10-mavzu: Vatanimizda informatika fanining holati va rivojlanish
istiqbollari.
Reja
Kompyuterlashtirish istiqbollari va muammolari.
Vatanimizda informatikaning rivojlanishiga hissa qo’shgan olimlar.
Vatanimizda o’tkazilgan tadbirlar.
Tayanch tushunchalar: Kompyuterlashtirish, rivojlanish, olimlar, tadbirlar, internet festivali.
O’zbekiston Respublikasida kompyuterlashtirish ishlari muntazam olib borilgan. O’rta Osiyo respublikalari ichida birinchi marta 1956 yilda O’zFA matematika instituti qoshida hisoblash texnikasi bo’limi ochildi. 1958 yil 30 dekabrda O’rta Osiyoda birinchi bo’lib «Ural» elektron hisoblash mashinasi (EHM) ishga tushirildi. Keyinchalik, 1962 yidda Toshkent shahrida M20 rusumli (Qozon avtomatlashgan mashinalar zavodi mahsuloti), yarim o’tkazgichli M220 rusumli, «Minsk 22», «Ural 2», «BSM6-1», «BSM6-2» rusumli EHM lar ishga tushirildi.
Toshkent shahri dastlabki davrlardanoq elektron-hisoblash mashinalari sohasidagi markazlarning biriga aylangan edi. 1966 yilda markaziy hisoblash bo’limi negizida «Kibernetika» ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi ochildi. Bu birlashmada hukumat va jamoat tashkilotlarining buyurtmalariga ko’ra ilmiy-amaliy ishlar amalga oshirilar edi.
1978-79 yillarda «Kibernetika» ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi negizida markazlashgan konstruktorlik-texnika byurosi, shuningdek, tajriba-sinov zavodi ochildi. Bu ilmiy-amaliy muassasalarda respublikamizda ko’zga ko’ringan olimlar (V. Q. Qobilov, F. A. Abutoliyev, T. B. Bo’riyev, B. M. Bondarenko, M. Komilov, T. F. Bekmuratov, R. R. Sa'dullaev, S. Ortiqova va boshqalar) faoliyat ko’rsatmoqdalar.
Respublikamizda informatika fanining o’qitilishi bo’yicha ham katta yutuqlarga erishilmoqda.
Sizga ma'lumki, «Informatika va hisoblash texnikasi asoslari» predmetini o’rta maktablarning X-XI sinflarida o’rganish 1985-86 o’quv yilidan boshlab joriy qilingan edi. Ushbu predmetni 8-sinfdan boshlab o’qitish MDH mamlakatlari ichida birinchilardan bo’lib respublikamizda yo’lga qo’yildi (1993-94 o’quv yili). Ushbu predmetni o’qitish uchun dastur, o’quv rejalari ishlab chiqilib, 1993 yilda 8- sinf uchun (A. A. Abduqodirov, T. Azlarov va boshqalar muallifligida), 1994 yilda 9- sinf uchun (A. A. Abduqodirov, T. Azlarov va boshqalar mualiifligida), 1996 yil 10- sinf uchun (A. A. Abduqodirov muallifligida), 1999 yil 11-sinf uchun (B. Boltaev, M. Mahkamov muallifligida) darsliklar yaratildi, 8 va 9-sinflar uchun predmetni o’qitish samaradorligini ta'minlovchi mashqlar to’plamlari (A. A. Abduqodirov va A. H. Hayitov muallifligida) nashrdan chiqarildi. Shuningdek, respublikamizda informatika o’qitish mazmunini takomillashtirishga qaratilgan qator ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
2001 yil aprel oyida «Kibernetika» ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi tasarrufida yangi axborot texnologiyalari markazi tashkil etildi.
Mustaqil respublikamizda kompyuterlashtirishni rivojlantirish, yuqori texnologiyalarni samarali va sifatli darajada qo’llash, hududimizdagi kompyuterlar bozorini kengaytirish va shunga o’xshash yo’nalishlarda qator tadbirlar o’tkazildi va yangilari rejalashtirilmoqda.
Yangi iqtisodiy mexanizmlarga o’tish davrida o’zining texnologik imkoniyatlarini rivojlantirish faqat zamonaviy axborot texnologiyalarini qo’llash orqali amalga oshiriladi. Respublikamizda faoliyat ko’rsatayotgan chet el firmalarining boshida Amerikaning COMPUTERLAND firmasi turadi (bu firma respublikamizda 1991 yildan buyon faoliyat ko’rsatadi). Chet el firmalarining vazifasiga nafaqat kompyuter va boshqa texnikalarni sotish, balki respublikamiz mutaxassislari bilan birgalikda ilmiy-amaliy loyihalarni ishlab chiqish kiradi. hozirgi kunda diyorimizda faoliyat ko’rsatayotgan kompyuterlar soni 100 mingdan oshib ketdi va ular, asosan, IBM, PACCaRd, EPSON, DAEWOO, SONY firmalarining mahsulotlari hisoblanadi. Respublikamiz poytaxti Toshkent shahrida COMPUTERLAND firmasining O’rta Osiyodagi shtabi joylashgan. Bu esa vatanimizda madaniyat, ilm-fan rivojlanishi, avlodlarning keng miqyosda bilim olishida muhim rol o’ynaydi. Vatanimizda chet el firmalarining faoliyatini kengaytirish va rivojlantirish yo’lida «O’zekspomarkaz» ning roli katta, har yili bu markazda kompyuter va biznes sohasidagi o’nlab xalqaro ko’rgazma va ilmiy-amaliy anjuman, seminar, simpoziumlar o’tkaziladi. Ularning amaliy ahamiyati, yoshlarimizning bu sohalarda bilim olishlaridagi hissasi beqiyosdir.
Respublikamiz mustaqillikka erishgandan so’ng axborotlarni kompyuterlashtirish sohasida juda katta ishlar qilindi. Ijtimoiy hayotning barcha sohalarida axborotlar bilan ishlashni jadallashtirish rejalari «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi»da ham ko’rsatib o’tilgan.
Xususan, 1999 yil fevral oyida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Ma'lumotlar uzatish milliy tarmog’ini tashkil etish va jahon axborot tarmoqlaridan foydalanishni tartibga solish to’g’risida»gi qarori qabul qilindi. Biroz vaqtdan so’ng 1999-2003 yillarda O’zbekiston Respublikasida ma'lumotlar uzatish milliy tarmog’ini modernizatsiya qilish va uni rivojlantirish dasturi qabul qilindi.
2001 yil may oyida O’zbekistan Respublikasida birinchi marta (MDH respublikalari ichida) internet festivali bo’lib o’tdi. Festivalda 15 turdagi yo’nalish bo’lib, ular deyarli ijtimoiy hayyotning barcha jabhalaridagi o’zgarishlarni o’z ichiga oldi. Bu ham respublikamizda axborot texnologiyalariga e'tibor kuchli ekanligini ko’rsatadi.
Nazorat savollari.
O’rta Osiyoda hisoblash texnikasi bilan bogliq birinchi muassasa qayerda tashkil qilingan? U haqida nimalarni bilasiz?
Respublikamizda ishlatilgan dastlabki EHM lar haqida nimalarni bilasiz?
Respublikamizda tashkil etilgan yangi axborot texnologiyalari markazi haqida nimalarni bilasiz?
Vatanimizdagi kompyuterlashtirish muammolari bilan shug’ullanayotgan qaysi olimlarni bilasiz?
Respublikamizdagi kompyuterlashtirish muammolari bilan shug’ullanayotgan firmalar haqida nimalarni bilasiz?
Do'stlaringiz bilan baham: |