O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 66-moddasida: «Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli
farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar», deb ta’kidlanadi. Oila kodeksi
qonunlarga muvofiq, voyaga yetgan farzandlar mehnatga layoqatsiz, moddiy yordamga muhtoj o‘z ota-
onalarini yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni moddiy ta’minlashga majburdirlar.
Ushbu jinoyatning obyekti – axloq, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning sog‘lig‘i va
hayoti.
Jinoyatning obyektiv tomoni, sudning hal qiluv qaroriga binoan mehnatga layoqatsiz va moddiy
yordamga muhtoj bo‘lgan ota-onani yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni moddiy ta’minlash uchun
undiriladigan mablag‘ning voyaga yetgan shaxslar tomonidan jami uch oydan ortiq muddat mobaynida
to‘lanmasligida ifodalanadi.
Shaxsni Jinoyat kodeksining 123-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortish uchun farzandlar zimmasiga
ota-onalarini yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni moddiy ta’minlash uchun mablag‘ to‘lab turish
majburiyatini yuklovchi sudning hal qiluv qarori mavjudligini aniqlash zarur. Ota-onalar – 55 yoshga to‘lgan
ayollar, 60 yoshga to‘lgan erkaklar hamda I va II guruh nogironlari mehnatga layoqatsiz shaxslar hisoblanadi.
Sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ning kamida uch oydan ortiq muddat
to‘lanmasligi qilmishni tugallangan jinoyat, deb e’tirof etilishiga asos bo‘ladi. Bo‘yin tovlash usuli (masalan,
yashash joyini, ish joyini o‘zgartirish, maoshining haqiqiy miqdorini yashirish va h.k.) qilmishni
kvalifikatsiya qilishda ahamiyatga ega emas.
Subyektiv tomondan jinoyat to‘g‘ri qasd bilan sodir etiladi. Jinoyatning sodir etilish motivi va ko‘zlangan
maqsad uni kvalifikatsiya qilishda ahamiyat kasb etmaydi.
Jinoyatning subyekti sudning hal qiluv qaroriga binoan ota- onalarini yoki ularning o‘rnini bosuvchi
shaxslarni moddiy ta’minlash majburiyati yuklangan voyaga yetgan tug‘ishgan farzandlar, farzandlikka
olingan o‘g‘il va qizlar, o‘gay o‘g‘il va qizlar bo‘lishi mumkin.
D. Bolani almashtirib qo‘yish
(Jinoyat kodeksining 124-moddasi)
Ushbu jinoyatning obyekti bola va uning ota-onalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari, axloq
normalari hisoblanadi.
Obyektiv tomondan jinoyat tamagirlik yoki boshqa past niyatlarni ko‘zlab bolani almashtirib qo‘yishda
ifodalanadi.
Bolani almashtirib qo‘yish yangi tug‘ilgan chaqaloq yoki emizikli bolani boshqa bolaga (kasal bolani
sog‘iga, qiz bolani o‘g‘il bolaga yoki aksincha, bir millatdagisini boshqa millatga va h.k.) almashtirib
qo‘yishdan iboratdir. Qilmish bola almashtirib qo‘yilgan paytdan e’tiboran
tugallangan, deb hisoblanadi.
Subyektiv tomondan jinoyat to‘g‘ri qasd bilan sodir etiladi. Qilmishni kvalifikatsiya qilish uchun
jinoyatning sodir etilish motivi aniqlanishi shart – bu tamagirlik yoki boshqa past niyat (o‘ch olish, hasad va
hokazo) bo‘lishi mumkin. Ehtiyotsizlik, beparvolik tufayli bola almashtirib qo‘yilgan bo‘lsa, aybdor jinoyat
qonunlari bilan jazolanmaydi. Unga nisbatan ma’muriy yoki intizomiy jazo qo‘llanishi mumkin.
Jinoyatning subyekti 16 yoshga to‘lgan, aqli raso, tug‘uruqxona, chaqaloqlar uyi va h.k. muassasalarning
xodimi bo‘lgan har qanday shaxs bo‘lishi mumkin.
E. Farzandlikka olish sirini oshkor qilish
(Jinoyat kodeksining 125-moddasi)
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 151-moddasi, 1-qismida: «Farzandlikka olishni sir saqlash
qonun bilan himoya qilinadi», deb belgilab qo‘yilgan. Ushbu jinoyatning obyekti oila manfaatlari, bolaning
normal axloqiy rivojlanishi hisoblanadi.
Jinoyat obyektiv tomondan farzandlikka oluvchi (mazkur shaxslar vafot etgan hollarda vasiylik va
homiylik organlari)ning roziligisiz farzanlikka olingan o‘g‘il yoki qiz bola haqidagi ma’lumotlarni oshkor
etishi, fuqarolik holatini qayd etish yozuvlari kitobidagi farzandlikka oluvchilar bolaning qon-qarindoshi
emasligini anglash mumkin bo‘lgan ko‘chirmalarni berishida ifodalanadi.
O‘g‘il yoki qiz bolaning farzandlikka olingani haqidagi sirning oshkor etilishi, farzandlikka olingan
bolalarning tug‘ishgan ota-onasi emasligi to‘g‘risidagi axborotni (og‘zaki, yozma ravishda, bosma usulda va
h.k.) oshkor qilish jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi. Bunda axborot farzandlikka oluvchilarning
xohish-irodasiga qarshi yoxud ularning vafotidan so‘ng vasiylik va homiylik organlarining ruxsatisiz oshkor
etilgan bo‘lishi mumkin.
Farzandlikka olish siri ana shu sirni rasmiy yo‘l bilan olish imkoniga ega bo‘lmagan har qanday shaxsga
ma’lum qilinishi mumkin. Basharti, farzandlikka olish sirining oshkor etilishi farzandlikka olishni haqiqiy
emas, deb e’tirof etish yoki farzandlikka olishni bekor qilish talabi bilan bog‘liq bo‘lgan hollarda, ushbu
talablar tegishli rasmiy organlarga (sud, vasiylik organi va h.k.) qonunda ko‘zda tutilgan tartibda ma’lum
qilingan bo‘lsa, bunday harakat jinoyat hisoblanmaydi.
O‘g‘il yoki qiz bolaning farzandlikka olingani haqidagi sir oshkor etilgan paytdan e’tiboran jinoyat
tugallangan hisoblanadi. Subyektiv tomondan jinoyat to‘g‘ri qasd bilan sodir etiladi.
Mazkur jinoyatning subyekti 16 yoshga to‘lgan, aqli raso, har qanday shaxs, shu jumladan, bolani
farzandlikka olgan er-xotindan birontasi ham bo‘lishi mumkin. Jinoyatning sodir etilish motivi va undan
ko‘zlangan maqsad qilmishni kvalifikatsiya qilishda ahamiyatga ega emas.
Farzandlikka olish sirini oshkor etish kasb faoliyati yoki egallab turgan xizmat mavqeyi munosabati bilan
buni sir saqlashi lozim bo‘lgan shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, aybdorning qilmishi Jinoyat
kodeksining 125-moddasi, 2-qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi.
O‘g‘il yoki qiz bolaning farzandlikka olinganligi haqidagi ma’lumotlar vasiylik va homiylik, fuqarolik
holati dalolatnomalarini qayd etish organining mansabdor shaxsi tomonidan oshkor etilgan hollarda, aybdor
jinoyatlarning jami bo‘yicha, ya’ni Jinoyat kodeksining 25-moddasi, 2-qismi va mansabdorlik jinoyati uchun
ham javobgarlikka tortiladi.
Farzandlikka olish sirini aybdor tamagirlik yoki boshqa past niyatlarda (o‘ch olish, hasad va h.k.
maqsadlarda) oshkor etgan hollarda qilmish Jinoyat kodeksining 125-moddasi, 2-qismi bilan kvalifikatsiya
qilinadi. Jinoyat kodeksining 125-moddasi, 2-qismi mohiyatidan kelib chiqib, og‘ir oqibatlar deganda,
oilaning buzilishi; odamlarning sog‘lig‘iga zarar yetkazilishi va h.k. tushunish zarurdir.
Do'stlaringiz bilan baham: