M. Inson a’zolari yoki to‘qimalarini ajratib olish
(Jinoyat kodeksining 133-moddasi)
O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga ko‘ra, inson a’zolari yoki to‘qimalari oldi-sotdi predmeti bo‘lishi
mumkin emas.
Retsiрiyentlarga a’zolar va to‘qimalarni ko‘chirib o‘tkazish bilan bog‘liq operatsiyalar tibbiy xulosalarga
asoslanib amalga oshiriladi. Inson a’zolari yoki to‘qimalarni ajratib olish va uning tayyorlanishiga faqat
sog‘liqni saqlash muassasalaridagina ruxsat etiladi.
Ushbu jinoyatning obyekti odob-axloq hisoblanadi. Obyektiv tomondan jinoyat shaxs tirikligida uning
roziligini olmasdan turib yoki o‘lganidan keyin yaqin qarindoshlarining roziligisiz, ilmiy yoxud ta’lim ishlari
uchun ko‘chirib o‘tkazish yoki buzilmaydigan holda saqlash (konservatsiya) maqsadida murdaning a’zolari
yoki to‘qimalarini ajratib olishda ifodalanadi.
A’zolar yoki to‘qimalarni o‘lgan odam tirikligi vaqtida yoxud uning yaqin qarindoshlari shaxs o‘lganidan
so‘ng uning a’zolari yoki to‘qimalari ma’lum maqsadlar uchun ajratib olishga rozi emasliklarini ma’lum
qilgan bo‘lsalar, murdaning a’zolari yoki to‘qimalari ajratib olinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Mutaxassis
shifokorlar konsiliumi tomonidan qayd etilgan o‘lim faktining shubhasiz isbotlari mavjud bo‘lsa, ko‘chirib
o‘tkazish uchun murdaning a’zolari yoki to‘qimalarini ajratib olish mumkin.
Murda a’zolari yoki to‘qimalarini ajratib olish sog‘liqni saqlash muassasasi bosh shifokorining ruxsati
bilan amalga oshiriladi. Sud-tibbiy ekspertizasini o‘tkazish talab qilingan hollarda murdaning a’zolari yoki
to‘qimalarini ajratib olishga ruxsat, prokuror ogoh etilib, sud-tibbiy eksperti tomonidan berilishi lozim.
Odam o‘ldirish murdaning a’zolari yoki to‘qimalarini ko‘chirib o‘tkazish maqsadida sodir etilganligi
aniqlansa, aybdorning qilmishi Jinoyat kodeksining 97-moddasi, 2-qismi, «n» bandi hamda Jinoyat
kodeksining 25 va 133-moddalari bilan yoxud agar ko‘chirib o‘tkazish uchun a’zolarni yoki to‘qimalarni
ajratib olish ro‘y bergan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 97-moddasi, 2-qismi, «n» bandi va 133-modda bilan
kvalifikatsiya qilinishi lozim. Ko‘chirib o‘tkazilgani yoki o‘tkazilmagani, saqlab qo‘yilgani yoki saqlab
qo‘yilmaganidan qat’iy nazar, odamning a’zolari yoki to‘qimalari ajratib olingan paytdan boshlab jinoyat
tugallangan, hisoblanadi.
Subyektiv tomondan jinoyat qasddan sodir etiladi. Jinoyatning sodir etish motivlari aybdorni Jinoyat
kodeksining 133-moddasi, 1-qismi bilan javobgarlikka tortish uchun ahamiyat kasb etmaydi. Mazkur
jinoyatning subyekti 16 yoshga to‘lgan shaxslar bo‘lishi mumkin, odatda ular tibbiy ixtisoslikka ega
bo‘ladilar.
O‘sha harakatlar tamagirlik yoki boshqa past niyatlarda, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir
etilgan bo‘lsa, qilmish ushbu moddaning 2-qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Тamagirlik niyati deganda,
moddiy manfaat ko‘rishga, boylik orttirishga, yaxshi haq to‘lanadigan lavozimni egallashga, uy-joy olishga
intilish va h.k. tushuniladi.
Тamagirlik niyati shaxsning o‘z zimmasidagi mulkiy va moddiy majburiyatlardan, olingan qarzni
qaytarish, aliment to‘lash majburiyatlaridan qutulishga intilishda va h.k.da ham namoyon bo‘lishi ham
mumkin. Boshqa past niyatlar deganda, mansabparastlik, laganbardorlik, oshna-og‘aynigarchilik va
boshqalarni tushunish lozim.
N. Qabrni tahqirlash
(Jinoyat kodeksining 134-moddasi)
Jinoyat kodeksining 134-moddasida javobgarlik belgilangan jinoyatning obyekti jamiyatda mavjud
bo‘lgan odob-axloq asoslari hisoblanadi. Obyektiv tomondan jinoyat qabrni yoki murdani tahqirlashda,
shuningdek, murdadagi, qabr ustida yoki ichidagi narsalarni olishda ifodalanadi.
Qabr – o‘lgan odam yotgan (har xil anjomlar, kiyim-kechak, tobut va h.k. narsalar joylashtirilgan) joy.
Mozor deganda, qabrni va uning ustidagi tepalikni, yodgorlik, panjara, gullar, gulchambarlarni va h.k.
tushunish lozim.
Qabrni tahqirlash deganda, uning kovlab tashlanishi, qabr ustidagi toshlar, yodgorliklar, marhumning
xoki saqlanayotgan idishlar, panjaralarning vayron qilinishi, yashil nihollarning bosib-yanchilishi, qabr
toshlariga beadab yozuvlar yozilishi va h.k. tushunilishi lozim.
Murdani tahqirlash deganda, murdaning, uning alohida qismlarining tashqariga chiqarib olinishi,
murdaning tanib bo‘lmas holga keltirilishi, uning xo‘rlanishi tushuniladi.
Murdadagi, qabr ustidagi yoki ichidagi narsalarni olish qabrni tahqirlashning ko‘rinishlaridan biri bo‘lib,
ana shu narsalarning yashirin yoki oshkora qo‘lga kiritilishidan iboratdir. Ushbu jinoyat qabr ustidagi yoki
ichidagi narsalar olingan va aybdor ularni qo‘lga kiritgan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi.
Subyektiv tomondan jinoyat to‘g‘ri qasd bilan sodir etiladi. Jinoyatning sodir etilish motivi uni
kvalifikatsiya qilishda ahamiyatga ega emas. Mazkur jinoyatning subyekti 16 yoshga to‘lgan, har qanday aqli
raso shaxs bo‘lishi mumkin.
Jamoat joylarida jamoat tartibi qoidalariga qasddan hurmatsizlik bildirish bilan birga sodir etilgan
o‘zganing mulkiga shikast yetkazish yoki nobud qilish, qabrni yoki murdani tahqirlash Jinoyat kodeksining
134-moddasi va 277-moddaning 2-qismi, «p» bandi bilan kvalifikatsiya qilinadi.
1. Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash tushunchasi va uni sodir etganlik
uchun jinoiy javobgarlik masalasi qanday bo‘ladi?
2. Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlash jinoyatidan ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin
tovlash jinoyatining farqi nimadan iborat?
3. Bolani almashtirib qo‘yish jinoyatidagi aybdorni javobgarlikka tortish uchun asos bo‘luvchi belgilar nimadan iborat?
4. Farzandlikka olish sirini oshkor qilish jinoyati tushunchasi va uning kvalifikatsiyaga ta’sir qiluvchi holatlar nimalardan
iborat?
5. Ko‘p xotinlilik tushunchasi va uni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik masalasi.
6. Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish deganda nimalarni tushunasiz va uni sodir etilganlik
uchun jinoiy javobgarlik masalasi.
7. O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish tushunchasi va uning uchun jinoiy javobgarlik masalasi.
8. O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish jinoyatining nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib
g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlaridan farqi.
9. O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish jinoyatining o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-
buzuq harakatlar qilish jinoyatidan farqi.
10. Pornografik narsalar tushunchasi va uning pornogarfik narsalarni tayyorlash va tarqatish uchun jinoiy javobgarlik masalasi.
11. Fohishaxona saqlash yoki qo‘shmachilik qilish tushunchasi va uning uchun jinoiy javobgarlik masalasi.
12. Тarix yoki madaniyat yodgorliklarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish tushunchasi va jinoiy javobgarlik
masalasi qanday hal qilinadi?
13. Inson a’zolari yoki to‘qimalarini ajratib olish jinoyatining tushunchasi (kvalifikatsiyaga ta’sir qiluvchi holatlar) va yuridik
tahlili qanday bo‘ladi?
14. Qabrni tahqirlash, deganda nimani tushunasiz va uning sodir etilganlik uchun jinoiy javobgarlik masalasi.
15. Murdani tahqirlash jinoyatining inson a’zolari yoki to‘qimalarini qonunga xilof ravishda ajratib olish jinoyatidan farqi.
Do'stlaringiz bilan baham: |