3.3. Yog’ochlashgan qalamchalar tayyorlanadigan ona tutzorni parvarish qilish va foydalanish
Tut navlari qaysi usul bilan yaratilishidan qat’iy nazar ular odatda vegetativ yo’l bilan ko’paytirish imkonini berishi, shuningdek ipak qurtlarini boqish uchun doimiy ravishda kesib turilishi va boshqa maqsadlarda foydalanishi bilan qiymatli sanaladi.
Keyingi yillarda duragaylash yo’li bilan olingan yangi navlar qalamchalash yo’li orqali yetishtirish uchun istiqbolli hisoblanadi.
Qalamchalar tayyorlash uchun mo’ljallangan buta shaklidagi ona tutzorlar o’z ildiziga ega bo’lgan, klon yo’li bilan ko’paytirilgan, tumanlashtirilgan navlar va duragay tutlardan tayyorlangan qalamchalarni ekish yo’li bilan barpo etiladi.
Shunga ko’ra tut avlodiga kiruvchi tur tarkibi: M.alba Linn, M.Multicaulis Perr, M.Kadayamae Koidz. M.Bombucis Koidz va navlar SANIISH – 15, Kokuso – 70, Pioner, O’zbekiston, Surx tut, Sovuqqa chidamli -1, Qatlama, Mankent, Oktyabr va Tojikiston urug’siz tuti Payvandi navlaridan tashkil qilish maqsadga muvofiqdir.
Qalamcha tayyorlanadigan ona tutzorni relefi tekis, sho’rlanmagan qalin qavatli, strukturali, suv, havo va issiqlikni yaxshi o’tkazadigan maydonda tashkil qilinishi lozim.
Ayniqsa, dukkakli o’simliklar ekib kelingan va bedadan bo’shagan yerlar ona tutzor uchun eng yaxshi va unumdor hisoblanadi.
Ona tutzorga mo’ljallangan yerning har gektariga kuzda 45 kg fosfor va 10 – 20 t go’ngga aralashtirib sepiladi, so’ngra 35 – 40 sm chuqurlikda xaydaladi. Erta ko’klamda tuproq yetilishi bilan borona bosib, ekish oldidan molalanadi.
Ona tutzorga qalamchadan o’stirilgan ko’chatlar butasimon shakldi, qator orasi 3 yoki 4 m va tup orasi 0,5 m masofada eqiladi. Bunda 1 ga tutzordan 85 – 100 ming dona qalamcha tayyorlash mumkin. Gektar hisobida yanada ko’proq 700 – 750 ming dona atrofida qalamcha tayyorlash maqsadida ona tutzor qalin qilib 0,3 x 0,7 m. yoki 0,3 x 0,9 m sxemasida eqiladi. Ko’chatlarni ekish har bir tumanning iqlim sharoitiga qarab fevral oyining oxiridan mart oyining oxirigacha amalga oshiriladi.
Ko’chatlar ekib bo’linishi bilan tezda sug’oriladi va tuproq yetilishi bilan qiyshaygan ko’chatlar to’g’rilanadi, yerni bag’ridan 5 – 10 sm qoldirib kesiladi. Yangi o’sib chiqqan novdalar may oyining oxiri va iyunda siyraklashtirib, har bir tupda 4 – 5 ta novda qoldiriladi. Ular iyul oyining ikkinchi yarmi va avgustning birinchi o’n kunligi orasida halqalanadi. Ko’chatning ikkinchi o’sish yili erta ko’klamda bir – biriga qarama –qarshi joylashgan, to’g’ri va baquvvat bo’lib o’sgan uchta novdasi yer sathidan 30 – 40 sm yuqoridan kesiladi.
Ayni vaqtda qolgan 1 – 2 ta asosiy hamda pastda va yon atrofida o’sgan mayda bachki novdalar tanaga taqab qirqiladi. Ulardan qalamcha tayyorlanib, ko’chat yetishtirish uchun eqiladi.
Keyingi yillari 3 ta kallakdagi novdalar baquvvat bo’lib o’sishi uchun may – iyun oyida siyraklashtiriladi.
Qalamcha tayyorlaydigan ona tutzorlar bargi uchun o’stiriladigan tutzorlar singari o’g’itlanadi, ya’ni tutning yoshi, tuproq xili va unumdorligiga qarab gektariga sof vaznda azot 120 – 180 kg, fosfor 60 – 90 kg, kaliy 30 – 40 kg va go’ng 20 – 40 t atrofida solinadi.
Ona tutzorni parvarishlashda sug’orish qoidasiga ko’ra amal qilish xam juda muhim bo’lib, 0,25 x 0,7 m, 0,3 x 0,90 m ekish oralig’ida qalin qilib o’tkazilgan tutzorlarda sug’orish o’suv davrida hammasi bo’lib 4 – 5 marta o’tkazilsa bo’ladi, chunki bunday maydonlarda suv tuproq yuzasidan kam bug’lanadi. May oylarida hamma ona tutlardagi kichik, o’sishdan orqada kolgan novdalar yulib tashlanadi. Bunda qilingan novdalarni kesib tashlash bilan qoldirilgan asosiy novdalarning yaxshi o’sishi uchun sharoit yaratiladi va kerakli yorug’lik hamda havo almashinish sharoiti vujudga keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |