Markaziy Osiyoning zaifligi
Global va mintaqaviy kuchlar chorrahasida joylashgan Markaziy Osiyo, xalqaro maydonda alohida aktyor sifatida faoliyat yuritishga haqli. Biroq, Markaziy Osiyo davlatlari shunchaki Rossiya va yaqinda Xitoyning ta`siri doirasi yoki g'arb qadriyatlarini targ'ib qilishning potensial bazasi sifatida qabul qilinib kelmoqda.
Aloqa, jismoniy to'siqlar, siyosiy qatag'onlar va iqtisodning zaifligi kabi omillar Markaziy Osiyo davlatlarini tashqi ta`sirlarga nisbatan zaif qilib qo'yadi. Bundan tashqari, mintaqa siyosiy qatag'on va mintaqaviy yakkalanishni kuchaytiradigan avtoritar rejimlar bilan ajralib turadi.
Markaziy Osiyodagi yangi Xitoy-Rossiya hamkorligi mintaqaning kelajakdagi iqtisodiy va siyosiy yo'nalishini belgilab berishi mumkin. Xitoy iqtisodiy rivojlanishni mintaqani 3 asosiy xatardan: terrorizm, separatizm va diniy ekstremizmdan himoya qilish yo'li sifatida taklif qilmoqda.
Pekin Markaziy Osiyoda terrorizm va siyosiy zo'ravonlikning avj olishidan qo'rqadi, chunki bunda G'arbiy Xitoyni beqarorlashtirish va «Bir kamar, bir yo'l» loyihasini barbod etishi xavfi mavjud.
Transport, raqamli va energetika infratuzilmasiga investisiya kiritish orqali iqtisodiyotni va kommunikasiyalarni rivojlantirish ijobiy iqtisodiy natijalarga olib kelishi kutilmoqda.
Biroq, Xitoy bilan bitim tuzish cheksiz qarzlar va Xitoyning hukmronligi kabi potensial xavflarni ham o'z ichiga olishini unutmaslik kerak.
Misol uchun, Tojikiston, Markaziy Osiyoning eng qashshoq davlati sifatida, Xitoyning katta sarmoyalarini ma`qulladi, lekin shu bilan birga qarz botqog'iga botdi.
Rossiya va Xitoy (garchi norasman bo'lsa-da) Tojikistonda harbiy bazalarga ega, bu esa iqtisodiy jihatdan qaram davlatni xavfsizlik va harbiy mustaqillikdan mahrum qilinishini anglatadi.
O'zbekiston ham mintaqaviy muommolardan holi emas. Infratuzilma, korrupsiya, siyosiy qatag'onlar mamlakatni xorijiy sarmoyalarga chanqoq bo'lishiga olib keladi.
Xitoyning Huawei telefon kompaniyasi O'zbekistonda raqamli infratuzilmani modernizasiya qildi, shu bilan birga, Xitoyning ushbu sektorda hukmronlik qilishining siyosiy va strategik ta`siriga oid tashvishlarni keltirib chiqardi.
Markaziy Osiyo respublikalari ichida eng ochiq mamlakat bo'lgan Qirg'iziston hukumati ulkan qarzlar vajidan xitoylik noqonuniy muhojirlarni deportasiya qilish va xitoylik ishchilarni yollaydigan kompaniyalarni tekshirishni talab qilayotgan mahalliy ovozlarni jim qilishga qiynalmoqda.
Qirg'iziston Xitoyga moliyaviy qaramlik tufayli rasmiy Pekinning musulmonlarga nisbatan diskriminasion siyosatiga va pul-kredit tizimidagi u qadar ham shaffof bo'lmagan qoidalariga ko'z yumishga majbur bo'ldi.
Qozog'iston rasmiylari esa Xitoyning Sharqiy Turkiston hududidagi (Shinjon viloyatidagi) qilmishlariga qarshi fikr bildirishga jur`at etgan faollarga nisbatan keskin choralar ko'rdi.
Qozog'istondagi hibsga olingan faol «Xitoyning yumshoq kuchi va pullari Qozog'iston rasmiylari va ziyolilarini Pekinning ta`sir o'tkazish agentiga aylantirayotganidan» xavotirini bildirgan.
Turkmaniston ham hozirgi vaqtda muhim energiya loyihalari orqali Xitoy bilan bog'langan. Ichki institusional tizimning zaifligi va iqtisodiyotning gaz hamda neftь eksportiga bog'liqligi sababli, Turkmaniston hukumati o'zining eng yirik energiya sherigi bo'lgan Xitoyga nisbatan provokasiya va qarshi chiqishlardan ehtiyot bo'lishiga to'g'ri keladi.
“Xitoy mintaqadagi etakchi iqtisodiy sherikka aylanganiga qaramay, Rossiya hali ham Markaziy Osiyo davlatlari uchun muhim savdo markazidir“.
2018 yilda Rossiya va Markaziy Osiyo o'rtasidagi umumiy savdo hajmi 25 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Pekinning Markaziy Osiyoda nufuzi o'sib borayotgan bo'lsa-da, Rossiyaning yumshoq kuchi rus tilidagi ommaviy axborot vositalarining mavjudligi va ta`limda ayni shu tildan foydalanilishi tufayli hamon mahsuldor hisoblanib, bu erda rus universitetlari Xitoynikiga qaraganda ko'proq talabgirdir.
Bundan tashqari, mintaqadagi ko'plab oilalar Rossiyada mehnat qilayotgan migrantlar pul o'tkazmalariga tayanib yashashadi.
Biroq, eng xavotirlisi bu emas. Qo'rqinchlisi – Rossiyaning majburiy diplomatiyasi bo'lib, u ikkilanmasdan mintaqada o'z hukmronligini saqlab qolish uchun har qanday vositalarni ishga sola oladi.
Iqtisodiy jihatdan Xitoyga qaram va hali ham Rossiya ta`sirida bo'lgan mintaqa strategik mustaqillikni yo'qotishi mumkin, chunki Xitoy-Rossiya hamkorligi mintaqada birgalikda boshqaruvni o'rnatish uchun etarlicha kuchga egaligi bilan xarakterlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |