilmasa, baxtsiz hodisalar yuz berishiga sababchi bo‘lishi mumkin. Bu mexanizmlarning ba’zi birlari detallarni qirqish, ularga shakl berish ishlarini bajarsa, boshqalari mehnat sharoitlarini yaxshilash, og‘ir ishlarni yengillashtirish va osonlashtirish vazifalarini bajaradi.
Ish bajarish sharoitlari ham bir xil emas, masalan, metallarni qirqish jarayonida ishlatiladigan dastgohlarni ishlatganda sovutuvchi suyuqliklardan foydalaniladi. Kesishda yuzaga keladigan issiqlik ta’sirida suyuqliklarning bug‘lanishi havo muhitining ifloslanishiga, shuningdek, xona havosi namligining oshishiga olib keladi. Demak, sexda ishlayotgan har bir dastgoh baxtsiz hodisalarga olib kelishidan tashqari, yana unga havo muhitini ifloslantiruvchi vosita sifatida qaralishini taqozo etadi. Bundan tashqari detallarga ishlov berilgandan keyin hosil bo‘ladigan qirindilarni yig‘ib olish va chiqindi sifatida bartaraf etish ishlari mehnat sharoitini yaxshilashning asosiy omillari hisoblanadi.
Qishloq va suv xo‘jaligi korxonalarida ishlatiladigan mashina va mexanizmlar konstruksiyasiga kiruvchi xavfsizlikni ta’minlash injener-texnik vositalariga qo‘yiladigan asosiy talablar ularning ishchilar uchun xavfsizligi, pishiq va mustahkamligi hamda ishlatishning osonligi bilan belgilanadi. Masalan, ularning ba’zilariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari: GOSТ 12.4.011-89 “MХSТ.
Ishlovchilarni himoyalash vositalari. Umumiy talablar va klassifikatsiyalash”; GOSТ 12.4.021-75 “MХSТ. Ventilatsiya tizimlari. Umumiy talablar”; GOSТ 12.4.123-83 “MХSТ. Infraqizil nurlanishlardan guruhiy himoya qilish vositalari. Umumiy texnik talablar”; GOSТ 12.4.011-89 “MХSТ. Ishlovchilarni mexanik omillar ta’siridan himoyalash vositalari. Klassifikatsiya” kabi davlat standartlarida keltirilgan [41, 45].
Mashina va mexanizmlar xavfsizligini ta’minlash uchun, loyihalash jarayonida uning qanday ish bajarishini hisobga olgan holda, ish bajaruvchi qismlarini joylashtirishning ixcham usullarini topish, unga shakl berish va muhofaza qilish qurilmalarini joylashtirish bilan birga olib borish zarur. Mashinaga o‘rnatilgan muhofaza vositalari uning asosiy qismi bilan uyg‘unlashib ketishi kerak. Shuni hisobga olish kerakki, muhofaza vositalari iloji boricha ko‘proq funksional vazifalarni yechishga xizmat qilishi lozim. Masalan, dastgohga o‘rnatilgan xavfsizlikni ta’minlash qopqoqlari faqatgina xavfli joylar to‘siqi bo‘lib qolmasdan, balki shovqinni kamaytiruvchi vosita bo‘lib ham xizmat qilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bunga misol tariqasida asboblarni charxlash qurilmasini ko‘rsatish mumkin. Bunda charxning xavfsizligini ta’minlovchi qurilma bir vaqtning o‘zida shamol yordamida charx qirindilarini chiqarib yuborishga mo‘ljallangan mahalliy shamollatish qurilmasi vazifasini ham bajaradi.
Хavflilik darajasi yuqori bo‘lgan jihozlar, masalan, bosim ostida ishlatiladigan qozonlar, kompressorlar, nasoslar va boshqalardan foydalanayotganda sanoatda xavfsizlikni ta’minlashni nazorat qiluvchi inspeksiyaning maxsus talablarini bajarish shart.
Ma’lumki, qishloq va suv xo‘jaligi korxonalaridagi mashina va mexanizmlar, elektr tokining asosiy iste’molchilari hisoblanadi. Bu esa ularda elektr toki ta’sirining oldini oluvchi elektr xavfsizligi masalalarini ham nazarda tutish kerakligini taqozo qiladi. Shuningdek, korxona sex va uchastkalarida o‘rnatilgan dastgohlarda va boshqa asboblarda elektromagnit to‘lqinlari, turli nurlanishlar yuzaga kelishi mumkin, albatta, ishchilar uchun bu zararli va xavfli
omillar ta’siridan saqlanish chora-tadbirlari ko‘rilishi o‘z-o‘zidan ma’lum. Bu zararli va xavfli holatlarda havo muhitini zararlantiruvchi va ifloslovchi bug‘lar, changlar va gazlarning ham hosil bo‘lishini hisobga olish kerak bo‘ladi.
Mashina va mexanizmlarning xavfsizligi ularda ishlatiladigan materialning mustahkamligiga ham bog‘liq. Shuning uchun ham mashina va mexanizmlar detallarini va qismlarini tayyorlashda ishlatiladigan material mustahkamligiga alohida ahamiyat beriladi. Bundan tashqari har xil detallarni qirqish, silliqlash jarayonida ularni ushlab turuvchi qurilmalarning pishiqligi har qanday favqulodda holatlarda ham detallarni qo‘yib yubormasligini ta’minlash imkoniyatini berishi kerak.
Dastgohlarning mustahkamligi ularni tashkil qilgan qismlar mustahkamligiga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, har qanday mexanizmning mustahkamligini uning biriktiruvchi qismlarining mustahkamligisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi (masalan, gayka, bolt va boshqalar). Bundan tashqari dastgohlarning tashqi tomonidan zararlanib, mustahkamligini yo‘qotib qo‘yishi mumkin bo‘lgan omillarni hisobga olish kerak (masalan, o‘z vaqtida moylamaslik, bo‘yoq ko‘chib ketishi natijasida zanglash va h.k.)
Do'stlaringiz bilan baham: |