Sifatni qalbakilashtirishda tovarlar tashqi koʻrinishni (organoleptik xossalarni) yaxshilaydigan, lekin tovarning sifat koʻrsatkichlarini pasaytirishi aniq boʻlgan turli qoʻshimchalar yordamida qalbakilashtiriladi. Sifatni qalbakilashtirish uchun koʻpincha ishlab chiqarish texnologiyasi va nomenklaturada nazarda tutilmagan turli boʻyoq moddalardan, furnituradan, tolalardan foydalaniladi. Soxtalashtirishning bu turiga birinchi navli materiallarni ikkinchi navli materiallarga almashtirishni ham kiritish mumkin.
Miqdorni qalbakilashtirish – tovar parametrlarini (massasini, hajmini, uzunligini, qalinligini, qattiqligini va shu kabilarni) yoʻl qoʻyilish mumkin boʻlgan farq meʼyorlaridan ancha oʻzgartirish hisobiga isteʼmolchini aldashdir. Hozirgi vaqtda standartlarda u yoki bu tomonga oʻzgarishlar koʻrsatilmayapti. Tovarning miqdor koʻrsatkichi kamayishi tomoniga yoʻl qoʻyiladigan oʻzgarishlargina tartibga solinmoqda, xolos.
Amaliy faoliyatda qalbakilashtirishning bu turi tarozidan urish yoki oʻlchovda aldash deb ataladi. Bu qalbakilashtirishlarning usullari va vositalari oʻlchanayotgan obyektning miqdor koʻrsatkichlarini hamisha kamaytirgan holda qoʻpol kamchiliklar bilan noaniq oʻlchashlarga asoslangan boʻladi, tovarning narxi esa belgilangan yoki oshirilgan miqdor koʻrsatkichlari boʻyicha hisob-kitob qilinadi. Miqdorni qalbakilashtirish xaridorni aldashning eng qadimiy usullaridan biri boʻlib, u sohtalashtiruvchidan maxsus bilimlar talab qilmaydi. Miqdorni qalbakilashtirishda quyidagilardan foydalaniladi:
1) yasama oʻlchov vositalari (toshlar, metrlar, oʻlchov idishi);
2) noaniq ishlaydigan texnik oʻlchov qurilmalari (tarozilar, priborlar va shu kabilar) yoki sezgirligi ancha past boʻlgan oʻlchov qurilmalari;
3) maxsus usullar va/yoki xaridorga ruhiy taʼsir koʻrsatish;
4) tovarni notoʻgʻri oʻlchash.
Yasama yoki noaniq ishlaydigan oʻlchov vositalari – bu tovarning miqdorini qalbakilashtirishning hammadan keng tarqalgan usulidir. Bunda davlat metrologiya xizmatlari tomonidan bosiladigan va beriladigan tekshiruv tamgʻalari hamda guvohnomalari boʻlmagan yasama oʻlchov vositalaridan (toshlar, metrlar, oʻlchov idishi va boshqalar) va priborlardan (tarozilar va shu kabilar) foydalaniladi.
Toshlar, tarozilar, metrlardagi tekshiruv tamgʻalarida sana qoʻyilmaganligi yohud uning muddati oʻtganligi oʻlchov vositalari yasama, deb aytish uchun asos boʻladi va oson tekshiriladi.
Tovarni tayyorlovchilar yoki sotuvchilar foydalanadigan nosoz priborlar va qadoqlash uskunasi ham noaniqlik, qoʻpol xatolarning sababi boʻlishi mumkin.
Sotuvchi yoki tayyorlovchi tomonidan qoʻllaniladigan oʻlchov uslublarining notoʻgʻriligi ham oʻlchash vaqtida qoʻpol xatolarga sabab boʻlishi mumkin boʻlib, bu tarozidan urishga, kam oʻlchashga olib keladi. Bunda oʻlchovni amalga oshirayotgan subyektning harakatlari ataylab qilingan va ataylab qilinmagan boʻlishi mumkin.
Ataylab qilinmagan hollarda miqdorni qalbakilashtirishga mutaxassisning oʻlchov priborlari bilan ishlay olmasligi sabab boʻladi. Miqdorni qalbakilashtirish ishlab chiqarishda tovarlarni qadoqlash yoki idishlarga quyish vaqtida amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |