Tayanch tushunchalar: Birinchi Prezident Islom Karimov mafkuraviy tahdidlar,
ularning mazmun-mohiyati va asosiy yo’nalishlari haqida. (O’zbekiston XXI asr bo’sag’sida,
xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolotlari asari asosida). Shovinizm,
genotsid, fashizm, neofashizm, neokommunizm, irqchilik, diniy ekstremizm, fundamentalizm,
terrorizm g'oyalarining reaktsion mohiyati va ularga qarshi kurashning tarixiy zaruriyati.
Mahalliychilik, millatchilik, urug’ aymog’chilik, korruptsiyaga qarshi kurash mafkuraviy
mustaqillik kafoloti. Mafkuradagi mutloq jamoaviy va mutloq individual yondashuvlarning
salbiy oqibatlari. Evroosiyo va Sharq mafkurasining xususiyatlari. Jahon moliyaviy inqirozining
mafkuraviy jarayonlarga ta’siri. XX asrda mafkuraviy hamkorlikning ahamiyati, uning ijtimoiy,
iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy, huquqiy asoslari hamda milliy, hududiy va umumbashariy
darajalari.
Qo’llaniladigan ta’lim texnologiyalari: aqliy hujum, Charxpalak usuli, BBB texnologiyasi,
dialogik yondashuv, muammoli ta’lim, blits, munozara, klaster, Galereya metodi.
1. XXI asrda mafkuraviy munosabatlar keskinlashuvining ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy
sabablari.
XXI asr mafkuraviy munosabatlar o‘ta keskinlashuvi bilan xarakterlanadi. Jahonda ro'y
berayotgan g'oyaviy jarayonlar, mavjud mafkura shakllari, ularning mohiyati, maqsadlari va
o'zaro munosabatlari bilan bog'liq holat, xususiyat va faoliyatini yaxlit tarzda aks ettiruvchi
tushuncha. Bugungi dunyo yaxlitlikni tashkil etsada, undagi mintaqa va davlatlar, millat va
xalqlar tarixiy shart-sharoit, jo'g'rofiy joylashuvi, geostrategik holatiga ko'ra turli mavqega ega.
Hozirgi davr - dunyoda g'oyaviy qarama-qarshiliklar murakkab tus olgan, mafkura poligonlari
yadro poligonlaridan ham kuchliroq bo'lib borayotgan davr. Shunday ekan, ularning o'ziga xos
manfaatlarini ifodalaydigan mafkuraviy ta'sir usullari bo'lishi shubhasiz. Jahon siyosiy xaritasida
ko'plab davlatlar mavjud bo'lib, ularda turli siyosiy kuchlar, partiyalar, din va diniy oqimlar,
mazhablar, guruh va qatlamlar faoliyat ko'rsatmoqda. Ular o'zaro farqlanadigan, ba'zan bir-biriga
zid bo'lgan manfaatlarga ega. Aynan mana shu manfaatlar o'zga xalqlar, turli mintaqalar,
davlatlarning aholisi yoki ijtimoiy guruhlar ongiga, turmush tarziga ta'sir o'tkazish, ularni
bo'ysundirish uchun yo'naltirilgan maqsadlarni shakllantiradi. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad
esa muayyan joydagi kishilarga iqtisodiy, siyosiy, huquqiy va diniy qarashlarni singdirish orqali
o'z manfaatlarini ta'minlashga intilishdir. Bunday ta'sir o'tkazishning tinch yo'li ko'zlangan
maqsadga olib kelmaganda boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashish, mavjud vaziyatni
ataylab keskinlashtirish, kuch ishlatish yo'li bilan bo'lsa ham, ijtimoiy beqarorlikni yuzaga
keltirishga harakat qilinadi. Bugungi dunyoning mafkuraviy manzarasiga nazar tashlansa,
aksariyat ilg'or davlatlarda umuminsoniy qadriyatlar va demokratik tamoyillarga asoslangan
mafkuralar amal qilmoqda. Ularda tinchlik va taraqqiyot, inson va jamiyat kamolotiga xizmat
qiladigan umuminsoniy g'oyalar ustuvordir. Shu bilan birga, inson ongida yangicha dunyoqarash
va tafakkur tarzi shakllanayotgan hozirgi davrda muayyan kuchlarning mafkura maydonida
hukmronlik qilishga, o'z ta'sir doirasini kengaytirishga qaratilgan intilishi kuchayib bormoqda.
Tajovuzkor millatchilik va shovinizm, neofashizm va terrorizm, irqchilik va ekstremizm
mafkurlari shular jumlasidandir. Xususan, turli shakllarda namoyon bo'layotgan terrorchilik
kuchli moddiy asosga ega bo'lib, mafkuraviy xavfi ortib bormoqda. Bundan tashqari, e'tiqod
umumiyligiga asoslanish (mas. panislomizm), etnik birlikka urg'u berish (mas. panslavyanizm,
paneronizm, panturkizm) va yagona ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy makonda yashash natijasida
yuzaga kelgan bog'liqlik asosida (mas. pansovetizm) yakka mafkuralar hukmronligini ta'minlash
va shu yo'l bilan jahon maydonlarini mafkuraviy jihatdan bo'lib olinishga urinishlar ham ko'zga
tashlanmoqda. Lekin bular bugungi dunyodagi mafkuraviy jarayonlarni to'la-to'kis aks ettira
olmaydi. Chunki globallashuv sharoitida bu jarayonlar yangicha tus va shakllarda namoyon
bo'lib, g'oyaviy-mafkuraviy ta'sir o'tkazishning nihoyatda o'tkir quroliga aylanib bormoqda.
Bunday tahdidlarning xatarli jihati shundaki, Birinchi Prezidentimiz I. A. Karimov ta'biri bilan
aytganda, —... agar harbiy, iqtisodiy, siyosiy tazyiq bo'lsa, buni sezish, ko'rish, oldini olish
mumkin, ammo mafkuraviy tazyiqni, uning ta'siri va oqibatlarini tezda ilg'ab olish nihoyatda
qiyin”. Shuning uchun dunyoning mafkuraviy manzarasida yuz berayotgan o'zgarishlar
mohiyatini teran anglash, tahlil etish va zarur xulosalar chiqarish muhim ahamiyatga ega.
Bugungi kunda geosiyosiy jarayonlar, ularning mintaqamiz va mamlakatimizga ta'siri masalalari,
bu borada respublikamiz amal qiladigan tamoyillar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov
asarlarida ayniqsa, —O'zbekiston XXI asr bo'sag'asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari
va taraqqiyot kafolatlari” kitobida atroflicha tushuntirib berilgan. Mamlakatimizning ichki va
tashqi siyosatiga xos asosiy geosiyosiy tamoyillar ana shu asosda amalga oshirilmoqda. Jahon
hamjamiyatida O'zbekistonning yer usti va yer osti boyliklari, G'arb va Sharq orasidagi aloqalar
markazi bo'lmish imkoniyati, Markaziy Osiyoda aholi, ishlab chiqarish imkoniyatlari, ilmiy
salohiyat va boshqa jihatlardan yetakchi mamlakat ekanligi rivojlangan mamlakatlarning
geosiyosatida O'zbekiston bilan hisoblashish, u bilan iqtisodiy-siyosiy aloqalarni uzoq maqsadni
ko'zlab o'rnatish zaruratini tug'dirdi.
Asar muqaddimada XX asr so'nggida to'liq mustaqillikka erishgan respublikamiz oldida
turgan asosiy vazifalar tahlil etilgan va umumlashtirilgan. Birinchi Prezidentimiz barchani bu
haqda teran fikr yuritishga undab, quyidagi masalalarni o'rtaga qo'yadi: "Eng murakkab
savollardan biri shuki, bizdagi barqarorlik va xavfsizlik yo'lida tahdid bo'lib turgan
muammolarni anglab yetyapmizmi?
Xavfsizligimizga tahdid bo'lib turgan muammolarga nimalarni qarshi qo'ya olamiz?
Jamiyatimizning to'xtovsiz va barqaror rivojlanishiga biz istiqomat qilayotgan mintaqada
jo'g'rofiy-siyosiy muvozanat saqlanishiga nimalar kafolat bo'la oladi?"10 11. Ushbu savollarga javob
berar ekan, Birinchi Prezidentimiz, avvalo, mustaqil qadam tashlayotgan mamlakat aholisida
ertangi kunga ishonch hissini mustahkamlash, XXI asrda yuzaga kelayotgan ko'p qirrali ijtimoiy-
siyosiy kurashlar mohiyati va maqsadini anglash ko'nikmasini hosil qilish, boshqacha aytganda,
kishilarni turli-tuman xavf-xatarlarni oldindan ko'ra bilish, uning oldini olish yoki chetlab o'tish
tajribasini o'zlashtirish, yurtimizda barqarorlik, tinchlik, osudalikni saqlab, unga salbiy ta'sir
ko'rsatuvchi ichki va tashqi omillarga qarshi qat'iy kurashish, barqaror rivojlanishning
zamonaviy uslublarini muntazam o'zlashtirib borish va bu ko'nikmalarni yuksak darajada
rivojlantirish, taraqqiyot omillarini aniqlay olish, uni himoyalash va sobitqadamlik bilan olg'a
intilish kabi masalalarni yaxlit tarzda qamrab oluvchi milliy mafkura — milliy g'oyani
shakllantirishni eng muhim vazifa sifatida belgilab berdi.
Birinchi Prezidentimiz fikricha, mamlakatning ko'p millatli xalqini ushbu masalalarga
doimiy e'tibor qaratishga o'rgatish, buni asta-sekin hayot va turmush tarzining ajralmas qismiga
aylantirish bugungi kunda taraqqiyotimiz uchun qilinayotgan barcha ishlarning muvaffaqiyatli
rivojlanishiga asos bo'ladi.
Ma'lumki, O‘zbekistan barqaror rivojlanish yo'lidan bormoqda. Uning ana shu tinch
taraqqiyotiga ta'sir ko'rsatuvchi xavf-xatarlar mavjudmi? Prezident I.A.Karimov bu xavf-
xatarlarni haqli ravishda alohida turlarga ajratadi, ularning mazmun-mohiyatiga e'tibor qaratadi:
"Ikki mafkuraviy tuzumning kurashi va bu kurashning xalqaro hayotning hamma sohalariga soya
tashlashi ostida o'tgan kuchli qarama-qarshilik barham topdi. Ammo shundan keyin ham bizni
qurshab turgan dunyo, ko'plar kutganidek, osoyishtaroq bo'lib qolgani yo'q.
Unda mojarolar kamaymadi. Dunyoda yangi tartiblarni shakllantirish jarayoni mintaqalar
darajasidagi va mintaqalar ichidagi eskidan saqlanib kelayotgan, zimdan tutab yotgan, har xil
tarixiy, etnik, siyosiy, diniy va boshqa sabablarga ega bo'lgan mojarolarning keskinlashuvi bilan
birga yuz berdi. Bu mojarolar ilgari ikki tuzumning dunyo miqyosidagi qarama-qarshiligi
doirasida ko'pincha u yoki bu kuchlar qutbining manfaatlari yo'lida "bostirib kelgan" edi. Bundan
tashqari, yangi mintaqaviy mojarolarning vujudga kelishi va ularga turli tashqi kuchlar o'z
jo'g'rofiy-strategik intilishlari doirasida jalb etilishidan iborat xavflar ham mavjud"11.
Birinchi Prezidentimiz fikricha, yangi yuz yillikda mintaqaviy mojarolarning ta'siri aniq
qurolli harakatlar, ochiq keskinlik bilan ko'rinmaydi. U virus kabi sezilarsiz tarzda kirib keladi,
10Karimov I.A. Xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yo'lida. 6-jild. — T.: «O'zbekiston»,1998.— 33-bet
11O‘sha asar. 41-bet
o'zi kuchayib, qolganlarni holdan toydirib, shu farovon mintaqani tanazzul yoki portlash sari
yetaklaydi. Shuning uchun davlatimiz mintaqaviy mojarolarning salbiy oqibati to'g'risida ma'lum
tushunchaga ega bo'lishi va ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda boshqa xatti-harakatlarni, yuz
berayotgan voqealarni kuzata olish, bu haqda mustaqil fikrlab, to'g'ri xulosa chiqarish, mojaro
kirib kelishiga yo'l qo'ymaslik, unga qarshi kurashish kabi dunyoqarashning xalq orasida
ommaviy shakllanishiga erishishi shart.
Mintaqaviy mojarolar bir davlatga ommaviy ta'sir ko'rsatish xususiyatiga ega bo'lgani
kabi unga qarshi kurash ham butun xalqni qamrabolishi, ommaviy bo'lishi, ya'ni xalq
mafkurasiga aylanishi lozim.
Birinchi Prezidentimiz mamlakatimizdagi barqaror rivojlanish, tinchlikka tahdid soluvchi
og'ir xavflardan yana biri sifatida diniy ekstremizm va fundamentalizmni qayd etadi. "E'tiborni
odamlarning diniy e'tiqodlari bilan bog'liq har qanday muammo g'oyat nozik ekanligiga, ularning
diniy ma'naviy qadriyatlari bilan shiorlardan, xususan, islomni qayta tiklash shioridan
foydalanayotgan muayyan kuchlar ko'zlayotgan, dinga aloqasi bo'lmagan siyosiy va boshqa
tajovuzkor maqsadlar o'rtasidagi farqni tushunib olishlariga erishish zarurligiga qaratishni
istardim"12.
Asarning ushbu qismida islom tamaddun taraqqiyotiga qanchalik hissa qo'shgani,
jumladan, ulug' allomalarimizning bu boradagi o'rnini, shuningdek, ko'plab siyosiy oqimlar,
guruhlarning islom niqobi ostida amalga oshirayotgan xatti-harakatlari nafaqat islom diniga,
balki boshqa e'tiqoddagi xalqlar, millatlarga, hatto islom dinining o'ziga ham qanchalik salbiy
oqibatlar olib kelayotganini batafsil sharhlab beradi. Ta'kidlash kerakki, islom e'tiqodidagi
ekstremistik guruhlar yoki ularni qo'llab-quvvatlayotgan boshqa siyosiy kuchlar qanday yo'l
bilan bo'lishidan qat'i nazar, ma'lum davlat siyosatiga ta'sir ko'rsatishga, o'sha davlat
erishayotgan yutuqlarini chippakka chiqarishga yoki o'zga davlatning ma'lum ta'sir doirasiga
tushirishga yoxud o'sha davlatning siyosiy hokimiyatini egallab, o'z guruhlari tomonidan ishlab
chiqilgan siyosat va qonun normalarini joriy etishga harakat qiladi. Islom fundamentalistlari turli
urushlar, keskinliklar odamlarga ofat keltirgan qadimgi zamonlarda islom birligi va islom
g'oyalari targ'iboti odamlar hamda madaniyatning yuksalishiga ijobiy ta'sir ko'rsatganini dastak
qilib, o'sha ta'sirni hozirgi davrga moslashtirgan holda qayta joriy etishga intilmoqda, ya'ni
barcha ellarni yagona islom boshqaruvi ostida birlashtirib, "farovon islom olamini yaratgan"
islom xalifaligini tiklash, unga kirmaganlarga qarshi jihod yoki muqaddas urush e'lon qilish
yo'lidan bormoqda. Bundan tashqari, rivojlangan mamlakatlar, ayniqsa, G'arb davlatlarining
iqtisodiy va texnik taraqqiyot nuqtai nazaridan Sharq mamlakatlariga ta'sir ko'rsatishga urinishi,
shu mamlakatlarning moddiy iqtisodiy boyliklaridan foydalanish asosida ularni o'z ta'siriga
tortishni turli uslublarda majburiy amalga oshirishga urinishi, islom mamlakatlarini mensimay
ichki va tashqi munosabatlariga aralashishlari ham islom fundamentalistlari safining
kengayishiga, shunday ruhdagi yangi guruh, oqimlarning yuzaga kelib tarqalishiga ta'sir
ko'rsatmoqda.
Shunday ta'sirlar oqibatida turli-tuman fundamentalistik guruhlarda islom mamlakatlarini
yagona boshqaruv ostida birlashtirish kerak, degan noto'g'ri fikr tug'ilishiga zamin hozirlayapti.
Bu esa asrlar davomida taraqqiyot yo'lidan borgan turli islom xalqlari diniy va dunyoviy urf-
odatlari, e'tiqodlarini isloh qilish kerak, degan tushunchaga yo'l ochib, oqibatda qo'poruvchilik
bilan shug'ullanayotgan diniy guruhlar va davlat o'rtasidagi qonli to'qnashuvga sabab bo'lyapti.
Bundan tashqari, fundamentalistik guruhlarning o'z e'tiqodlariga mansub manfaat va siyosiy
xatti-harakatlari ham atroflicha tahlil qilib berilgan.
Birinchi Prezidentimiz asarning "Buyuk davlatchilik shovinizmi va agressiv millatchilik"
qismida mamlakatimizning ozod va obod taraqqiyot tamoyillariga halokatli ta'sir ko'rsatishi
mumkin bo'lgan yana bir xavf to'g'risida bor haqiqatni ochib beradi: "Tarixiy tajribaga asoslanib,
bu hodisani muayyan kuchlar va davlatlar tomonidan bo'ladigan siyosiy, mafkuraviy va iqtisodiy
12Karimov I.A. Xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yo'lida. 6-jild. — T.: «O'zbekiston»,1998.— 52-bet
hukmronlik deb yoki millatlararo va davlatlararo, mintaqaviy munosabatlarda unga intilish deb
ta'riflash mumkin.
Shovinizm ba'zi ko'p sonli millatlarning nafaqat ko'p millatli imperiya doirasida, balki uni
o'rab turgan jo'g'rofiy-siyosiy makonda ham o'zining mutlaq hukmronligini o'rnatish uchun
kurashda namoyon bo'ladi"13.
Asarda buyuk davlatchilik shovinizmi va agressiv millatchilik ko'plab misollar
yordamida teran tahlil etiladi. Lekin bu fikrni faqat shu davlatlarga oid ekan deb qaramaslik
kerak, bugungi fan-texnika va axborot almashinish taraqqiyoti tobora yuksalayotgan XXI asrda
shovinizm va millatchilik yangi shaklda namoyon bo'lmoqsa. Bu illat hozirgi kunda jahonshumul
qurolli to'qnashuvlar bilan emas, balki iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, ma'naviy, integrasion va
boshqa blokadalar (siqib qo'yish) orqali namoyon bo'lmoqda. Shuningdek, hozir bu usul ish
bermagan taqdirda, tarixiy uslub, ya'ni qurolli harbiy tazyiq asosida tasarruf etish, bosib olish
yoki majburan ta'sir doirasiga kiritish tamoyillari ham qo'llanilayotir. Chunonchi, go'yoki biznes
faoliyati, aslida esa maqsadi boshqa bo'lgan turli loyihalarga yoxud nodavlat tashkilotlar ta'sir
doirasiga olish, ommaviy axborot vositalari yordamida provakasion tashviqotlar uyushtirish
orqali o'z g'oyalarini singdirish yo'nalishlari ham uning asosiy shakllaridandir. Rivojlangan
davlatlardagi ayrim guruhlar tomonidan amalga oshirilayotgan bunday xatti-harakatlarning asl
mohiyati to'g'risida to'g'ri tushunchaga ega bo'lish, dunyoqarashni ham aniq belgilab olishga
yordam berishini bugungi O'zbekistonning har bir fuqarosi yaxshi bilishi lozim.
Birinchi Prezidentimiz bu asarda etnik va millatlararo ziddiyatlar yosh respublikamiz
taraqqiyoti uchun jiddiy xavf ekanini alohida ta'kidlaydi. Asarda tarixiy etnik va millatlararo
nizolardan qator dalillar keltiradi hamda bunday nizolarning asosiy omillari ko'rsatib beriladi.
Bildirilgan fikr va ko'rsatilgan asoslar faqat mamlakatimizni qamrab olmaydi, ular bugungi
dunyoda mavjud etnik va millatlararo muammolarning qayerda bo'lishidan qat'i nazar,
barchasiga birday taalluqlidir. Chunki hozirda ko'pmillatli bo'lmagan davlatlarning o'zi juda oz.
Shunga ko'ra, ushbu ziddiyatlarni ko'pmillatli davlatlar va ularning qo'shnichilik xususiyatlariga
ko'ra ham tahlil etish kerak. Shunisi xarakterliki, etnik va milliy nizolar maqsadiga ko'ra ichki
yoki tashqi asosli bo'ladi. Ba'zan ichki asoslar sababli yuzaga kelgan nizolarga, ma'naviy, etnik,
milliy yoki boshqa manfaatlar tutash va yaqin bo'lishiga qarab, tashqi sabablar ham aralashib
ketadi. Oqibatda ichki nizolar davlat yoki mintaqa doirasidan chiqib, xalqaro maydonda
davlatlararo tus oladi. Ta'kidlash kerakki, bizning mintaqamizda millatlararo va etnik ziddiyatlar
hozirgi kunda iqtisodiy, jo'g'rofiy, siyosiy, moddiy va diniy ziddiyatlar bilan qo'shilib ketmoqda.
Ayni vaqtda, bu ziddiyatlarning tub asoslari odilona tahlil etilmagani tufayli muammolar bartaraf
etilishi o'rniga, ularni chuqurlashtirishga yo'l qo'yilmoqda.
Yuqoridagi muammolarga nafaqat biz uchun, balki har qanday rivojlangan kuchli
davlatning barqarorligi va taraqqiyotiga ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan kuchli tahdidlar sifatida
qarash kerak.
Buzg‘unchi g‘oyalar xalqlar boshiga so‘ngsiz kulfatlar keltiradi. Bunga olis va yaqin
tarixdan ko‘plab misollar keltirish mumkin. Inson va jamiyat bor ekan, ezgu g‘oyalarning ziddi
bo‘lgan zulm va zo‘ravonlik, qabohat va jaholat yangi-yangi shakllarda namoyon bo‘lishga
urinadi. Lekin ular odamzotning adolat, tinchlik va birodarlik, taraqqiyot va farovonlik
g‘oyalariga tayanib, oliy maqsadlar sari intilishlarini aslo to‘xtata olmaydi.
Demak, vayronkor g’oya deb, turli ta’sirchan vositalardan foydalanib, odamlarni soxta
va puch maqsadlarga ergashtiruvchi, ularning kuch-qudratini buzg’unchilik va jinoyatga
yo’naltiradigan, insoniyat uchun faqat kulfat keltiradigan g’oyaga aytiladi.
Shu bilan birga vayronkor g‘oyalarning mazmun-mohiyatini, maqsad-muddaolarini bilish
nihoyatda muhim. Bu fuqarolar, ayniqsa yoshlar uchun buzg‘unchi g‘oyalar xavfini anglash,
o‘zlarida mafkuraviy immunitet hosil qilish uchun zarur bilimlarni egallashiga yordam beradi.
Tahdid - inson, jamiyat va davlat hayoti hamda faoliyatiga nisbatan muayyan davr
mobaynida aniq maqsadga yo'naltirilgan mahalliy, hududiy, mintaqaviy va umumsayyoraviy
13 O‘sha asar. 65-bet
salbiy omillarning tajovuzi tufayli aniq makon va zamonda vujudga keladigan xavf-xatar shakli,
muayyan beqaror siyosiy-ijtimoiy va tarixiy vaziyatni ifodalovchi tushuncha. Ushbu
tushunchaning mazmun-mohiyati, namoyon bo'lish shakllari va xususiyatlari Birinchi
Prezidentimiz Islom Karimovning —O'zbekiston XXI asr bo'sag'asida: xavfsizlikka tahdid,
barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” asarida ko'rsatib berilgan. Tahdidlar turli-tuman:
ichki, tashqi, makon nuqtayi nazaridan esa uzoq va yaqin bo'lishi mumkin. So'nggi yillardagi
voqealar shundan guvohlik beradiki, ularni iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, ekologik, demografik,
ma'naviy, mafkuraviy, harbiy, tabiiy-iqlimiy tahdidlarga ajratib, tahlil etish mumkin. Yer
yuzining turli mintaqalarida sodir bo'layotgan, butun insoniyatga xavf solib turgan turli noxush
hodisalarni tahlil qilgan sari, ularning barchasida inson omili bosh sababchi ekani oydinlashadi.
XXI asr boshidagi tarixiy tajriba shundan dalolat beradiki, muayyan davlat va millat xavfsizligi,
barqarorligi, taraqqiyoti hamda istiqboli ko'p jihatdan mazkur millatga xavf solayotgan xavf-
xatar va tahdidlarni anglab yetish salohiyati va qobiliyati darajasiga bog'liqdir. Tahdidlarga
nisbatan befarqlik, loqaydlik oqibatida tanazzulga uchragan davlatlar ham bo'lgan. Aksincha,
boqiylikka daxldor millatlar ham borki, ular muvaffaqiyatining asosiy omili bo'lg'usi tahdidni
oldindan sezib, unga o'z vaqtida javob qaytargani bilan belgilanadi.
Ma'lumki, jahonda vujudga kelgan murakkab vaziyat tufayli hozirgi davrning ma'naviy-
mafkuraviy tahdidlari tuzilishi yanada kengayib ketdi. Zamonaviy mafkuraviy tahdidlar omili
siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy , madaniy va ma'naviy sohalarni, ya'ni kishilik jamiyati hamda
hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Ayni paytda ma'naviy-mafkuraviy tahdidlar orqali
ko'zlangan maqsadlarga erishishda ma'naviyat omilidan asosiy mexanizm sifatida
foydalanilmoqda. Mazkur holat ma'naviy tahdidlarga qarshi kurash samaradorligini oshirish
uchun ko'plab nazariy muammolarni hal qilishni ham nihoyatda dolzarb vazifa qilib qo'ymoqda.
Bu masalaga “Yuksak ma'naviyat - yengilmas kuch” asarida alohida e'tibor qaratilgan. Ma'naviy
tahdidlar o'z mohiyatidan kelib chiqib, eng avvalo, inson ongi, tafakkuri va xulq-atvoriga xavf-
xatar solmoqda. Inson ongi va qalbini vayronkor va buzg'unchi g'oyalar bilan izdan chiqarishga
harakat qilish uning eng asosiy mazmun-mohiyatini belgilaydi. Mafkuraviy tahdidlar esa
muayyan jamiyat a'zolarini yagona maqsad va muddaolardan chalg'itib, milliy mentalitetga mos
kelmaydigan begona g'oya, fikr, maqsad va qarashlarni chetdan turib eksport qilish jarayonida
o'zini yanada aniqroq namoyon qiladi. Mafkuraviy tahdidlarning o'ta xavfli jihati shundan
iboratki, u birinchi navbatda, jamiyatning ma'naviy sohasini barbod qilishga yo'naltirilgan.
Chunki aynan ma'naviy soha har qanday jamiyatning mavjudligi, yashovchanligini
ta'minlaydigan asosiy o'zak hisoblanadi. Bugun ma'naviy-mafkuraviy tahdidlarning turli xil usul
va vositalari ishlab chiqilmoqda. Kishi xayoliga kelmaydigan oddiy gugurt qutisidan tortib,
ustimizdagi kiyimlar, oziq-ovqat mahsulotlari, kinofilmlarning har birida muayyan tarzda katta
yoki kichik bo'lsa-da, ma'naviy-mafkuraviy tahdid mavjud. Buning xatarli tomoni shundaki,
ma'naviy-mafkuraviy tahdidlar targ'ibotchilari o'z maqsadlari yo'lida juda katta miqdorda
mablag' sarflashmoqda. Masalan, bugun AQShda ta'lim sohasiga nisbatan reklamaga 1,5 marta
ko'p mablag' sarflanmoqda. Ma'lumki, har qanday millatning, jamiyatning inqirozga yuz
tutishiga, birinchi navbatda, ma'naviyat omilining susayishi sabab bo'ladi. Zero, I.A.Karimov
tomonidan takror va takror ta'kidlanganidek, biron-bir jamiyat ma'naviy imkoniyatlarini, odamlar
ongida ma'naviy va axloqiy qadriyatlarni rivojlantirmay hamda mustahkamlamay turib o'z
istiqbolini tasavvur eta olmaydi. Demak, bugungi kundagi ma'naviy tahdidlar tabiiy ravishda
jamiyat uchun «ma'naviy xavfsizlik» muammosini keltirib chiqaradi. Jumladan, bizning
jamiyatimiz uchun ham ushbu masala o'ta dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Hozirgi vaqtda turli
toifadagi dushmanlarimizning ma'-yatimizga nisbatan xuruji quyidagi ko'rinishlarda yuz
bermoqda: ekstremistik ruhdagi diniy g'oyalarni tiqishtirishga intilish; milliy taraqqiyot modeliga
aholi o'rtasida ishonchsizlik uyg'otish; demokratiya qadriyatlari va demokratik taraqqiyot
imkoniyatlariga nisbatan shubha bilan qarash holatini vujudga keltirish; odamlar ongini ezgu
g'oyalardan chalg'itish; G'arbga xos bo'lgan dunyoqarash va xulq-atvor normalarini tiqishtirishga
harakat qilish; jamoaparvarlik, ijtimoiy hamkorlik ruhini inkor etib, individualizm g'oyalarini
sun'iy ravishda tiqishtirish; xayoliy farovon turmush tarzini va'da qilish; jamiyatni fikrsizlikka
undash; jamiyat a'zolari, ayniqsa, yoshlar tafakkurida milliy qadriyatlarga sodiqlik tuyg'ularini
zaiflashtirish, xalqimiz urf-odatlari, milliy mentalitetiga begona odatlarni kiritishga intilish.
G'arazli maqsadlarni ko'zlovchi siyosiy kuchlar mafkuraviy xurujlarni amalga oshirishda eng
zamonaviy axborot tarmoqlari, san'at, adabiyot, reklama, OAVdan iborat yaxlit bir tizimdan
foydalanmoqda. Shu bois jamiyatimizda ma'naviy xavfsizlikni ta'minlash masalasiga keng
qamrovli, sifat jihatidan butunlay yangi asoslarda yondashish davrimizning eng asosiy
muddaosini tashkil etadi. Chunki o'z ma'naviy xavfsizligini ta'minlay olgan jamiyatninggina
umri boqiy bo'ladi. Xavfsizlikni ta'minlash har birimizning burchimizdir. Ma'naviy xavfsizlikni
ta'minlashda quyidagilarga e'tibor berish maqsadga muvofiq: milliy ma'naviy qadriyatlarni asrab-
avaylash; yoshlarni milliy ruhda tarbiyalash; xorijiy san'at namunalarini muntazam ekspert qilib
borish; ma'naviy daxlsizlik masalasini qonunlashtirib qo'yish; inson irodasini chiniqtirib borish;
targ'ibot ishlarini zamonaviylashtirib borish. Zero, —ma’naviy xavfsizlik” tushunchasi jamiyat
a'zolarining milliy, insoniy va shaxsiy tuyg'ulari, qarashlari, turmush-tarzi, qadriyatlari hamda
urf-odatlarini daxlsiz saqlashni anglatadi. Bugungi davr voqeligi har bir masalada yangicha
tamoyillar asosida ham yondashishni taqozo etmoqda. Muayyan tahdid, g'oya yoki tamoyillarni
anglab olish ishning bir qismi, xolos. Shu ma'noda, ma'naviy tahdidlarga qarshi kurashda amaliy
ishlarga e'tibor berish asosiy masaladir. Buning uchun jamiyat a'zolarida ma'naviy immunitetni
hosil qilish kerak. Birinchi Prezident I.A. Karimov —O'zbekiston XXI asr bo'sag'asida:
xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” kitobida o'z taqdirimizni
o'zimiz belgilashimiz, istiqlol bergan erk va ozodlikni bugungi murakkab va ba'zan shafqatsiz
dunyoda bo'layotgan turli xavf-xatarlardan saqlash har birimizga bevosita bog'liq, degan teran
ma'noli fikrni olg'a suradi. Agar bu fikrni tahlil qiladigan bo'lsak, birinchidan, biz yashab turgan
dunyo mustaqilligimiz va taraqqiyotimiz uchun turli xil tahlikalarga to'lib-toshganligini anglab
etish qiyin emas. Ikkinchidan, ko'p jihatdan bizning xohish-irodamizga bo'ysunmaydigan
ijtimoiy, umumjahon rivojlanish jarayonlari mamlakatimiz fuqarolari oldiga g'oyat mas'uliyatli
talablar qo'yayotgani bois, turli tahdidlarning oldini olish va barqarorlikka erishish yo'lidagi
chora-tadbirlarni amalga oshirish har birimizning ma'naviy olamimizga bog'liq ekani to'g'risida
aniqroq tasavvurga ega bo'lamiz. Demak, xalqaro axborotlashuv mamlakatlar o'rtasidagi
aloqalarni tezlashtirish bilan bir qatorda, afsuski, milliy, mintaqaviy va global xavfsizlikka
nisbatan yangi tahdidlarni vujudga keltirmoqda. Mazkur tahdidlar olimlarning Xalqaro
Federasiyasi tomonidan XXI asrdagi insoniyatga nisbatan bo'lgan eng yetakchi xavf-xatar omili
deb e'tirof qilinishi ham bejiz emas. Xulosa shundan iboratki, xalqaro xavfsizlik ham, alohida
olingan mamlakatlarning tinchligi ham tahdidbardosh jamiyat yaratishga ko'p jihatdan bog'liq.
Jamiyatning axborot xavfsizligi, o'z navbatida, to'g'ridan-to'g'ri turli tahdidlarning oldini olish,
ularga qarshi immunitet hosil qilishni anglatadi. Mustaqillikni mustahkamlash, tinchlik va
barqarorlikni asrashga alohida e'tibor berish har birimiz uchun dolzarb masala ekanini anglab
olish lozim.
Mafkuraviy tahdid — ijtimoiy -siyosiy harakat, oqim yoki siyosiy kuch o'z manfaatini
ifodalovchi mafkurasini qo'rqituv, zo'rlik yo'li bilan boshqalarga tiqishtirish. Mafkuraviy tahdid
jamiyat, davlat yoki xalq, millat yoki elat taqdiriga xavf solib turgan, fojeali oqibatlarga olib
kelishi mumkin bo'lgan mafkuraviy xavf-xatarlar majmuasi. Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov
ta'kidlaganidek, dunyoning ayrim hududlarida ana shunday harakatlar natijasida ma'naviy
yo'qotishlar yuz berayotgani, millatning asriy qadriyatlari, milliy tafakkuri va turmush tarzi izdan
chiqayotgani, axloq-odob, oila va jamiyat hayoti ongli yashash tarzi jiddiy xavf ostida
qolayotganini kuzatish mumkin. O'zbekiston ham bunday tahdidlardan chetda qolayotgani yo'q.
Mamlakatda insonparvar, demokratik jamiyat qurilayotgan hozirgi sharoitda fuqarolar ongi va
faoliyatiga siyosiy ekstremizm, diniy va fundamentalizm, etnik va millatlararo ziddiyatlar,
korrupsiya va jinoyatchilik, mahalliychilik va urug'-aymoqchilik, ekologik muammolar
—ommaviy madaniyat” tajovuzi va boshqalar mafkuraviy tahdid shaklida namoyon bo'layotir.
Ayniqsa, o'rta asr xalifaligini qayta o'rnatish g'oyasi hamda xalqaro terrorchilik va diniy
ekstremizm markazlari orqali moddiy-g'oyaviy ta'minlanayotgan aqidaparastlar mafkurasi bugun
mintaqamizdagi tinchlik va barqarorlik uchun katta xavf bo'lib turibdi.
Hozirgi zamonning mafkuraviy manzarasida sezilarli ahamiyat kasb etayotgan vayronkor
g'oyalarni ikki guruhga bo'lish mumkin. Zotan, o'zbek jamiyatining taraqqiyotiga xavf
solayotgan g'oyalar (shovinizm, neototalitarizm, kosmopolitizm-dunyo fuqaroligi va shu
kabilar)ni mamlakatimiz fuqarolariga bevosita singdirishga urinilayotgan g'oyalar (millatchilik,
diniy ekstremizm, milliy mahdudlik, missionerlik, prozelitizm, «ommaviy madaniyat»,
«axloqsizlik falsafasi» va shu kabilar)dan ajrata bilish lozim.
Shovinizm tarafdorlari o'z manfaat va ehtiyojlarini haddan ziyod ulug'laydi, ularni boshqa
millat va elatlar hisobiga qondirishni targ'ib etadi. «Iqtisodiy imkoniyatlari zaiflashgan, ijtimoiy
totuvlikka darz ketgan, ichki ziddiyatlar kuchaygan, Vatan, millat taqdiridan o'zining tor
manfaatlarini ustun qo'yadigan, o'zaro kelisha olmayotgan, hokimiyatga da'vogar siyosiy
guruhlarning mavjud muammolarini tashqi kuchlar yordamida hal qilishga urinishi va ma'naviy-
ruhiy parokandalik, ertangi kunga ishonchsizlik tuyg'ulari hukmron bo'lgan mamlakatlar buyuk
davlatchilik shovinizmi nishoniga aylanishini zamonaviy tarix ham ko'rsatib turibdi».
Millat va elatlarning yagona totalitar tizim sharoitidagina farovon hayot kechira olishini
targ'ib etuvchi neototalitarizm g'oyalari ham jamiyatimiz taraqqiyoti uchun katta xavf
tug'dirmoqda. Chunki ushbu g'oya tarafdorlari millatlarni yana imperiya sharoitiga qaytarishni,
yana milliy qadriyatlarga panja orasidan qarashni taklif etadilar. Bu haqda Prezidentimiz Islom
Karimov: «Xalqning urf-odatlari, an'analari, madaniyati oyoq osti qilindi, ona tilining qo'llanish
sohasi sun'iy tarzda cheklab qo'yildi. Hatto, shundoq ham milliy an'analardan ancha olisda
bo'lgan ayrim san'at turlari ham kimlargadir maqbul bo'lmay qoldi va ularni yangilashga
urindilar. Hatto, milliy libos ham qoralandi. Kezi kelganda odamlar milliy an'analar bo'yicha to'y
qilish, qarindosh-urug'larni dafn etishga ham cho'chib qolgan edilar», deya ta'kidlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |