O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin 8-sentabr kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.
Tashrifning asosiy tadbirlari 9-sentabr kuni bo‘lib o‘tdi. Ko‘ksaroy qarorgohida XXR Raisini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Islom Karimov va Si Szinpin shohsupaga ko‘tarildilar. O‘zbekiston va Xitoyning davlat madhiyalari yangradi. Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.
Islom Karimov va Si Szinpinning tor doiradagi suhbatida tomonlar O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga doir keng ko‘lamli masalalar, o‘zlarini qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashdilar.
Islom Karimov O‘zbekistonda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning mamlakatimizga ilk davlat tashrifiga ikki tomonlama munosabatlardagi tarixiy voqea, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikning tobora mustahkamlanib borayotgan asoslarining yana bir ko‘rinishi sifatida qaralishini ta’kidladi.
Si Szinpin ikki davlatning o‘zaro hamkorligiga yuksak baho berdi, Xitoy va O‘zbekiston xalqlarining tub manfaatlari va umumiy taraqqiyotga xizmat qiladigan bunday uchrashuvlar muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
O‘zbek va xitoy xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar tarixi uzoq asrlarga borib taqaladi. Qadimiy Movarounnahr va Chin yurti o‘rtasidagi savdo-sotiq va madaniy aloqalar choy, paxta, ipak, qog‘oz va boshqa mahsulotlarning butun dunyoga tarqalishida muhim o‘rin tutgan.
Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar Do‘stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma hamda Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya ruhida barcha sohalarda rivojlanmoqda. O‘zaro manfaatdorlikka asoslangan hamkorlik munosabatlarning barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan. Davlat rahbarlarining o‘zaro ishonchga asoslangan shaxsiy muloqotlari bunda muhim omil bo‘lmoqda. Oliy darajadagi uchrashuvlar va tashriflar muntazam amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2012-yil iyun oyida Xitoyga rasmiy tashrifi o‘zaro aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi. Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyaning imzolanishi tashrifning eng muhim voqeasi bo‘ldi. Umuman, tashrif yakunida 5,3 milliard AQSh dollari miqdoridagi 45 savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va moliyaviy bitim va shartnomalar imzolandi.
O‘zbekiston va Xitoy xalqaro maydonda ikki mamlakat manfaatlariga oid eng muhim masalalarda bir-birini siyosiy qo‘llab-quvvatlab, BMT, ShHT singari xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorligini tobora kengaytirib kelmoqda.
Shuningdek, tomonlar mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash borasida ham o‘zaro faol hamkorlik qilmoqda. Ikkala mamlakatning ko‘plab mintaqaviy va xalqaro muammolarni hal etish bo‘yicha yondashuvlari bir-biriga o‘xshash yoki yaqin ekanligi ta’kidlandi. Masalan, O‘zbekiston va Xitoy Afg‘oniston muammosini harbiy yo‘l bilan hal etib bo‘lmasligini, uning siyosiy yechimini topish, BMT shafeligida muzokaralar o‘tkazish va qarama-qarshi kuchlar o‘rtasida murosaga erishish bu boradagi yagona to‘g‘ri yo‘l, deb hisoblaydi.
Islom Karimov O‘zbekiston Xitoy bilan o‘zaro ishonch, hurmat va manfaatdorlik asosida jadal rivojlanib borayotgan hamkorlikni yuksak qadrlashini ta’kidladi. O‘zbekiston Xitoy bilan munosabatlarni barcha sohalarda rivojlantirish, ayniqsa, energetika, transport, savdo, telekommunikatsiya va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdordir.
Si Szinpin Xitoy O‘zbekistonga vaqt sinovidan o‘tgan ishonchli do‘st, yaqin qo‘shni va strategik hamkor sifatida qarashini ta’kidladi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon o‘tgan 21-yil mobaynida ikki tomonlama aloqalar izchil sur’atda rivojlanib kelayotir. Hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida ulkan natijalarga erishildi, bir qator yirik qo‘shma investitsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
XXR Raisi Xitoy oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida erishilgan strategik kelishuvlarni hayotga tatbiq etish borasida O‘zbekiston bilan bundan buyon ham samarali hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Parlamentlararo hamkorlik izchil rivojlanmoqda. 2011-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan.
Ikki mamlakat o‘rtasida hukumatlar darajasidagi delegatsiyalarning o‘zaro tashriflari muntazamlik kasb etmoqda. 2004-2013-yillarda O‘zbekiston va Xitoy tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasida 10 marotaba siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazildi.
2011-yilning oktabr oyida Pekinda O‘zbekiston – Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasi ta’sis etildi. Qo‘mita doirasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy, xavfsizlik, madaniy-gumanitar, energetika, transport va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha olti quyi qo‘mitaning yig‘ilishlari o‘tkazildi.
Faol aloqalar, jumladan, BMT, ShHT doirasida dolzarb masalalar yuzasidan o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Pekin O‘rta Osiyoda ekologik muvozanatni buzishi mumkin bo‘lgan gidroenergetik loyihalarni amalga oshirishda qatnashmaslikka oid pozitsiyasini tasdiqladi, mintaqadagi transchegaraviy daryolardan oqilona foydalanish tamoyillarini qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zbekiston Xitoyni hududiy yaxlitlik, “uch yovuz kuch” – terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashish masalalarida doim qo‘llab-quvvatlaydi.
O‘zbekiston va Xitoy rahbarlari muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida davom ettirdilar.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik hamkorlikning ustuvor maqsadli vazifalari, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy va gumanitar sohalarda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid istiqbolli masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Xitoy bilan strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatdorlik va tenglikka asoslangan ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratadi.
O‘zaro savdo aylanmasi barqaror o‘sib borayotgani alohida e’tiborga molik. Xususan, keyingi besh yilda tovar ayirboshlash hajmi qariyb to‘rt barobar oshdi. 2007-yilda bu ko‘rsatkich 904 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2012-yilda 3,4 milliardga yetdi. Joriy yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi 2,3 milliard dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 59 foiz ko‘p demakdir.
Sarmoyaviy hamkorlik ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida 2010-yilda imzolangan noxomashyo va yuqori texnologiyalar sohalaridagi hamkorlik dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.
Bugun tomonlar turli loyihalar, avvalambor, yuqori texnologiyalar sohasidagi loyihalarni hayotga tatbiq etish borasidagi hamkorlikni faol rivojlantirmoqda.
Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokidagi 455 korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning 70 tasi yuz foiz Xitoy sarmoyasi asosida tashkil etilgan. Yurtimizda Xitoyning 71 kompaniyasi vakolatxonasi ishlab turibdi.
2002-yildan boshlab Xitoy investitsiyalari va kreditlari ishtirokida umumiy qiymati 6,75 milliard dollar bo‘lgan 83 investitsiya loyihasi, shu jumladan, 5,75 milliard dollar miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etilgan 52 loyiha, 992,4 million dollarlik imtiyozli kreditlar yo‘naltirilgan 31 loyiha amalga oshirildi va amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2012-yil iyun oyida Xitoyga tashrifi chog‘ida o‘ttizdan ortiq investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan 5,3 milliard AQSh dollari miqdoridagi hujjatlar imzolanganini alohida qayd etish joiz.
Xitoy Xalq Respublikasi Raisining ushbu tashrifi doirasida umumiy qiymati 15 milliard dollarga teng loyihalarni amalga oshirishga oid 31 hujjat imzolandi.
O‘zbekiston 2011-yilda XXR rahbariyati tomonidan ilgari surilgan Xitoy kompaniyalari ishtirokida O‘zbekiston – Xitoy yuqori texnologiyalar sanoat parkini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Joriy yilning mart oyida ushbu park “Jizzax” maxsus industrial zonasi shaklida tashkil etildi. Mazkur parkning Sirdaryo viloyatida filiali bo‘ladi. Iyun oyidan boshlab ushbu industrial zona hududida mobil telefonlar, qurilish materiallari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, ushbu tashrif davomida Xitoyning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini jalb etish orqali mazkur park hududida yuqori texnologiyalarga asoslangan qo‘shma korxonalarni ochish bo‘yicha 14 kelishuvga erishildi.
Bir qator Xitoy kompaniyalari mamlakatimizdagi uglevodorod konlarini qidirish va qazish ishlarida faol ishtirok etmoqda. Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) nafaqat istiqbolli uglevodorod konlarini qidirish va ishga tushirish, balki Muborak gaz-kimyo majmuasida tabiiy gazni chuqur qayta ishlash loyihasini amalga oshirishda ham qatnashmoqda.
Ikkala mamlakat Xitoyga uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berishni ta’minlovchi O‘zbekiston – Xitoy gaz quvurini qurish va ishga tushirishni strategik muhim ahamiyatga molik loyiha deb biladi. Tashrif davomida imzolangan O‘zbekiston – Xitoy gaz quvurini qurish va ishga tushirish tamoyillari to‘g‘risidagi bitimga qo‘shimcha protokol yiliga 30 milliard kub metr gaz yetkazib berish quvvatiga ega to‘rtinchi liniya qurilishini nazarda tutadi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida eng qisqa temir yo‘l tarmog‘ini barpo etish o‘zaro iqtisodiy hamkorlikning dolzarb strategik yo‘nalishlaridandir. Bu Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlariga, undan keyin Janubiy Osiyoga chiqishini ta’minlaydi. O‘zbekiston Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Angren-Pop yo‘nalishi bo‘yicha temir yo‘l qurilishi bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘ladi. Bu yo‘l Xitoyning Janubiy Osiyo mamlakatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishi uchun imkoniyat yaratadi. Joriy yilning iyun oyida «O‘zbekiston temir yo‘llari» davlat aksiyadorlik kompaniyasi va Xitoyning «China Railway Tunnel Group» kompaniyasi o‘rtasida dovondan tunnel orqali o‘tadigan Angren-Pop temir yo‘l liniyasini qurish bo‘yicha umumiy qiymati 455 million dollarlik shartnoma imzolanishi bilan xitoylik hamkorlar ishtirokida bu boradagi ishlar boshlab yuborildi.
Moliyaviy sohadagi hamkorlik, xususan, Xitoy Davlat taraqqiyot banki va Eksimbanki bilan aloqalar faol rivojlanmoqda. Xitoy moliya institutlarining jami kreditlari hajmi 4,5 milliard dollardan oshadi. Ular mamlakatimizning sog‘liqni saqlash, ta’lim, energetika, transport va telekommunikatsiya sohalariga yo‘naltirilgan.
Davlatimiz rahbari Islom Karimovning 2011, 2012-yillarda Pekinga tashriflari doirasida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, XXRning imtiyozli kreditlari asosida mamlakatimiz kimyo sanoati, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qariyb 400,6 million dollar miqdoridagi 7 loyiha ishlab chiqilmoqda.
Xitoy rahbarining mazkur tashrifi chog‘ida O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi bilan Xitoy Davlat taraqqiyot banki o‘rtasida 11,6 milliard AQSh dollari miqdoridagi istiqbolli investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish bo‘yicha bitim imzolandi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida madaniyat, fan va texnika sohalaridagi hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. 2003-yilda Xitoyning Chanchun shahrida o‘tgan 6-jahon haykaltaroshlari forumi doirasida buyuk miniatyurachi Kamoliddin Behzod haykali ochildi. Bu o‘zbek madaniyati namoyandasiga Xitoyda o‘rnatilgan ilk haykaldir.
Ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashda “O‘zbekiston – Xitoy” va “Xitoy Xalq Respublikasi – Markaziy Osiyo mamlakatlari” do‘stlik jamiyatlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
2013-yil 15-may kuni Shanxay shahrida Xitoyda birinchi marta Shanxay universiteti huzuridagi ShHT Jamoat diplomatiyasi ilmiy tadqiqot instituti negizida O‘zbekiston tadqiqotlari va ta’lim almashuvlari markazi ochildi.
O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi va Xitoy Madaniyat vazirligi o‘rtasida imzolangan 2011-2013-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik to‘g‘risidagi dastur madaniyat sohasidagi aloqalar rivojiga xizmat qilmoqda. 2011-yilda Pekin va Sian shaharlarida O‘zbekiston madaniyati haftaligi, 2012-yilda Toshkent va Samarqandda Xitoy madaniyati haftaligi o‘tkazildi. Joriy yilda Xitoyning bir qator yirik shaharlarida “O‘zbekistonning taniqli rassomlari asarlari” badiiy ko‘rgazmalari tashkil etildi.
Umuman, 2012-2013-yillarda Xitoyda O‘zbekiston madaniyati, tarixi va san’atiga bag‘ishlangan yigirmadan ortiq tadbir o‘tkazildi. Ikki mamlakat madaniyat va san’at namoyandalarining qator o‘zaro tashriflari amalga oshirildi. Jumladan, xitoylik san’atkorlar “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, “Asrlar sadosi” an’anaviy madaniyat festivali, “Art Week Style.uz” san’at haftaligi tadbirlarida faol ishtirok etib kelmoqdalar.
Ta’lim sohasida davlatlar va idoralararo, jumladan, o‘zbek va xitoy tillarini o‘rganish doirasida talaba va stajyorlar almashish tobora ko‘paymoqda. Toshkentdagi Konfutsiy nomidagi institutda har yili 350 dan ziyod tinglovchi saboq oladi. 2010-yilning iyun oyida Xitoy millatlar markaziy universiteti rus tili va Markaziy Osiyo xalqlari tillari fakultetida o‘zbek tili bo‘limi ochildi. 2012-2013 o‘quv yilidan boshlab Pekin chet tillar universitetida o‘zbek tili o‘qitilishi yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, ikki tomonlama kelishuvga muvofiq va ShHT doirasida XXR hukumati 2012-2013 o‘quv yilida o‘zbekistonlik 120 talaba va stajyorga grant ajratdi. Konfutsiy nomidagi institut orqali Lanchjou universitetida o‘zbekistonlik yetmishga yaqin talaba tahsil olmoqda.
Tashrif doirasida imzolangan Samarqand shahrida Konfutsiy institutini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirishga xizmat qiladi.
Tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratmoqda. 2010-yildan O‘zbekiston Respublikasiga Xitoy fuqarolarining guruh bo‘lib sayohat qiladigan turistik mamlakat maqomini berish jarayoni boshlandi. Mamlakatimizning turizm sohasidagi salohiyati «China Outbound Travel & Tourism Market-2013» (aprel, Pekin) hamda «WTF – 2013» (may, Shanxay) xalqaro professional turizm yarmarkalarida keng namoyish etildi.
Ko‘ksaroy qarorgohidagi muzokaralar yakunida Islom Karimov va Si Szinpin Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.
Shuningdek, texnik-iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim, iqtisodiy, moliyaviy, neft-gaz, ta’lim sohalaridagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda ikki davlat rahbarlari bugun tomonlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar va muhokamalar o‘zaro tushunish, ishchanlik va o‘zaro ishonch ruhida o‘tganini ta’kidladilar. Ularning natijalari muhokama qilingan masalalarning aksariyati bo‘yicha tomonlarning pozitsiyasi o‘xshash va yaqinligini namoyon etdi. Ikki davlat rahbarlari erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarini yanada rivojlantirish va ikki mamlakat xalqlarining farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar.
Ushbu tashrif O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarida yana bir muhim bosqich bo‘lgani qayd etildi. Tomonlar izchil rivojlanib borayotgan siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni yuksak qadrlaydi. Muzokaralar zamonaviy taraqqiyotning bir qator dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha, jumladan, “uch yovuz kuch”ga qarshi hamkorlikda kurashish zarurligi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va ko‘plab xalqaro muammolarni xal etish masalalari bo‘yicha tomonlarning qarashlari yaqin ekanligini yana bir bor namoyon etdi. Tomonlar oliy darajadagi muloqotlarni izchil davom ettirishga, iqtisodiyot, energetika, moliya, sarmoya, yuqori texnologiyalar kabi sohalardagi hamkorlikni yanada faollashtirishga, gumanitar aloqalarni kengaytirishga, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga tayyor ekanini bildirdi.
Kunning ikkinchi yarmida Islom Karimov va Si Szinpin Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmon hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi. Xitoy rahbari Prezident Islom Karimov rahnamoligida Mustaqillik maydonida amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlariga yuksak baho berdi.
XXR Raisi Oliy Majlis Senatiga tashrif buyurib, parlamentimiz yuqori palatasi faoliyati bilan tanishdi. Senat Raisi Ilgizar Sobirov bilan uchrashuv chog‘ida oliy martabali mehmon Senat faoliyatining o‘ziga xos jihatlari bilan batafsil tanishtirildi.
Shu kuni Si Szinpin poytaxtimizning eng asosiy diqqatga sazovor joylaridan biri – Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurib, Sohibqiron va uning avlodlari haqida hikoya qiluvchi noyob eksponatlarni tomosha qildi.
2.
Markaziy Osiyo mintaqasi Xitoy va Rossiya uchun asosiy manfaatlar to'qnashgan zona bo'lib qolmoqda. So'nggi vaqtlarda iqtisodiy jihatdan mintaqa davlatlarini Xitoyga yon bosayotganligini kuzatish mumkin. Lekin Xitoy mintaqada xavfsizlik saqlanib turishi uchun Rossiya yordamidan manfaatdor.
Qariyb 30 yildan beri Xitoy va Rossiya Markaziy Osiyo mintaqasida raqobatlashib kelmoqda. Biroq, ular o'rtasidagi o'zaro munosabatlarning mustahkamlanishi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun turli salbiy strategik oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Aytish kerakki, Xitoy va Rossiya munosabatlarida jiddiy qarama-qarshiliklar mavjud emas. Bu hodisa ikki davlatning manfaatlari AQShga mutlaqo zidligini anglatadi. Pekin va Moskva o'rtasidagi hamkorlik boshqa davlatlarning ham xavfsirashiga sabab bo'lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |