E’tibor qarating! Konsullik huquqi konsullik muassasalari va ular personalining ma’lum bir huquqiy maqomini, funksiyalarini, huquq va majburiyatlarini tartibga solishga qaratilgan xalqaro huquqiy hujjatlar yig‘indisi. Davlatlar konsullik munosabatlarini o‘zaro rozilik asosida yo‘lga qo‘yadi. Agar boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, diplomatik aloqalarning yo‘lga qo‘yilganligi konsullik aloqalarining yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi. Hozirda amaliyot konsullik muassasalarining ikki xil ko‘rinishlarini ifoda etadi. Birinchisi, diplomatik vakolatxonalar qoshidagi konsullik bo‘limlari va ikkinchisi, alohida faoliyat olib boruvchi konsullik muassasalari.
Konsul yoki boshqa har qanday konsullik faoliyatini amalga oshiruvchi mansabdor shaxs lavozimiga tayinlangandan e’tiboran o‘z missiyasini bajarishga kirishgan hisoblanadi. Ko‘pchilik davlatlarda konsullarni lavozimga tayinlash va boshqa davlatlarning konsullarini qabul qilish tashqi ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Konsullik huquqi diplomatik huquq kabi tashrif buyurayotgan davlatning oldindan roziligini (agreman) talab qilmaydi. Biroq ikki tomonlama davlatlar o‘rtasidagi shartnomalarda konsullik muassasalari uchun rozilik talab etiladi. Konsul tomonidan o‘z vazifalarini bajarishga kirishishi u tomonidan konsullik patenti va ekzekvaturasini olishni talab etadi.
Konsullik patenti –bu biror bir davlatni ifoda etayotgan konsullik muassasasi rahbarining vakolatlarini tasdiqlovchi vakolatli organ tomonidan beriladigan hujjat.
Konsullik patentida konsullik lavozimiga tayinlanayotgan shaxsning to‘liq nomi, uning fuqaroligi, rangi (darajasi), egallab turgan lavozimi, konsullik okrugi va konsullik muassasasining joylashgan hududi bayon qilinadi.
Konsullik patentini tegishli ravishda konsul vakil qilingan davlat vakolatli organiga taqdim etadi va mazkur organ konsulga ekzekvatura, ya’ni konsulning o‘z vazifalarini bajarishiga rozilik bildirishi mumkin. Ekzekvaturani olgandan so‘ng konsul o‘z vazifalarini bajarishga kirishishi mumkin.
Konsullik muassasalarida shtatsiz asosda faoliyat olib boruvchi shaxslar ham mavjud bo‘lishi mumkin. Konsullik korpusi ekzekvaturani eng oldin olgan konsul tomonidan – duayen tomonidan boshqariladi.
Diplomatik vakolatxona konsullik bo‘limlari uchun konsullik patenti talab etilmaydi. Konsullik munosabatlari quyidagi holatlarda tugatilishi mumkin:
1) vakil qilib yuborgan davlatning o‘z konsulini chaqirib olishi bilan;
2) konsul kelgan davlat tomonidan ekzekvaturaning bekor qilinishi bilan;
3) konsullik patenti muddatining tugashi bilan;
4) konsullik muasasasining yopilishi bilan;
5) konsullik munosabatlarining tugatilishi va boshqa holatlarga ko‘ra.
Konsullik muassasalari darajalari va personali. Mustaqil konsullik muasasalari quyidagi darajalarga bo‘linishi mumkin:
1) bosh konsullik muassasalari;
2) konsulliklar;
3) vitse konsulliklar;
4) konsullik agentliklari.
Konsullik muassasalarining darajalari davlatlar o‘rtasidagi shartnomalar asosida belgilanadi.Ushbu muassasalarga mos ravishda konsullik muassasalar rahbarlari darajasi ham belgilanadi.
Konsullik muassasalari faoliyatini, ya’ni konsullik organlari maqomini, funksiyalarini, strukturasini aniqlashda va chet el konsullik muassasalari faoliyatini tartibga solishda davlatning milliy qonunchiligi juda katta ahamiyatga ega.