Vertikal yoki klassik kesmada iqtisodiyot toʻliq bandlik sharoitiga yoki ishsizlikning tabiiy darajasi sharoitiga erishgan vaziyatni koʻramiz. Iqtisodiyot egri chiziqning bu kesmasida oʻzining ishlab chiqarish potensiali darajasida boʻladi. Bu shuni bildiradiki, baholarning har qanday oshishi ishlab chiqarish hajmining oshishiga olib kelmaydi. Chunki, iqtisodiyot toʻliq quvvatda faoliyat koʻrsatayapti. Toʻliq bandlik sharoitida ayrim firmalar boshqa firmalarga nisbatan resurslarga yuqoriroq baholarni taklif etish orqali ishlab chiqarish hajmini oshirishga harakat qiladi. Ammo, bunday holatda ayrim firmalarning resurslar va ishlab chiqarish hajmini oshirishi, boshqalar uchun yoʻqotishga olib keladi. Natijada bu mahsulotlar bahosi oshishi mumkin, lekin ishlab chiqarishning real hajmi oʻzgarmay qoladi.
Klassik nazariyada yalpi taklifni tahlil qilish quyidagi shartlarga tayanadi:
ishlab chiqarish hajmi faqatgina ishlab chiqarish omillari hajmiga va texnologiyalarga bogʻliq va baholar darajasiga bogʻliq emas;
ishlab chiqarish omillari va texnologiyalarda oʻzgarish sekinlik bilan roʻy beradi;
iqtisodiyot toʻliq bandlik sharoitida amal qiladi, ya’ni ishlab chiqarish hajmi potensial darajaga teng;
baholar va nominal ish haqi oʻzgaruvchan, ularning oʻzgarishi bozorlarda muvozanatni ta’minlab turadi.
Oraliq kesma – ishlab chiqarish real hajmining oʻsishi narxlar darajasining oʻsishiga mos ravishda oʻsib boradi. Nima uchun? Chunki, iqtisodiyotning pasayish holatidan toʻliq bandlikka oʻtishi notekis va turli vaziyatlarda roʻy beradi. Masalan, ayrim tarmoqlarda resurslarning yetishmasligiga duch kelinsa, boshqa tarmoqlarda hozircha ortiqcha resurslar mavjud boʻladi. Shuningdek, ular ishlab chiqarishni kengaytirish uchun yangi asosiy vositalar sotib olish va malakasiz mutaxassislardan foydalanishiga toʻgʻri keladi. Bu esa mahsulotlar birligiga ketadigan xarajatlarning oshishiga va natijada baholar darajasining oʻsishiga olib keladi.
Ishlab chiqarish hajmi koʻpayishi yoki kamayishi bahoga bogʻliq boʻlmagan omillar hisobiga ham roʻy berishi, bu omillar esa yalpi taklif egri chizigʻini oʻng yoki chap tomonga siljitishi mumkin. Bahoga bogʻliq boʻlmagan omillarning xususiyati shundaki, ular mahsulot birligiga ketgan xarajatlarga bevosita ta’sir qiladi va shu orqali jami taklif egri chizigʻining siljishiga sabab boʻladi.
Bu omillarga texnologiyalardagi oʻzgarishlar, ishlab chiqarish omillari miqdorining oʻzgarishi, resurslar baholarining oʻzgarishi, firmalarni soliqqa tortishdagi oʻzgarishlar va boshqalar kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |