Imtiyozlar – xorijiy vakillik organlari (va ularning xodimlari) faoliyatining imtiyozli shartlari bo‘lib, odatda ulardan milliy yuridik va jismoniy shaxslar foydalanmaydilar.
Mazkur imtiyozli shartlar bunday vakillik organlarining rasmiy xalqaro-huquqiy maqomini inobatga oladi va ularga asosan mazkur organlar funksiya hamda vakolatlarining faoliyatini samarali amalga oshirishlariga ko‘maklashish maqsadida beriladi.
1961 va 1969-yillar konvensiyalariga muvofiq imtiyozlar qatoriga:
– birinchidan, xorijiy davlat vakillik organining uni yuboruvchi davlat hukumati va uning xorijiy organlari bilan barcha qonuniy vositalar yordamida, shu jumladan, diplomatik kuryerlar, kodlangan yoki shifrlangan diplomatik maktublar (depesha), shuningdek vakolatxona joylashgan davlat roziligi bilan radio uzatgichlardan foydalangan holda barcha rasmiy maqsadlarda aloqalarni bogʻlab turish;
– ikkinchidan, xorijiy davlat vakillik organining, u egallab turgan binolarga nisbatan, alohida ko‘rsatilgan xizmatlarga to‘lovlardan tashqari barcha davlat, rayon va mahalliy (munitsipal) soliq, yig‘in va bojlardan ozod etilishi;
– uchinchidan, vakillik tomonidan foydalanish uchun belgilangan narsalarni bojxona bojlari, soliqlar va yig‘inlarni to‘lamasdan olib kirish huquqi (ba’zi istisnolardan tashqari);
– to‘rtinchidan, vakolatxona va uning boshlig‘i tomonidan yuboruvchi davlat bayrog‘i va gerbini vakolatxona xonalarida, shu jumladan, vakolatxona boshlig‘i qarorgohida va u foydalanadigan transport vositalarida osib qo‘yish huquqi kiradi.
Diplomatik agentlar, yuboruvchi davlat maxsus missiya vakillari va uning diplomatik xodimlari quyidagi imtiyozlardan foydalanadilar:
– birinchidan, missiya joylashgan davlat hududi bo‘ylab erkin harakat qiladi (belgilangan istisnolar bilan);
– ikkinchidan, barcha davlat, rayon va mahalliy (munitsipal) soliq, yig‘im va bojlardan ozod etiladi;
– uchinchidan, ularning xarakteridan qat’i nazar, barcha mehnat va davlat majburiyatlaridan, shu jumladan harbiy majburiyatlardan (rekvizitsiya, tovon to‘lash va uylarni qo‘noq harbiylar qo‘shinidan ozod qilish kabilardan) ozod etiladi;
– to‘rtinchidan, ko‘rsatilgan shaxslar va ularning oila a’zolari shaxsiy foydalanishlari uchun belgilangan narsalarni bojxona bojlari, soliqlar va yig‘imlar to‘lamasdan olib kirish huquqiga ega;
– beshinchidan, agar ularning shaxsiy yuklarida missiya joylashgan davlatga olib kirish va olib chiqib ketish taqiqlangan narsalarning borligini tasdiqlovchi jiddiy asoslar bo‘lmasa, ularni tekshirishdan ozod etiladi.
Bundan tashqari, qabul qiluvchi davlat tashqi aloqalar organiga ularning o‘z funksiyalarini samarali bajara olishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishi lozim.
Imkoniyatlar – vakolatxona joylashgan davlat, agar bunga zaruriyat bo‘lsa, xorijiy davlatga, uning vakillik organlari va xodimlari timsolida ega bo‘lishi uchun yordam berishi mumkin yoki lozim bo‘lgan immunitet va imtiyozlardir.
Bu yerda gap vakolatxona uchun binoga ega bo‘lish yoki xodimlar uchun yashash xonalarini aniqlash, turli xildagi rasmiy maktublarni yuborishdagi imtiyozli huquqlar bilan ta’minlash, uzoqqa qatnaydigan jamoatchilik transportlaridan imtiyozli foydalanish, kundalik turmush ehtiyojlari uchun zarur buyumlarni olish va shunga o‘xshash imtiyoz va xizmatlar to‘g‘risida bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |