Texnologik qalbakilashtirishda tovarlarni qalbakilashtirish ishlab chiqarishning texnologik sikli jarayonida amalga oshiriladi. Ip gazlamalar ishlab chiqarishda viskoza tolalaridan foydalanish texnologik qalbakilashtirishning yorqin misoli boʻlib xizmat qilishi mumkin. Shuningdek, turli qoʻshimchalarni qoʻshib, ularni tamgʻada koʻrsatmaslik va shu kabilar ham texnologik qalbakilashtirishga kiradi.
Realizatsiya qilishdan oldingi qalbakilashtirishda tovarlar ularni sotishga tayyorlash yoki isteʼmolchiga berish vaqtida qalbakilashtiriladi. Bular, masalan, taniqli firmaning telefoni qilib koʻrsatilayotgan mobil telefonni realizatsiya qilish vaqtida uni ishlab chiqargan firmaning nomini almashtirib qoʻyishdir; toifasi va navlari past boʻlgan tovarlarni nisbatan yuqori darajali tovarlar narxida va shu yuqori darajalarni koʻrsatgan holda sotish va boshqalardir.
4.5. Qalbakilashtirish oqibatlari
Nooziq-ovqat tovarlarni qalbakilashtirish gʻarazli maqsadlarda amalga oshirilganligidan va, qoida tariqasida, hamma vaqt qonunsiz daromad olishga qaratilganligidan, bozor munosabatlarining turli subyektlari uchun (xaridor va ishlab chiqaruvchi uchun) sohta tovarlarni tayyorlash, realizatsiya qilish va isteʼmol qilish turlicha oqibatlarga olib keladi. Lekin ularning hammasi muayyan xatar va yoʻqotishlar bilan bogʻliq. Turgan gapki, isteʼmolchilar hammadan koʻp xatarga duch keladilar va qalbakilashtirishdan eng katta zarar koʻradilar. Bunda isteʼmolchining xatarlarini quyidagi guruhlarga boʻlish mumkin:
1) iqtisodiy oqibatlar (oz miqdordagi tovar uchun koʻp pul sarflash; isteʼmolga yaroqsiz boʻlgan mahsulotni xarid qilish va shu kabilar);
2) organizmga zarar yetishi (zaharlanish, yangi kasallik paydo boʻlishi, mavjud kasallikning kuchayishi, genetik buzilishlar, onkologik kasalliklar shakllanishi, oʻlim va shu kabilar);
3) odamga maʼnaviy zarar yetishi (tushkunlik kayfiyati, stress, odamlarga ishonchning yoʻqolishi, davlatga ishonchning yoʻqolishi va shu kabilar).
Qalbakilashtirish oqibatida faqat yakka isteʼmolchigina emas, butun jamiyat ham katta zarar koʻradi.
Assortimentni va sifatni qalbakilashtirish keng tarqalgan taqdirda bozorda koʻp miqdorda odam uchun xavfli boʻlgan mahsulotlar paydo boʻlib, natijada quyidagilar kelib chiqadi:
1) koʻplab jamiyat aʼzolarining salomatligini yoʻqotishi xavfi;
2) odamlarning umri qisqarishi;
3) kasalliklar va zaharlanishlardan oʻlish hollarining koʻpayishi;
4) alohida odamlarning ham, butun jamiyatning ham maʼnaviy zavol topishi;
5) boshqa davlatlar va xalqlarning qalbakilashtirish avj olgan mamlakatlarga ishonchi pasayishi.
Tovarlar sohtalashtirilganida tabiiy, xom ashyo va mehnat resurslaridan oqilona foydalanilmaydi, chunki, sifatsiz tovarlar ishlab chiqarishga ham xom ashyo, yoqilgʻi-energetika resurslari, tabiiy materiallar va odamlarning mehnati sarflanadi. Oldi-sotdi obyektlarini qalbakilashtirish yoʻli bilan aldashning keng tarqalishi alohida fuqarolarning ham, butun jamiyatning ham maʼnaviy-axloqiy negizlari qulaganligidan dalolat beradi.
Yakka isteʼmolchi va jamiyatdan farqli oʻlaroq, sohtalashtiruvchi-tayyorlovchilar va sotuvchilar sohtalash-tirilgan tovarlarning narxlari asossiz ravishda qimmat boʻlishi hisobiga qonunsiz foyda oladilar. Zotan mana shu qonunga xilof harakatlarning hammasi foyda olish uchun qilinadi. Mana shularning hammasini bilgan davlat rahbarlari va ularning oila aʼzolari chakana savdoda realizatsiya qilinadigan tovarlarni isteʼmol qilmaganlar va isteʼmol qilmaydilar. Buning oʻrniga ular uchun maxsus korxonalar boʻlib, bu korxonalarda faqat sohtalashtirilmagan mahsulotlar ishlab chiqarilgan va ishlab chiqarilmoqda. Shu tariqa jamiyatda har turli qalbaki narsalardan foydalanuvchilarga va natural tovarlarni isteʼmol qiluvchilarga boʻlinish yuz bergan.
Albatta, sohtalashtiruvchilar ham xatarga duch keladilar, chunki tovar sohtalashtirilganligi maʼlum boʻlib qolgan taqdirda ularga tegishli jarimalar solinadi, agar sohtalashtirilgan tovar foydalanish uchun yaroqli boʻlsa, uning haqiqiy nomini isteʼmolchiga yetkazish maqsadida tovarni qaytadan tamgʻalash, narxlarini pasaytirish haqida koʻrsatmalar beriladi, lekin bu sohtalashtiruvchi sohtalashtirilgan mahsulotni chiqarishni va realizatsiya qilishni toʻxtatishiga olib kelmaydi.
Aksincha, sohtalashtiruvchi oʻzi toʻlashi kerak boʻladigan jarimalar arzimas miqdorda ekanini va juda katta miqdorda daromad olishi mumkinligini bilgan holda oʻz “faoliyatini” davom ettirishni maʼqul koʻradi.
Agar ilgari bizning bozorimizda faqat oʻzimizning yoki MDH mamlakatlarining sohtalashtiruvchilari uchrab turgan boʻlsa, hozir koʻpgina chet el firmalari sohtalashtirilgan mahsulotni chiqarib, uni bizning bozorimizda sotmoqda.
Xoʻsh, nima qilish kerak? Mahsulot xarid qilish vaqtida uning sohtalashtirilganligini bilib olishning eng oddiy usullarini egallagan isteʼmolchi ham, yuqori malakali tovarshunos-ekspert ham bozorimizni “qoʻriqlashi kerak”. U yoki bu tovarlarni qalbakilashtirish vositalari va usullarini bilish, shuningdek tovarlarni xarid qilish vaqtida yoki uy sharoitida sohtalashtirilgan tovarlarni aniqlash mumkinligi koʻpgina isteʼmolchilarni tasodifiy sotuvchilar va tashkil etilmagan bozorlardan ham, qimmat narxli doʻkonlardan ham, hatto narxlari arzon boʻlsa ham, bunday tovarlarni sotib olishdan voz kechishga majbur qiladi.
4.6. Parfyumeriya mahsulotlarini identifikatsiyalash va qalbakilashtirish
Identifikatsiya maʼlum bir mahsulotning namunasi va tavsifiga muvofiqligini aniqlash tartibini anglatadi, yaʼni. bu haqda eʼlon qilingan maʼlumotlar va ushbu turga qoʻyiladigan asosiy talablar.
Maqsadga qarab, identifikatsiyalashning quyidagi turlari ajratiladi: assortiment (oʻziga xos), sifat va mahsulot partiyasi.
Assortimentni identifikatsiyalash – bu mahsulot nomining unga qoʻyiladigan talablarni belgilaydigan assortimentga muvofiqligini oʻrnatish. Ushbu turdagi identifikatsiya mahsulotning barcha turdagi baholash faoliyatida oʻz nomiga muvofiqligini tasdiqlash uchun ishlatiladi, ammo bu tovarlarni sertifikatlashda alohida ahamiyatga ega. Turlarning identifikatsiyasi, shuningdek, sohtalashtirish deb taʼriflangan nomuvofiqlikni aniqlash usuli boʻlib xizmat qiladi.
Sifatni identifikatsiyalash — bu meʼyoriy hujjatlar bilan belgilangan sifat talablariga muvofiqligini aniqlash. Ushbu turdagi identifikatsiya qilish ruxsat etilgan va ruxsat etilmaydigan nuqsonlarning mavjudligini, shuningdek etiketkada va / yoki unga qoʻshilgan hujjatlarda koʻrsatilgan tijorat darajasiga muvofiqligini aniqlashga imkon beradi. Bunday identifikatsiyalash bilan sifat gradatsiyasi oʻrnatiladi: standart yoki nostandart.
Mahsulot partiyasini identifikatsiyalash — bu faoliyatning eng qiyin turlaridan biri boʻlib, uning davomida tovarlarning taqdim etilgan qismining maʼlum bir partiyaga tegishli boʻlishi belgilanadi. Qiyinchilik jihati shundaki, aksariyat hollarda identifikatsiyalash uchun mezon ishonchli emas yoki umuman yoʻq .
Assortimentni identifikatsiyalash bojxona faoliyatida eng katta ahamiyatga ega. Bizning bozorimizga sohta assortimentni noqonuniy ravishda olib kirmoqchi boʻlgan qonun buzuvchilar, boshqalar qatori, soliq stavkasini pasaytirish, yaʼni davlat byudjetga tegishli mablagʻni toʻlamaslik kabi maqsadni koʻzlaydilar. Bundan tashqari, bunday mahsulotlar inson hayoti va sogʻligʻi uchun xavfli boʻlishi mumkin, chunki ular ishlab chiqarish jarayonida tegishli nazoratdan oʻtmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |