Makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash borasidagi chora tadbirlarning muhim qismi aksilinflyatsiya siyosatidir.
Aksilinflyatsiya siyosati – baholar umumiy darajasini barqarorlashtirish, inflyatsion keskinlikni yumshatishga yoʻnaltirilgan makroiqtisodiy siyosat.
Aksilinflyatsiya siyosati inflyatsiyani yuzaga keltirgan sabablarni tugatishga qaratilgan faol va inflyatsiya sharoitlariga moslashishga qaratilgan passiv koʻrinishda boʻlishi mumkin.
Aksilinflyatsiya siyosati oʻz ichiga quyidagilarni oladi:
yalpi talabni tartibga solish;
yalpi taklifni tartibga solish.
Keynschi iqtisodchilar birinchi yoʻnalish tarafdorlari boʻlib, ular davlat buyurtmasi va arzon kredit hisobiga samarali talabni shakllantirish asosida yalpi taklif darajasini koʻtarish mumkin deb hisoblashadi. Hukumatning bu tadbirlar iqtisodiy pasayishni qisqartiradi va ishsizlikni kamaytiradi.
Ammo bunday aksilinflyatsiya siyosati davlat byudjeti taqchilligini yuzaga keltiradi va qoʻshimcha pul emissiyasiga ehtiyoj tugʻdiradi. Keyns davlat byudjeti taqchilligini davlat tomonidan olinadigan uzoq muddatli qarzlar hisobiga qoplashni taklif etgan.
“Aksilinflyatsiya siyosatining monetaristik yoʻnalishi tarafdorlari keyinchalik, keynschilarning inflyatsiyaga qarshi kurash boʻyicha takliflari doimo samara beravermagach va kamchiliklari yuzaga chiqib qolgach yuzaga keldi. Jumladan, bir qator mamlakatlarda davlat qarzi haddan oshib ketdi. Bunday sharoitda monetaristlar radikal aksilinflyatsiya usullarini taklif etishdi. Ular yalpi talabni konfiskatsiya tipidagi pul islohoti oʻtkazish hisobiga cheklash va byudjet taqchilligini ijtimoiy dasturlarni qisqartirishni kamaytirishni taklif etishdi”*.
Monetaristlar inflyatsiya aynan pul bilan bogʻliq hodisa boʻlganligi sababli shok terapiyasi pul massasining oʻsish sur’atlarini keskin
* Агапова Т.А.Серегина С.Ф. Макроэкономика:Учебник.-7-е изд.перераб. и доп.-М.:Издательство “Дело и сервис”, 2005. с. 214.
qisqartiradi va inflyatsiya sur’atlarini tushiradi deb hisoblashadi. Ammo bunda ishlab chiqarish keskin pasayishi va bandlilik qisqarishi mumkin.
Konfiskatsiya tipidagi shok terapiyasi koʻrinishlaridan biri boʻlib daromadlarning va baholarning nominal darajalarini oʻzgartirmagan holda eski pullarni belgilangan nisbatda yangisiga almashtirishtirish hisoblanadi.
Bunday tadbirlar aholi tomonidan ogʻir qabul qilinishi sababli,u qisqa muddatda samara berishi zarur.
Monetaristlar tomonidan taklif qilinayotgan aksilinflyatsiya siyosatining yana bir koʻrinishi – inflyatsiya sur’atlarini asta-sekinlik bilan pasaytirib borish (graduallash) usulidir. Bu usulda inflyatsiya sur’atlari pul massasini koʻp marotaba, lekin oz-ozdan kamaytirish orqali pul massasining oʻsish sur’atini pasaytirishni koʻzda tutadi. Graduallash usuli inflyatsiyani asta-sekinlik bilan pasaytira borib iqtisodiyotda chuqur pasayishni oldini olish imkonini beradi.
Graduallash usulini qoʻllash pul massasi va baholar darajasining yillik oʻsish sur’ati 20-30 foizdan oshmaganda muvaffaqiyatli boʻladi, deb hisoblanadi.
Aksilinflyatsiya siyosatining monetar usullarga muqobil boʻlgan variantlaridan biri baholar va daromadlarni tartibga solish siyosatidir. Bu usul daromadlarning oʻsishi va baholarning oʻsishini muvofiqlashtirishni ( adaptiv siyosat) koʻzda tutadi.
Daromadlar va baholarni tartibga solish siyosatini amalga oshirish hukumat tomonidan baholar (narxlar) va daromadlar darajalarini muzlatib qoʻyish, pul koʻrinishidagi ish haqining oʻsishini oʻrtacha mehnat unumdorligining oʻsishiga bogʻlab qoʻyish orqali amalga oshiriladi.
“Soliqlar tarkibini oʻzgartirish, yalpi soliq tushumlaridagi toʻgʻridan-toʻgʻri soliqlarning ulushini kamaytirish, bilvosita soliqlar ulushini koʻpaytirish, soliq stavkalarini pasaytirish, ularning ragʻbatlantirish funksiyalarini kuchaytirish, davlat byudjeti xarajatlarini pasaytirish kabilar ham inflyatsiyaga qarshi kurash tadbirlari hisoblanadi”*.
Киселёва Е.А. Макроэкономика. /Экспресс курс:учебное пособие- М.:КНОРУС,2007, с.62.
Aksilinflyatsiya siyosatining u yoki bu turini tanlash inflyatsiya jarayonlarining xususiyatiga bogʻliq.
Inflyatsiyaning yuqori sur’atlarini oldini olish uchun hukumat quyidagilarni ta’minlashi kerak:
samarali soliq tizimini va davlat xarajatlarining baqarorligini;
pul massasi va milliy daromadning bir maromdagi oʻsish sur’atlarini;
inflyatsiyani import qilishga yoʻl qoʻymaslik.
Har qanday inflyatsiyaning negizida asosiy iqtisodiy muvozanatlarning buzilishi yotadi. Shu sababli inflyatsiyaga qarshi kurash — uni shunchaki bostirish emas, balki iqtisodiyotda vujudga kelgan nomutanosiblikni bartaraf etishga qaratilgan baquvvat tarkibiy siyosatini amalga oshirishdir. Bir qator chet mamlakatlarning inflyatsiyaga qarshi kurash tajribasi shuni koʻrsatdiki, ular inflyatsiya bilan iqtisodiyot tarkibiy tuzilishining buzilishi bir-biriga chambarchas bogʻliq ekanligini anglagan holda, muomala sohasini qat’iy boshqarish va toʻlovga qobiliyatli ortiqcha umumiy talabni bartaraf etish bilangina cheklanmadilar. Muayyan maqsadlarga qaratilgan yirik investitsiya dasturlarini ishlab chiqdilar va amalga oshirdilar. Bu dasturlar ana shu nomutanosiblikni tugatish va, binobarin, inflyatsiyani keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish imkonini berdi.
Keyingi yillarda jahon bozorida narxlar darajasining keskin oshib borayotganligi aksilinflyatsiya siyosatini yanada takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirdi.
Oʻzbekiston Respublikasida qabul qilingan Inqirozga qarshi chora- tadbirlar dasturida koʻzda tutilgan vazifalarni amalga oshirish, jumladan ishlab chiqarishni modernizatsiya va texnik qayta qurollantirishni izchil davom ettirish, energetika tizimini modernizatsiya qilish, asosiy sanoat tarmoqlarida mahsulot tannarxini 20 foizga qisqartirish, kommunal xizmatlar baholari oʻsishini cheklash mexanizmini shakllantirish, bank tizimini yanada takomillashtirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va h.k.lar inflyatsiya sur’atlarini cheklash imkonini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |