22.5-chizma. Yalpi taklif oʻzgarishining AD-AS modelidagi muvozanatga ta’siri.
Oraliq va vertikal kesmalarda baholar oʻsib borishi bilan kuzatilgan yalpi talabning koʻpayishi talab inflyatsiyasi mavjudligini koʻrsatadi.
Yalpi taklif oʻzgarishining baholarni va ishlab chiqarishni muvozanatli darajalariga ta’sirini 22.5-chizma misolida koʻrib chiqamiz. Bahodan boshqa omillar ta’sirida yalpi taklifning AS1dan AS2ga siljishi natijasida ishlab chiqarish hajmi Y1 dan Y2 gacha kamayadi, baholar darajasi esa R1 dan R2 gacha koʻtariladi, ya’ni stagflyatsiya roʻy beradi. Boshqa bir vaziyatda, masalan, narxlarga bogʻliq boʻlmagan omillardan birortasi oʻzgarib, yalpi taklifning oʻzgarishiga olib kelsin. Ya’ni, yerning bahosi pasaysa, korxonalardan olinadigan soliqlar kamaysa va natijasida mahsulot birligiga ketgan sarf-xarajatlar qisqarsa, unda yalpi taklif egri chizigʻi AS1dan AS3 holatga siljiydi. Bunda narxlar muvozanat darajasi P1 dan P3 ga qadar pasayadi va ishlab chiqarishning muvozanatli hajmi Y1 dan Y3 qadar oshadi, ya’ni,
iqtisodiy oʻsish holati roʻy beradi.
Yalpi taklif va yalpi talab oʻrtasidagi muvozanatning buzilishi makroiqtisodiy beqarorlikni keltirib chiqaradi. Jumladan “jahon moliyaviy inqirozining yuzaga kelishida asosiy sabab – moliyaviy resurslar bilan real ishlab chiqarish hajmi oʻrtasidagi mutanosiblikning keskin buzilishi hisoblanishini ta’kidlash lozim. Pul muomalasi qonunlaridan ma’lumki, iqtisodiyot sogʻlom va barqaror amal qilishi
uchun muomalaga chiqarilayotgan pul massasi bilan tovar va xizmatlar ishlab chiqarish real hajmi oʻrtasida muayyan nisbatga amal qilinishi lozim. Biroq, milliy iqtisodiyotlarning baynalminallashuvi va globallashuv jarayonlari pul muomalasining amal qilishiga ham oʻz ta’sirini oʻtkazib, dastlab ayrim mamlakatlar, masalan AQShda, keyinchalik koʻplab mamlakatlarda mazkur qonunga rioya qilishning zaiflashuviga, keyin esa uni umuman e’tiborga olmaslikka qadar olib keldi”12.
Natijada muomaladagi pul massasi (yalpi talab) tovarlar va xizmatlar hajmi oʻrtasida muvozanat buzildi, va moliyaviy inqiroz iqtisodiy inqirozga aylandi.
Shu sababli ham makroiqtisodiy siyosatning asosiy vazifalaridan biri makroiqtisodiy muvozanatni ta’minlashdan iboratdir. Bunda yalpi talab va yalpi taklifning dinamik muvozanatiga erishish uchun yalpi talabni ragʻbatlantirish yoki cheklash siyosati, shuningdek, yalpi taklifni ragʻbatlantirish siyosati qoʻllaniladi.
Yalpi talabni ragʻbatlantirish siyosatining koʻrinishlariga daromadlarni oʻstirish, soliqlarni kamaytirish, bank kreditlarini arzonlashtirish, narxlarni cheklash tadbirlari kirsa, yalpi taklifni ragʻbatlantirish siyosatida investitsiyalarni ragʻbatlantirish, ishlab chiqaruvchilarga soliq yukini pasaytirish, eksportchilarni qoʻllab- quvvatlash va h.k. choralar kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |