:
I. Kirish. Korrupsiya yuzaga kelishi tarixiga bir nazar.
II.Asosiy qism:
1.Korrupsiya – kelajak kushandasi.
2. Korrupsiyaga qarshi kurashishga oid xalqaro huquqiy hujjatlar.
III. Xulosa. Korrupsiya ertamiz kushandasi bo'lishiga aslo yo'l qo'ymaymiz.
“Korrupsiya o‘zi nima? Uni kimlar amalga oshiradi? Korrupsiya qanday vujudga keladi?” — degan muammoli savollar jamiyatimizda uchrab turadi. Ommaviy axborot vositalari orqali, korrupsiya bilan bog’liq juda ko‘plab jinoyatlarni ko‘rishimiz mumkin. Xo‘sh, korrupsiya o‘zi nima? Uning asl mohiyati, uni harakatlantiruvchi kuchlar kimlar?
“ Korrupsiya” so‘zi lotincha “buzish”, “aynish” degan ma’nolarni anglatadi. Biror mansabdor shaxsning qonunchilikka va axloqqa zid ravishda o‘zining boshqaruv vakolatlari va huquqlaridan shaxsiy manfatlar maqsadida foyda olishidir. Korrupsiya atamasi odatda siyosiy apparatga nisbatan ishlatiladi. Mansabdor shaxslarni sotib olish, ularning poraga sotilishi ham korrupsiya deyiladi. Xalqaro darajada 1970-yilda Yaponiyaga samolyotlar sotishda kompaniya tomonidan oliy davlat amaldorlarini sotib olish bo‘yicha “Lokxid ishi” eng yirik korrupsiya ko‘rinishlariga misol bo‘ladi.
Korrupsiyaning eng keng tarqalgan turlariga poraxo‘rlik, firibgarlik, tovlamachilik, nepotizm kiradi. Bunday jinoyatlarning ko‘plab sodir etilishi iqtisodiyotni zaiflashtirib, siyosiy boshqaruvni izdan chiqarishi va fuqarolarni davlat tizimi va siyosiy tizimlarga nisbatan ishonchsizligini keltirib chiqarishi mumkin. Mustaqillikga erishganimizdan keying davrda ushbu turdagi jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan qator normativ huquqiy hujjatlar qabul qilingan, unga qarshi kurashuvchi davlat idoralari,ularning tarkibiy tuzilmalari tashkil etilgan bo‘lsada, unga qarshi kurashish ko‘ngildagidek bo‘layotgani yo‘q, tom na’noda korrupsiyaviy jinoyatchilik ildiz otib, miqdori kun sayin oshib bormoqda. Eng xatarlisi esa odamlarni bunday holga nisbatan befarqligi, unga oddiy holat sifatida munosabatda bo‘lishidir. Chuqurroq o‘ylab qarasak korrupsiya va unga bog’liq bo‘lgan iqtisodiy jinoyatchilik davlatlarning bugungi iqtisodiy va siyosiy vaziyatida taraqqiyotga to‘sqinlik qiluvchi asosiy xavf manbai, xavfsizlikka tahdid hisoblanadi.
Qadimgi yunon faylasufi Аristotel shunday degan edi: “Har qanday davlat tuzumida eng muhimi - bu qonunlar va tartib-qoidalar vositasida ishni shunday tashkil etish kerakki, mansabdor shaxslar qing’ir yo‘l bilan boylik orttira olmasin”. Hozirgi kunda dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan eng birlamchi masalalardan biri korrupsiya muammosidir. Shu bois unga qarshi kurash xalqaro miqyosga ko‘tarilib, jahon siyosatining muhim masalalaridan biriga aylandi. Binobarin, ushbu illat nafaqat islohotlar yo‘liga jiddiy to‘siq bo‘lishi, balki o‘tish davrida belgilangan maqsadlarga erishishga ham bevosita tahdid tug’dirishi barchaga ma'lum. Mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishning umumiy strategiyasini amalga oshirish doirasida qonun ustuvorligini ta'minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish va bunda korrupsiya jinoyatiga qarshi kurashish yuzasidan qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida tarixan qisqa davr ichida mamlakatda qonuniylik va huquq-tartibotni ta'minlashning huquqiy asoslari shakllantirildi, korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimi yaratildi. Eng avvalo, respublikamizda Birlashgan Millatlar Tashkiloti homiyligida qabul qilingan EKOSOS (BMTning iqtisodiy va ijtimoiy kengashi)ning Korrupsiyaga qarshi kurash rezolyutsiyasi (1995 y.), Davlat mansabdor shaxslarining xalqaro axloq kodeksi (1996 y.), Xalqaro tijorat tashkilotlarida korruptsiya va poraxo‘rlikka qarshi kurash haqidagi deklaratsiya (1997 y.), Millatlararo uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash konvensiyasi (2000 y.) va boshqa xalqaro hujjatlarning qabul qilinganimazkur illatga qarshi kurashda muhim omil vazifasini o‘tamoqda. Xalqaro hujjatlar ichida BMT Bosh Аssambleyasi tomonidan qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi konvensiya (2003 yil 31 oktyabr) asosiy xalqaro-huquqiy hujjat bo‘lib, u ushbu jinoyatning mohiyatini to‘liq ochib, unga qarshi kurash choralarini belgilab beradi. Barcha mamlakatlar korrupsiya illatini tag-tomiri bilan qo‘porib tashlashda xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilayotgan bo‘lsa-da, unga qarshi kurash har bir davlatning o‘zida olib borilishi muhim ahamiyatga ega. Zero, yuqoridagi Konvensiya milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish yo‘nalishlarini belgilab beradi. O‘zbekiston bu borada qat'iy qadam tashlab bormoqda. Xususan, 1997-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik konsepsiyasida korrupsiya mamlakatning milliy xavfsizligiga tahdidlardan biri, deya e'tirof etildi. Shu maqsadda “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish Milliy dasturi” qabul qilinib, hayotga tatbiq etildi. Mamlakatimiz 2008-yil 7-iyulda BMTning yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan Konvensiyasiga qo‘shildi. Davlatimiz 2010-yil mart oyida Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashning Istanbul rejasiga (2003 yil 10 sentyabr) qo‘shilgan. Shuningdek, Oliy Majlis tomonidan Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi to‘g’risidagi bitimi (Moskva, 2011-yil 16-iyun) 2011-yil 13-dekabrda ratifikatsiya qilingan. Davlat organlarida ham tashkiliy jihatdan qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi maxsus tuzilmalar (boshqarma va bo‘limlar) tashkil etilib, qator vazirlik va idoralarda ichki xavfsizlik inspeksiyalari tuzilgan. Ularning faoliyatini yanada jonlantirish, huquqiy targ’ibotini kuchaytirish, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jamoatchilik bilan aloqalarini mustahkamlash maqsadida internet va ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda. Аytish joizki, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g’risida”gi Qonunni qabul qildi. Ushbu Qonun ijrosini ta'minlash yuzasidan Аdliya vazirligi tomonidan bir qator idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar davlat ro‘yhatidan o‘tkazilgan. Bunga lizing xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlarda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalari, rieltorlik tashkilotlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalari, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishga oid qonun hujjatlari talablarini buzganliklari uchun tijorat banklari, kredit uyushmalari, mikrokredit tashkilotlari va lombardlarga nisbatan O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan qo‘llaniladigan choralar va sanktsiyalar to‘g’risida nizomni misol qilib keltirish mumkin. Bundan tashqari, Аdliya vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan Konvensiya talablaridan kelib chiqqan holda, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining aksilkorrupsiyaviy ekspertizasini o‘tkazish metodikasi ishlab chiqilgan va 2011-yil 20-oktabrda tasdiqlangan. “O‘zbekistonda korruptsiyaga qarshi kurashishni kuchaytirishni yanada takomillashtirish Milliy dasturini tasdiqlash to‘g’risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, hozirda takomiliga yetkazilmoqda. Shu narsani alohida ta'kidlash kerakki, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan institutsional mexanizmlarni isloh qilishda O‘zbekiston Respublikasi-ning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 2010-yil
12- noyabrda e'lon qilingan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontsepsiyasi” muhimahamiyat kasb etmoqda. Kontseptsiya talablaridan kelib chiqib, rivojlangan demokratik davlatlar tajribasini inobatga olgan holda, davlat hokimiyati idoralari, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar, shu jumladan, prokuratura faoliyatida qonunchilik talablariga rioya qilish va qonun ustuvorligini ta'minlash bo‘yicha adliya organlarining rolini kuchaytirish choralari ko‘rildi. Korrupsiya va uni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish hamda profilaktika qilish maqsadida iqtisodiyotni erkinlashtirish, ishchanlik muhitini yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish, ma'muriy to‘siqlarni bartaraf etish hamda litsenziyalash va ruhsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish, davlat xaridlari mexanizmini takomillashtirish, davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalarini tasdiqlashga oid bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Mazkur chora-tadbirlarning yangi va yanada samarali tizimini yaratish, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2016-yil 14-oktabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan va 24-noyabrda quyi palata tomonidan qabul qilingan hamda Oliy Majlis Senatining 8-sessiyasida ma'qullangan «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g’risida»gi qonun korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni to‘liq qonuniy tartibga solishga, davlat organlari, tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish orqali jamiyatda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga toqat qilmaslik muhitini yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari hamda bu boradagi davlat siyosatining muhim yo‘nalishlari mustahkamlab qo‘yilgan. Qonun fuqarolar huquq va erkinliklari himoya qilinishini ta'minlashning qo‘shimcha huquqiy kafolatlarini yaratadi, xususiy mulk huquqiga g’ayriqonuniy tajovuzlarni, tadbirkorlik sub'ektlarining faoliyatiga asossiz aralashuvlarni cheklashga ko‘maklashadi. Qonun 6 ta bob, 34 ta moddadan iborat bo‘lib, unda korrupsiya; korrupsiyaga oid huquqbuzarlik; manfaatlar to‘qnashuvi atamalari asosiy tushunchalar sifatida berilgan. Qonunda «korrupsiya» tushunchasi «shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish» deya ta'riflangan. «Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik» deganda, «korruptsiya alomatlariga ega bo‘lgan, sodir etilganligi uchun qonun hujjatlarida javobgarlik nazarda tutilgan qilmish»ni tushunish lozim. «Manfaatlar to‘qnashuvi» «shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta'sir ko‘rsatayotgan yoxud ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat»dir. Ushbu qonun korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplarini ham belgilab bergan. Ular quyidagilardan iborat: qonuniylik; fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi; ochiqlik va shaffoflik; tizimlilik; davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligi; korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi; javobgarlikning muqarrarligi. Davlat korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishi, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishi; davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishi; korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlashi, ularga chek qo‘yishi, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishi, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta'minlashi kerak. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari sifatida Bosh prokuratura, Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Аdliya vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti belgilangan. Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni qonun hujjatlariga muvofiq boshqa davlat organlari ham amalga oshiradi. Ma'lumki, jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini ta'minlashda keng jamoatchilik ishtiroki ta'minlanmasa, undan kutilgan natijalarga erishib bo‘lmaydi. Mazkur qonunning e'tiborli jihati shundaki, unda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolarning hamda ommaviy axborot vositalarining korruptsiyaga qarshi kurashishda ishtirok etishi haqidagi qoida mustahkamlangan. Ular ushbu qonunga muvofiq, korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishda, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda ishtirok etishi; korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g’risidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi. Qonunga «Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish» deb nomlangan alohida bobning kiritilgani bejiz emas. Chunki aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirmasdan turib, unga qarshi kurashish samaradorligini ta'minlab bo‘lmaydi. Qonunning 16-moddasiga asosan davlat organlari va boshqa tashkilotlar korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni ko‘radi. Shuningdek, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar o‘z mansabdor shaxslarining hamda boshqa xodimlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy savodxonligini, shu jumladan, huquqiy bilimlari darajasini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni ham amalga oshiradi. Qonunda ta'lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy ta'lim va tarbiyani olib borishga ham alohida urg’u berilgan. Kelgusida ta'lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy ta'lim va tarbiya belgilangan davlat ta'lim standartlariga muvofiq amalga oshiriladi. Davlat ta'limni boshqarish organlari va ta'lim muassasalari korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini inobatga olgan holda ta'lim muassasalarida huquqiy ta'lim va tarbiyaga, mutaxassislarni kasbiy tayyorlashning sifatini oshirishga, ta'lim dasturlarini doimiy ravishda takomillashtirib borishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasi hamda «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da ushbu strategiyani amalga oshirishga oid davlat dastu-riga muvofiq, amaldagi qonunchilikni «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g’risida»gi qonun normalariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini, shuningdek, yangi qonun normalari ijro etilishining samarali mexanizmlari joriy etilishiga, respublika idoralararo komissiyasi ishini tashkil etishga hamda bu yo‘nalishda aniq chora-tadbirlarn belgilab beruvchi tizimli dastur amalga oshirilishiga imkon beruvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish rejalashtirilmoqda. Аlbatta, ushbu qonun hujjatlarining ishlab chiqilishi va qabul qilinishi yuqorida qayd etilgan qonun ijrosini samarali ta'minlash imkonini beradi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g’risida»gi qonun ushbu jinoyatlarning oldini olish hamda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘siq bo‘layotgan illatlarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |